Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

22.02.2019 y. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarga g‘amxo‘rlik

15.02.2019   5789   15 min.
22.02.2019 y. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarga g‘amxo‘rlik

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "تَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ

IJTIMOIY HIMOYAGA MUHTOJLARGA G‘AMXO‘RLIK

(“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”)

Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dinimizda o‘zaro mehribonlik, saxiylik, qiynalgan kimsaga yordam berish va hojatbarorlik kabi xislatlarga keng targ‘ib qilinadi. Darhaqiqat, inson nafaqat o‘zi haqida o‘ylashi, balki o‘zgalar dardi bilan ham hamnafas bo‘lib yashashi kerak. Chunki, Alloh taolo chin mo‘min-musulmonlarni Qur’oni karimda shunday ta’riflagan:

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ  

ya’ni: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).

Yana bir oyati karimada shunday keladi:

وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاءُ بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنْكَرِ

ya’ni: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar...” (Tavba surasi, 71-oyat).

Bu borada Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam ham o‘z ummatlarini sifatlab shunday deganlar:

الْمُؤْمِنُ لِلْمُؤْمِنِ كَالْبُنْيَانِ يَشُدُّ بَعْضُهُ بَعْضًا

رواه الإمام البخاري

ya’ni: “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini mustahkam tarzda ushlab turgan bino singaridir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, biz jamiyatda yashar ekanmiz, kundalik hayotimizda qo‘ni-qo‘shni, do‘stu yorlar va turli insonlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Ularning orasida boshiga musibat tushgan, qarzga botgan, og‘ir dardga uchragan va boshqa qiyinchiliklarga duch kelgani bo‘ladi. Bunday holatdagi insonlarni dardini eshitish va imkon darajasida ko‘mak berish mo‘minlik vazifasi hisoblanadi.

Bu haqda Shayx Sa’diy Sheroziy rahmatullohi alayh  ham “Guliston” kitobida  quyidagi ibratli baytni keltirgan:

                بَنِیْ آدَمْ أَعْضَائِ یَکْدِیْگَرَنْدْ                   کِه دَرْ آفَرِیْنَشْ زِیَکْ گَوْهَرَنْدْ

               چُو عُضْوِی بَه دَرْدْ آوَرَدْ رُوزْ گَارْ              دِگَرْ عُضْوْهَا رَا نَمَانَدْ قَرَارْ

               تُو کَزْ مِحْنَتِ دِیْگَرَانْ بِی غَمِی                  نَشَایَدْ کِه نَامَتْ نِهَنْدْ آدَمِ

ya’ni:   Bani odam a’zolari go‘yo bir tandir

Chunki azal yaratilish bir gavhardandir

Qachoniki bir a’zoga og‘riq yetadi

Boshqa hamma a’zolardan tinchlik ketadi

Gar o‘zgalar tashvishi-yu g‘amin yemassan

Odamiylik ismiga xech loyiq emassan.

Imkoniyatimiz bor ekan, iloji boricha o‘zgalarga manfaatimiz tegadigan, va muhtojning hojatini chiqaradigan ishlarni qilib olishimiz kerak bo‘ladi.

Alloh taolo “Munofiqun” surasida shunday degan:

وَأَنْفِقُوا مِنْ مَا رَزَقْنَاكُمْ مِنْ قَبْلِ أَنْ يَأْتِيَ أَحَدَكُمُ الْمَوْتُ فَيَقُولَ رَبِّ لَوْلَا أَخَّرْتَنِي إِلَى أَجَلٍ قَرِيبٍ

فَأَصَّدَّقَ وَأَكُنْ مِنَ الصَّالِحِينَ

ya’ni: “Sizlarning (har) biringizga o‘lim kelganda: “Ey, Rabbim! Meni ozgina (tirik) qoldirsang-chi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!” – deb qolishidan ilgari Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilingiz”! (Munofiqun surasi, 10-oyat).

Kuch-quvvatning borida, molu-dunyoning yetarligida hech narsa xayolga kelmay, sadaqa qilishni esga ham olmay, yurib-yurib, o‘lim elchisi eshik qoqib kelganda Allohga yolborib “Meni ozgina (tirik) qoldirsang-chi, men sadaqa qilib, solih (banda)lardan bo‘lsam!”, degandan foyda yo‘q. Balki yoshlikda, kuch-quvvatning borida ibodatlarni o‘rnida ado etib, xayr-ehsonni qilib, o‘zgalarning hojatini chiqarib solih kimsalardan bo‘lib olish kerak. Ana o‘shanda o‘lim elchisi kelsa, hech narsadan qo‘rqmay, hech narsaga afsus qilmay kutib olinadi. Demak, vaqtida Alloh taolo bergan rizqdan joyini topib infoq qilib qolish kerak. Keyin esa kech bo‘ladi.

Payg‘ambirimiz sallalohu alayhi vasallam boquvchisi yo‘q va  miskinlarga yordam bergan kimsa haqida shunday deganlar:

السَّاعِي عَلَى الأَرْمَلَةِ وَالْمَسَاكِينِ كَالْمُجَاهِدِ فِي سَبِيلِ اللَّهِ ، وَكَالَّذِي يَصُومُ النَّهَارَ وَيَقُومُ اللَّيْلَ

ya’ni: “Beva va miskinlarni boqish yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi kishi xuddi Alloh yo‘lida jiddu jahd qiluvchi kishidek va kunduzi ro‘zador kechasi esa ibodatda qoim bo‘lgan kishidek (ajr-savobga ega bo‘ladi) (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Qavmu qarindosh va mahalla ko‘y ichida boquvchisi yo‘q, qiynalganlarga taom berish, ularni holidan xabar olib mashaqqat va tashvishlarini aritish ham mo‘minning og‘irini yengil qilishga kiradi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday deganlar:

وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا، ...وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ

  رواه الإمام الطبراني

ya’ni: Bir birodarimning hojatida yurish men uchun mana bu masjidda (ya’ni Masjidi Nabaviyda) bir oy e’tikof o‘tirishdan yaxshiroqdir. Kim birodarining hojatini ravo qilib bergunigacha u bilan birga yursa, Alloh uni qadamlar toyiladigan kunda (qiyomat kunda) sobitqadam qiladi (qadami toyilmaydi) (Imom Tabaroniy rivoyati).

        Nafaqat moddiy yordam balki, ma’naviy yordamga muhtojlarni ham e’tiborimizdan chetda qoldirmasligimiz kerak. Qavmu qarindosh va mahalla-ko‘y ichida adashib, noto‘g‘ri yo‘llarga kirib qolgan kimsalarga yordam qo‘limizni cho‘zib, ular bilan samimiy munosabatda bo‘lishimiz lozim. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam shunday dedilar:

مَنْ دَعَا إِلَى هُدًى كَانَ لَهُ مِنْ الْأَجْرِ مِثْلُ أُجُورِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْئًا، وَمَنْ دَعَا إِلَى ضَلَالَةٍ كَانَ عَلَيْهِ مِنْ الْإِثْمِ مِثْلُ آثَامِ مَنْ تَبِعَهُ لَا يَنْقُصُ ذَلِكَ مِنْ آثَامِهِمْ شَيْئًا

 رواه الإمام مسلم

 ya’ni: “Kim odamlarni hidoyat yo‘liga chaqirsa, unga  o‘ziga ergashganlarning ajrlaricha savob bo‘ladi. Kim odamlarni zalolat yo‘liga chaqirsa, Unga  o‘ziga ergashganlarning gunohlaricha gunoh bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati). Yana bir hadislarida shunday dedilar:

وَاللهِ لَأَنْ يَهْدِيَ اللهُ بِكَ رَجُلاً وَاحِداً خَيْرٌ لَكَ مِنْ أَنْ يَكُونَ لَكَ حُمُرُ النعم

رواه الإمام البخاري

ya’ni: “Allohga qasamki, sen tufayli bir kishining hidoyat topishi sen uchun qizil tuyalaring  bo‘lishidan yaxshidir” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, har birimiz moddiy va ma’naviy ko‘makda bardavom bo‘lsak yuqorida bayon qilingan ulkan savoblarga yerishamiz.

Eng savobli ishlardan yana biri yetimni kafolatiga olishdir. Bunga beriladigan ajru mukofotlar haqida Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallamdan ko‘plab hadislar kelgan. Jumladan u zot mashhur hadislarida shunday deganlar:

أَنَا وَكَافِلُ الْيَتِيمِ فيِ الْجَنَّةِ هَكَذَا وَأَشَارَ بِالسَّبَّابَةِ وَالْوُسَطَى وَفَرَّجَ بَيْنَهُمَا

رواه الإمام البخاري

ya’ni: “Men va yetimni o‘z qaramog‘iga olgan kishi jannatda mana shunday yonma-yon turamiz”, - deb ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlari orasini ochib ko‘rsatdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Muhtaram azizlar! Mav’izamiz davomida Farzandlarning moddiy-ma’naviy ta’minoti otaning zimmasiga vojibligi haqida suhbatlashamiz.

Keyingi paytlarda yetimning boshini silab, savob topish o‘rniga tirik yetimlarni ko‘paytirib o‘z farzandlarini ta’minlamayotgan otalar uchramoqda. “Tirik yetim” deganda otasi tirik bo‘laturib, farzandlarini tashlab ketgan, ularni nafaqasiz, tarbiyasiz, qiyin sharoitda yashashga majbur qilgan insofsiz, vijdonsiz, otalarning farzandlari tushuniladi. Axir o‘zining rohatini ko‘zlab, oilasini va sag‘ir-sag‘ira farzandlarini qarovsiz qoldirib ketayotgan insonlarni komil musulmon deb bo‘ladimi!?

Jamiyatda gohida oilalarning buzilishi ham uchrab turadi. Shunda bolalar yo otasiz, yo onasiz o‘sishga majbur bo‘ladi. Xo‘sh, mana shunday holatda bolalarni kim ta’minlashi kerak? Bolani o‘zi bilan olib ketgan onami, yoki boladan ajralgan otami?

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deb marhamat qiladi:           

...   وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ...

ya’ni: “...Ularni (onalarni) me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi, 233-oyat). Bu oyat taloq oyatlaridan keyin kelgan bo‘lib, oyatda bolaning onasi haqida gap ketgan bo‘lsa ham (ya’ni taloq qilingan xotin bolani emizib turgani uchun, er uni yedirib-ichirib, kiyintirib turadi), bu o‘rinda bolani ta’minlash kerakligi xotinni ta’minlashdan ham ko‘ra ustunroq turadi. Qur’oni karimning boshqa bir oyatida:

...فَإِنْ أَرْضَعْنَ لَكُمْ فَآَتُوهُنَّ أُجُورَهُنَّ...

ya’ni: “...Bas, agar (taloq qilgan ayollaringiz) sizlar uchun (bola) emizsalar, u holda ularning haqlarini beringiz!...”, deyilgan (Taloq surasi, 6-oyat). Bu oyatda ham otalarga taloq qilgan xotinlari bolalarini emizgani  uchun haq to‘lash buyurilmoqda. “Muxtasarul viqoya” kitobida: “Bolalarning nafaqasi otasining zimmasida, unga hech kim bu ishda sherik bo‘lmaydi (ya’ni, yordam bermaydi)”, – deyiladi.

Afsuski, keyingi vaqtlarda ayrim kishilar o‘z farzandlari oldidagi otalik burchlarini anglab yetmasdan nafaqat dinimiz ko‘rsatmasiga amal qilmay gunohkor bo‘lmoqda, balki davlatimizning qonuni oldida ham javobgarlikka tortilmoqda. Natijada zimmalaridagi moddiy ta’minoti pullarini (alimentlarni) majburiy ravishda undirishgacha borilmoqda. Bu esa, farzandlar oldidagi ota-onaning burchlari borasidagi milliy va diniy qadriyatlarimizga e’tiborning sustlashgani farzandlarimizni komil inson sifatida tarbiya qilishimizga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ota mehri va e’tiborisiz nosog‘lom muhitda ulg‘ayayotgan, moliyaviy cheklanganligi tufayli qo‘shimcha ta’lim-tarbiya olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bolalarimizning soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, hozirgi kunda tegishli tashkilotlar tomonidan belgilanayotgan nafaqalar (aliment)dan ota bosh tortishi joiz emas, balki bolasini moddiy va ma’naviy jihatdan ta’minlash shar’an uning burchidir. Alloh taolo barchamizni o‘z zimmasidagi burchlarni to‘liq bajaruvchi bandalaridan qilsin. 

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning fiqhiy masalalar qismida  tayammumga oid ba’zi hukmlarni bayon qilamiz. Tayammum arabcha so‘z bo‘lib, “qasd qilish” degan ma’noni bildiradi. Shariatimizda esa poklanish maqsadida yer jinsidan bo‘lgan pok narsa bilan tahorat qilishni qasd qilib, yuzga va qo‘lga surtishdir. Yer jinsidan bo‘lgan pok narsa deganda -  tuproq, qum, tosh va shu kabilar tushuniladi. Tayammum tahorat va g‘uslning o‘rniga o‘tadi.

Tayammum quyidagicha qilinadi:

  • Dastlab tahoratsizlikni ketkazishni niyat qilib, pok yer jinsini topadi;
  • keyin ikki qo‘lini unga urib, yuzini barcha joyiga surtadi;
  • keyin yana qo‘llarini unga uradi va chap qo‘l kaftining ichi bilan o‘ng qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi, o‘ng qo‘l kaftining ichi bilan chap qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi. Tayammum qilish joiz bo‘lishi uchun odam suv ishlatishdan ojiz bo‘lishi kerak.

Suvdan ojiz bo‘lish turlicha bo‘lishi mumkin:

  • Suv ≈2 km.dan uzoqda bo‘lishi;
  • suv ishlatsa kasal bo‘lishi yoki kasallik ziyoda bo‘lishi;
  • yuvinsa suv yoki havoning sovuqligidan zarar ko‘rishi xavfi aniq bo‘lsa;
  • suv oldida dushman bo‘lsa;
  • tahorat qilsa ichimlik suvisiz qoladigan bo‘lsa;
  • quduq kabi joydan suv olishga kerakli vositalar bo‘lmasa.

Suv topishidan umidi bo‘lgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kechiktirib turishi mustahab hisoblanadi.

Tayammumni namoz vaqti kirishidan oldin qilsa ham bo‘ladi. Suv topilguncha, bitta tayammum bilan xohlagancha namoz o‘qish mumkin.

Ikki hayit yoki janoza namozlariga tahorat qilib kelguncha namozga ulgurmaydigan bo‘lsa, janoza egasidan boshqalar tayammum qilib, namoz o‘qishlari mumkin bo‘ladi (“Al-Muxtor”, “Al-ixtiyor”).

ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida

  1. 06 fevral kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondining logotipi va infografikalari tasviri aks ettirilgan hijriy-milodiy taqvimlari 20 000 nusxada chop etildi.
  2. 08 fevral kuni imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslarni qo‘llab quvvatlash va ularga qulaylik yaratish maqsadida Samarqand, Navoiy, Jizzah, Andijon viloyatlari va Toshkent viloyatining Chirchiq shahridagi markaziy masjidlarida “Surdo online Uzbekistan” loyihasi faoliyatini tashkil qilish uchun jami 31 000 000 (o‘ttiz bir million) so‘mlik kompyuter to‘plamlari, media vositalari va jihozlari, elektr texnika uskunalari va qurilmalari xayriya sifatida taqdim qilindi.
  3. 09 fevral kuni Navoiy shahrida “Siz bizga keraksiz” xayriya tadbiri o‘tkazilib, unda 250 nafar gapirishida va eshitishida nuqsoni bor shaxslarga diniy-ma’rifiy kitoblar, tozalash-yuvish vositalari hamda farzandlariga kurtkalar, jami 23 000 000 (yigirma uch million) so‘mlik xayriya taqdim qilindi.
  4. 13 fevral kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 40 nafar eshitish va gapirish bilan bog‘liq nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun Samarqand viloyatiga sayohat tashkil etilib, unda 21 400 000 (yigirma bir million to‘rt yuz ming) so‘m mablag‘ ajratildi.

Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga va yetimlarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin, hidoyat yo‘lida sobitqadam qilib, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf etsin! 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “BID’AT VA XUROFOTLARGA BЕRILMAYLIK” haqida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

21.07.2025   4954   2 min.
Shayx Alijon qorining singlisi vafoti munosabati bilan ta’ziya

"AlQuran.uz" portali rahbari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi "Qur’on va tajvidni o‘rgatish" bo‘limi boshlig‘i Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdumning singlisi, "AlQuran.uz" portali xodimi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumning opasi, shuningdek, "AlQuran.uz" ilmiy xodimi Abdusamad qorining zavjalari vafoti munosabati bilan marhumaning yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Marhuma al-Azhar universiteti talabasi bo‘lib, Osim qiroatining  Hafs va Shu’ba rivoyatlari hamda "al-Muqaddima al-jazariyya", "Tuhfatul-atfol" va "al-Arba’iyn an-nabaviyya" kabi ko‘plab asarlar bo‘yicha ijoza sohibasi sifatida 20 yildan beri Qur’onga xizmat qilib kelayotgan edi. Xususan, Qur’on ta’limi yo‘lida samarali mehnat qilib, ko‘plab shogirdlarni yetishtirdi.

Shuningdek, "AlQuran" mobil ilovasidagi "Al-Fatiha online" dasturining uztozalaridan bo‘lib, ko‘plab ayollarning qiroatini to‘g‘rilashga o‘z hissasini qo‘shganini alohida e’tirof etish lozim.

Turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori bilan birga uch nafar qiz farzandni tarbiyalab, barchalarini hofizi Qur’on qilib yetishtirdi.

Uzoq vaqt og‘ir dard bilan kurashganiga qaramay, Qur’on xizmatida bardavom bo‘ldi. Bemorlik mashaqqatlariga sabr qilib, Allohdan savob umidida ilm tarqatishdan to‘xtamadi. Shubhasiz, bu go‘zal xotima, ya’ni shahidlikning bir belgisi. Zero, hadisi sharifda bunday deyilgan: "Kim bemor holatda vafot etsa, shahid holda vafot etadi, qabr fitnasidan saqlanadi va ertayu kech jannatdan rizqi kelib turadi" (Ibn Moja rahimhulloh rivoyati).

"Muslim.uz" portali marhumaning akasi Ustoz Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum va ukasi Abdulloh qori Fayzulloh Maxdumga, shuningdek, turmush o‘rtog‘i Abdusamad qori va barcha oila a’zolariga hamdardlik bildiradi.

Alloh taolo marhumaning Qur’on yo‘lida qilgan xizmatlarini qabul aylab, Barzax hayotida va oxiratda Qur’oni karim shafoati bilan mukofotlasin! Qur’on bilan jannatdagi darajalarini yuksak qilsin! Bemorlikda chekkan mashaqqatlari jannatdagi martabasining baland bo‘lishiga sababchi bo‘lsin!

Janoza marosimi ertaga seshanba 22 iyul kuni asr namozida, soat 17:45 da Ustoz Shayx Alijon qorining Jizzax viloyati G‘allaorol tumani Boylarovul qishlog‘idagi xonadonida bo‘lib o‘tadi.

Alloh taolo musibat ahliga sabri jamil ato qilsin! Qazo va qadarga rozi bo‘lishlarida Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Marhumaga quyidagi hadisda zikr qilingan ulug‘ darajalarni tilaymiz: "Qur’on sohibiga o‘qi va ko‘taril va  dunyoda tartil qilganing kabi tartil qil. Albatta, sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir", deyiladi" (Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rahimahulloh rivoyati).