Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
مَثَلُ الَّذِينَ اتَّخَذُوا مِن دُونِ اللَّهِ أَوْلِيَاء كَمَثَلِ الْعَنكَبُوتِ اتَّخَذَتْ بَيْتاً وَإِنَّ أَوْهَنَ الْبُيُوتِ لَبَيْتُ الْعَنكَبُوتِ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ
“Allohni qo‘yib, o‘zga do‘stlar tutganlarning misoli o‘ziga uy tutgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi”. (Allohdan o‘zganing yo‘lini tutganlar, uning uyidan o‘zga uyda yashashni ixtiyor qilganlar o‘zlarining o‘rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini koshki bilsalar edi. Ularning tuzgan tuzumlari xuddi o‘rgimchak uyasiga o‘xshab, o‘ta nimjon ekanini bilsalar edi. Takabburliklari ila Alloh qurib bergan ulug‘vor qasrni inkor etib, o‘rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini bilsalar edi. Bu haqiqatni biladilarmi, bilmaydilarmi — ularga farqi yo‘q.) (Ankabut surasi, 41-oyat).
Alloh taolo bu oyatda O‘zidan boshqalarni do‘st tutib, ulardan yordam so‘rab, boshqalarga sig‘inib, Unga shirk keltirganlarga o‘rgimchak uyasini zarbulmasal qilib keltirmoqda.
O‘rgimchak inining zaifligi nimada ko‘rinadi?
O‘rgimchak in qurib, o‘sha inida yashaydi, uni himoya qiladi. Ammo ushbu in uni issiq-sovuqdan, yomg‘ir-qordan va birorta dushmandan himoya qilolmaydi.
O‘rgimchak uyasi haqida bir necha ilmiy haqiqatlar bor.
Erkak o‘rgimchak uya qura olmaydi. Uyani faqat urg‘ochi o‘rgimchak to‘qiydi. Uning qornida ip yigiruv a’zosi bo‘lib, bunday a’zo erkak o‘rgimchaklarda yo‘q.
Urg‘ochi o‘rgimchak voyaga yetib, ko‘payish payti yaqinlashganda, in to‘qishni boshlaydi. Ushbu in erkak o‘rgimchakni o‘ziga jalb etish vositasi hisoblanadi. U o‘z uyasini o‘ta sezuvchan bo‘lishi uchun geometrik shaklda, rejali tarzda, katakli qilib to‘qiydi. Natijada bunday uya tashqaridagi biror harakatni darhol sezadigan, tovush tebranishlari ta’sirida titraydigan bo‘ladi. Uyasini to‘qish jarayonida unga yopishqoq yelim modda qo‘shib yuboradi. Bu esa uyaning yonidan uchib o‘tayotgan biror hasharotning unga yopishib qolishiga va chiqib keta olmasligiga xizmat qiladi. Ha, bu uya o‘ljalar uchun kishan vazifasini o‘taydi. Bir chetda kuzatib turgan urg‘ochi o‘rgimchak uyasiga ilingan o‘lja oldiga keladi-da, uni paqqos tushiradi.
Urg‘ochi o‘rgimchak erkagidan urug‘lanib, juftlashish bosqichi yakunlangach, juftiga hujum qilib, uni o‘ldirib, paqqos tushiradi-da, keyin uzoqroq va tinchroq joyga ketadi. Bunday hujum o‘rgimchaklar hayotida doim sodir bo‘ladi. Chunki tuxumlarning pishib-yetilishida erkak o‘rgimchak to‘qimalarining o‘rni juda muhimdir.
Uyaning zaifligi faqat hissiy bo‘lib qolmay, balki ma’naviy, ijtimoiy tomondan ham zaifdir. Zero, ushbu uya erkak o‘rgimchak uchun omonlik maskani bo‘lib ko‘rinadi. Ammo uning halok bo‘lishi shu uyada sodir bo‘ladi. Uning uchun bu uy chinakam omonlik va xavfsizlik maskani bo‘la olmaydi.
Ha, bu uy dunyodagi eng zaif uydir. Barcha jonzotlar mustahkam, pishiq uylar quradi. Ammo o‘rgimchak shamol, yomg‘ir va biroz ta’sir natijasida buzilib ketadigan uy quradi.
Suvda yashaydigan o‘rkimchaklar suvning sathida havo pufakchasini hosil qilib, o‘shaning ichiga in quradi. Bunday uy arzimagan ta’sir sababli buzilib ketadi.

Ba’zida o‘rgimchaklar yangi ipak ishlab chiqarish uchun o‘z uyasini yeydi. Ona o‘rgimchak juftini, bolalarini, hatto aka-uka, ota-onasini ham yeydi. Ularning hayoti mana shunday tarzda kechib, ijtimoy jipslik yo‘q.
O‘rgimchaklarning boshqa hasharotlardan farqi shuki, ular yolg‘iz yashaydi. Ularda jamoa bo‘lib yashash shakllanmagan. O‘rgimchaklarda chumoli, asalari kabi o‘zaro hamkorlik, bir-biriga yordam berish, qabilasi, oilasi uchun o‘zini qurbon qilish degan tushunchalar yo‘q.
Yer yuzida 37 000 turdagi o‘rgimchak bor. Ammo olimlar haligacha ularning ipiga o‘xshash ip ishlab chiqara olmayaptilar. O‘rgimchak kuchli muhandislarni ham hayratda qoldiradigan shaklda uy quradi.
O‘rgimchaklar uzoqni ko‘ra olmaydi. Ular nari borsa bir necha santimetrni ko‘rishi mumkin. Ammo mohir ovchidir. O‘rgimchaklar yirtqich va ko‘pi zaharli hasharot bo‘lib, yaqiniga kelgan hasharotga zahrini sochib, ovlaydi.
O‘rgimchaklar orasida “qora beva” degan turi bor. Erkagi bilan qo‘shilgandan keyin darhol uni yeb qo‘yib, o‘zi beva qolgani uchun shunday nom bilan atalgan. Bu o‘rgimchak dunyodagi eng zaharli turlaridan bo‘lib, rahm-shafqat nimaligini bilmaydi.

Yuqorida o‘rgimchak tanasida ip ishlab chiqaradigan a’zosi borligini aytgandik. Mazkur ip o‘rgimchak tanasidagi maxsus oqsillar orqali ishlab chiqariladi. Ip tashqariga chiqayotgan paytda suyuq bo‘ladi, havo bilan to‘qnashgach, qattiqlashadi. Uyasini to‘qishdan oldin xuddi arxitektorlarga o‘xshab, avval uning chizmasini chizib chiqadi, aniqrog‘i, oldin to‘rning chetlarini to‘qiydi.
O‘rgimchak ipining qalinligi 0.004-0.001 mm (ya’ni millimetrning mingdan bir va mingdan to‘rt ulushicha) bo‘lib, inson soch tolasidan 10-30 martagacha ingichka ekan. Buni tasavvur qilish uchun tikuvchilikda ishlatiladigan oddiy ip bilan yo‘g‘on arqonni solishtirib ko‘ring. Shuningdek, o‘rgimchak ipi paxtadan ancha yengildir.
Tayyor bo‘lgan o‘rgimchak to‘ri o‘ziga nisbatan juda uzun bo‘ladi. uning bo‘yiga nisbatan to‘qigan uyasining uzunligini solishtiradigan bo‘lsak, o‘rtacha 1.70 sm bo‘lgan odam 150 metr balandlikdagi uyni qurishi bilan tengdir. Agar inson 150 metrli uy qurmoqchi bo‘lsa, unga bir necha yillab vaqt sarflaydi. O‘rgimchak esa o‘z inini bir soatdan ko‘proq vaqtda to‘qiydi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, o‘rgimchak ipi dunyodagi eng pishiq va mustahkam ip bo‘lib, agar ushbu ipni diametri 60 millimetrli qilib ishlab chiqarilsa, u ustma-ust taxlangan 150 ta mashinani ko‘tara oladi.
Harbiy sohada ishlatiladigan zirhli himoya nimchalari (bronejiletlar) o‘ta pishiq modda bo‘lgan kevlardan olinadi. Bu modda −196°C past haroratga qadar o‘zining kuch va elastikligini saqlab turadi. Shuningdek, bu modda 150°C issiq haroratda quvvati pasayishni boshlaydi. 160°C darajada 500 soat ichida uning kuchi 10-20 foizga kamayadi. 250°C darajada kevlar 70 soat mobaynida kuchining 50 foizini yo‘qotadi. Harorat 430—480 °C bo‘lganda esa, parchalanadi.
Ammo o‘rgimchak ipi po‘latdan besh marta, ushbu kevlardan o‘n marta pishiqroq va chidamliroqdir. Undan tayyorlangan zirhli himoya nimachasi – bronejilet ancha yengil va o‘ta chidamli bo‘ladi.
Hozirgi paytda katta-katta maydonlarda o‘rgimchak boqilib, ularning ipini olish yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, o‘rgimchak ipi aviasozlikda ham keng qo‘llaniladi.
Shunga qaramay u mana shu pishiq ipdan o‘ta zaif uy quradi. Ha, uyning o‘zi kichik bir ta’sirga ham dosh berolmaydigan darajada zaif, ammo unga ishlatilgan ip o‘ta pishiq va mustahkamdir.
Yuqoridagi oyatni yana bir bor keltirsak:
مَثَلُ الَّذِينَ اتَّخَذُوا مِن دُونِ اللَّهِ أَوْلِيَاء كَمَثَلِ الْعَنكَبُوتِ اتَّخَذَتْ بَيْتاً وَإِنَّ أَوْهَنَ الْبُيُوتِ لَبَيْتُ الْعَنكَبُوتِ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ
“Allohni qo‘yib, o‘zga do‘stlar tutganlarning misoli o‘ziga uy tutgan o‘rgimchakka o‘xshaydi. Holbuki, eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir. Koshki bilsalar edi”. (Allohdan o‘zganing yo‘lini tutganlar, uning uyidan o‘zga uyda yashashni ixtiyor qilganlar o‘zlarining o‘rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini koshki bilsalar edi. Ularning tuzgan tuzumlari xuddi o‘rgimchak uyasiga o‘xshab, o‘ta nimjon ekanini bilsalar edi. Takabburliklari ila Alloh qurib bergan ulug‘vor qasrni inkor etib, o‘rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini bilsalar edi. Bu haqiqatni biladilarmi, bilmaydilarmi — ularga farqi yo‘q.) (Ankabut surasi, 41-oyat).
Alloh taolo bu oyatda “o‘ziga uy tutgan” ma’nosini ifoda qiluvchi اتَّخَذَتْ (ittaxozat) fe’lini ayol jinsi (jenskiy rod) siyg‘asida keltirgan. Faqat urg‘ochi o‘rgimchaklar in qurishini, erkaklarida bunday qobiliyat yo‘qligini aytib o‘tdik. Yana oyatda “eng zaif uy o‘rgimchakning uyasidir” deyilgan. Zaifligi qay darajada ekanini yuqorida aytib o‘tdik.
Endi savol: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam 1400 yil avval o‘rgimchaklarning faqat urg‘ochisi in uya solishini, ularning uyasi dunyodagi eng zaif uya ekanligini qayerdan bilgan ekanlar?” Albatta, Alloh taolo u kishiga bu ilmiy haqiqat haqida xabar bergandir. Mazkur ilmiy haqiqatlarning 14 asr oldin Qur’oni Karimda bayon qilinishi Qur’on Allohning nozil qilgan kalomi ekaniga aniq va yaqqol dalildir!
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiy, Abduddoim Kahel va boshqa internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati