Avvalroq xabar qilganimizdek, 2019 yilning 17 yanvar kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 300 dan ziyod eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar bilan diniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilgan edi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgandi.
Ana shu xayrli tadbir so‘ngida viloyatimizning tuman va shaharlarida manzilli tarzda shunday suhbat kechalarini tashkil etishga kelishib olingan edi. Rejaga muvofiq tadbirlarning dastlabkisi Chirchiq shahri, Qibray va Bo‘stonliq tumanlari uchun Chirchiq shahridagi “Markaziy” jome masjidida joriy yilning 24 yanvar kuni o‘tkazilgandi.
Bugun – 2019 yilning 7 fevral kuni – boshlangan ezgu ishning davomi o‘laroq manzilli diniy-ma’rifiy tadbir Angren, Ohangaron va Olmaliq shahri, Ohangaron, Piskent tumanlari uchun Olmaliq shahridagi “Ramazoni sharif” jome masjidida bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiyeva, Olmaliq shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi K.Umaraliyeva, “Oila” ilmiy-amaliy markazi rahbari B.Tangirovalar ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov kirish so‘zi bilan ochib berdilar va yig‘ilganlarga Islom, uning arkonlari, qirq farz, ota-onaga yaxshilik qilish, qo‘shnichilik munosabatlari haqida to‘xtalib o‘tdilar.
Shundan so‘ng, masjidga tashrif buyurgan eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlarning muammolari tinglandi, fikr-mulohazalari o‘rganildi. Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokimligi va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ularning mehnat qilish, uy-joy, sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq masalalarini yechishga yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Navro‘z umumxalq bayrami arafasida 3 nafar kam ta’minlangan, eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlarning nikoh to‘yini o‘tkazib berishga kelishib olindi.
Tadbir so‘ngida homiylar tomonidan tashrif buyurgan 80 nafar eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlarga 4 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Diniy-ma’rifiy tadbir xayrli duolar, ezgu istaklar, ishtirokchilarning qalbidagi quvonch va yuzlaridagi tabassum bilan yakunlandi.
Manba: http://fitrat.uz
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati