Musulmon xonadonida tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon va chap qulog‘iga takbir aytish sunnatdir. Rofe’ (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Fotima (roziyallohu anho)ning tuqqan bolasi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim” (Abu Dovud va Termiziy).
Ushbu hadisi sharifga binoan, yangi tug‘ilgan farzandning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqomat aytmoq mandubdir. Allohning zikri yangi tug‘ilgan bolaning qulog‘iga kirgan birinchi sado bo‘lishi qanday ham yaxshi. Albatta, bu ulug‘ amalning o‘ziga yarasha barakasi bo‘ladi.
Rivoyatlarning birida: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqomat aytsa, unga Umma Sibyon zarar yetkaza olmas”, deyilgan. Ummu Sibyon bolalarga zarar yetkazadigan jin toifasidir.
Hasan ibn Alidan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Kimning farzandi tug‘ilsa, o‘ng qulog‘iga azon va chap qulog‘iga takbir aytsa, Ummu Sibyon zarar qilmaydi”.
Alloh taolo barchamizga salohiyatli farzandlar ato qilsin, Amin!
Oybek Ma’rupov
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti 4-kurs talabasi
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh, onam vafot etdi. Onamning nomidan biror narsa sadaqa qilsam bo‘ladimi? Qaysi sadaqa afzal?” deb so‘radim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(odamlarga) Suv ulashish”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, "Yo Allohning Rasuli! Onam to‘satdan jon taslim qildi. Vasiyat qila olmadi. O‘ylaymanki, agar gapira olganida, sadaqa qilgan bo‘lar edi. Endi uning nomidan sadaqa qilsam, unga ajr bo‘ladimi?" dedi. U zot alayhissalom: "Ha", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).