Avval, 21–23 fevral kunlari Buxoro shahrida “I Xalqaro ziyorat turizmi forumi” o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Anjumanda o‘nlab davlatlardan olimlar, ulamolar, turizm sohasi sarmoyadorlari, xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari xalqaro forumda ishtirok etish uchun bugun, 21 fevral kuni erta tongda Buxoro shahriga yetib keldilar.
Muftiy hazratlari viloyatga safarlarini xayrli ish bilan boshladilar. Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida yangi qurilayotgan jome masjidning birinchi g‘ishtini qo‘yib berish uchun mazkur tumanga tashrif buyurdilar. Aytish mumkinki, ushbu tumanda shu kunga qadar birorta ham masjid yo‘q edi. Yangi jomening qurilishi hudud aholisi uchun juda katta xursandchilik va tarixiy voqea bo‘ldi.
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi yangi jome masjidga yirik muhaddis Abdulloh ibn Muborak nomlari berildi. Jome masjid poydevoriga birinchi tamal toshini muftiy hazratlari yaxshi tilak va xayrli duolari ila qo‘yib berdilar. Muftiy hazratlari ushbu masjid mo‘min-musulmonlar ehtiyoji, yoshlar tarbiyasi yo‘lida katta xizmat qilishi, bunday ulug‘ savobli ishga hissa qo‘shgan viloyat va tuman hokimliklari hamda mutasaddilari haqqiga duolar qildilar. Yangi jome masjid qurilishi tez orada yakunlanib, mo‘min-musulmonlarimiz ixtiyoriga topshirilishini Alloh taolodan so‘radilar.
Marosimda ulamolar, mahalla faollari va mo‘ysafid otaxonlar ham ishtirok etdilar. Shuningdek, ulamolar, nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht quydilar.
Muftiy hazratning Buxoro viloyati safarlari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.
"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.