O‘zbek davlatchilik tarixi va madaniyati shakllanishida o‘zining mohirona siyosati va boy she’riy merosi bilan o‘chmas iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Boburning faqat yurtimiz tarixida emas, Hindiston xalqlari tarihida ham yuksak o‘rinda turadi. Ulug‘ ajdodimizning tarixi va ma’naviy merosi bir qancha hamyurt olimlarimiz va chet ellik tarixchilar tomonidan turli jihatlardan o‘rganilgan.
Quyidagi maqolada ana shu mashhur tarixning kam e’tibor qaratilgan jihatlaridan biri-Mirzo Boburning tasavvufiy qarashlari haqida so‘z yuritamiz.
Tarixga nazar solsak, XIII va XV asrlarda, xususan, Bobur yashagan davrda Movarounnahr hududida tasavvuf ta’limotlari keng tarqalgan va rivojlangan edi. Buning natijasida mazkur hududda istiqomat qilgan xalqlar turmush tarzida so‘fiylarning o‘rni ahamiyatli bo‘lib, o‘sha davr ijtimoiy va siyosiy jarayonlarida faol ishtirok etishgan va oddiy xalq orasida o‘ziga xos hurmat va martabaga ega bo‘lishgan.
Mirzo Bobur tasavvuf, undagi tariqatlar va vakillarini hurmat qilgan. Buni biz o‘sha davrdan qolgan yozma manbalar hamda yaqn o‘tmishda qilingan tadqiqotlarda ham ko‘rishimiz mumkin. Turkiyalik yetuk olim Mahmud As’ad Jo‘shon o‘zining “Islom, tasavvuf va axloq” asarida: “Temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur ulug‘ shayx Said Amir ibn Mavlono Jaloliddin Xojagi Kosoniy Maxdumi A’zam hazratlarini o‘ziga ma’naviy pir deb bilganlar, u kishiga qo‘l berib, nasihatlariga amal qilganlar” – deb yozadi[1].
Yana bir olim B.To‘rayev Maxdumi A’zamni nafaqat Movarounnahr yoki Xuroson, balki Hindistonda ham o‘ziga pir deb biluvchilar ko‘plab topilishi, temuriy shohlar ichida Zahiriddin Muhammad Bobur bu ulug‘ zotga murid bo‘lganligini alohida ta’kidlab, yuqorida keltirilgan ma’lumotni quvvatlaydi[2].
O‘z navbatida Maxdumi A’zam ham Mirzo Boburga alohida hurmat bilan qaragan va unga bag‘ishlab “Boburiya” nomli riola ham yozgan. Olimning mazkur asari aslida Zahiriddin Muhammad Boburning Xoja Ahror Valiyning “Risolai volidiya” asari haqidagi xatiga javob edi.
Zahiriddin Muhammad Bobur Xoja Ahror Valiy va u kishining avlodlariga ham katta hurmatda bo‘lgan. Mirzo Boburning ismini ham Hoja Ahror aytgani haqida tarixiy ma’lumotlar ham mavjud. Xoja Ahror hazratlari va Bobur o‘rtasidagi munosabatlar uning shoh asari bo‘lmish “Boburnoma”ning ham bir qancha joylarida o‘z aksini topgan. U hayoti davomida Naqshbandiya tariqati pir va murshidlarining o‘gitlariga amal qilgan.
1528-1529 yillarda pirining “Risolai Volidiya” asarini she’riy usulda o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Mazkur tarjimada Bobur Xoja Ahrorga bergan ta’rifi orqali u zotga qanchalik darajada ixlos va ehtiromda bo‘lganini bilib olishimiz mumkin.
Naqshbandiya tariqatiga Mirzo Boburning keyingi avlodlari ham hurmat va ehtiromda bo‘lishib, nasihat va o‘gitlariga amal qilganlar.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining siyosat yuritishida diniy e’tiqodlar va tasavvuf ta’limotlariga amal qilgan. Bu orqali davlatdagi turli millat vakillari o‘zaro tinch-totuv yashashi, ijtimoiy hamkorlik, diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik ta’minlangan. Mazkur diniy siyosat o‘zida islomiy qadriyatlar va madaniyatning ustunligini namoyon qilishi bilan birga boshqa din va e’tiqodlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni ham taqozo etadi. Shu sababli u faqat o‘z hukmdorligi davridagina emas, balki 300 yildan ortiq hukmronlik qilgan boburiylar sulolasi davridagi jamiyat, madaniyat, sivilizatsiya, dinlar va diniy e’tiqodlarga nisbatan bag‘rikenglik, sabr-toqatlilik qadriyatlarining tamal toshini qo‘yib ketgan edi.
Abdulloh Abduvohidov,
O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi 2-kurs magistranti
[1] Mahmud As’ad Jo‘shon. Islom, tasavvuf va axloq. -T.: 1999. - B. 236.
[2] To‘rayev B. Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xojagiy Kosoniy risolati. -T.: 1995. - B. 20
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.