Hikoya qilishlaricha Hishom degan mashhur va mohir jarroh bo‘lgan ekan. Bir kuni shoshilinch safarga chiqdi. U safari davomida tashkillashtirilgan butun dunyo tibbiyot olimlari majlisida jarrohlikda yangi uslub qilganini yoritib berishi kerak edi. Samolyotga chiqqach, ko‘p o‘tmay, samolyot nosozligi sababli qo‘nishga majbur bo‘libdi. Biroq, borishi kerak bo‘lgan manzilga hali ancha masofa bor edi.
U aeroport xodimidan so‘rabdi. "Men katta tibbiyot olimiman, muhim bo‘lgan majlisga ketayotgan edim, sizlar manzilimga yetishim uchun keyingi samolyotni 16 soat kutishimni aytyapsizlar. Men buncha vaqt kuta olmayman, mening har bir daqiqam har bir bemor inson uchun o‘ta qadrli", dedi.
Aeroport xodimi "Unda sizga mashina berishimiz mumkin, siz manzilingizga mashinada 3-4 soatda yetib olasiz" deb javob qaytardi.
Majbur bo‘lgan doktor Hishom mashinada safarini davom ettiribdi. Chamasi ikki soat yo‘l yurgach, kun kech bo‘lib qolgani va qattiq yomg‘ir yog‘ib, yurishga qiynalgani hamda ancha toliqqani uchun yo‘lda ko‘ringan kichik bir uy oldida to‘xtadi. Uy eshigini taqillatsa, uydan keksa bir ayolning ovozi eshitildi. “Keling, eshigimiz ochiq, kiravering”.
Shunda Hishom u keksa ayoldan bir oz dam olishi uchun ruxsat so‘rab, unga pul uzatdi.
Keksa ayol “bu qanday pul?”, “Men pulni ko‘rmayapman” dedi. Chunki u ayolning ko‘zi ojiz edi. “O‘tiring, anavu stol ustida issiqgina choy bor, uning yonida sizni qorningizni to‘ydiradigan taomlar ham bor. Musofir ekansiz, choy ichib, ul-bul yeb kuchga kiring”, dedi.
Hishom “Rahmat” deya, taomlandi. Taomlanar ekan, keksa ayol yonida kichik bir bola hech bir harakatsiz yotganiga ko‘zi tushdi. Kampir namoz o‘qib bo‘lgach, yig‘lab, Allohdan bemor bo‘lib yotgan bolaga shifolar so‘rab duo qildi. Hishom bu holatdan mamnun bo‘lib, “onaxon, Allohim duolaringizni ijobat qilsin”, dedi.
Shunda kampir “Bolam, siz musofir ekansiz, men Allohga nima deb duo qilgan bo‘lsam barchasini ijobat qildi. Faqatgina bitta duoyimni qabul qilishi qoldi”, dedi.
“Hishom u qanday duo ekan?” deb, so‘radi.
Kampir “Siz ko‘rgan bu bola mening nabiram. Uning ota-onasi vafot etgan. Uning dardiga bizning tabiblar davo topaolmayapti, lekin, eshitishimcha katta bir doktor bor ekan. Uning ismi Hishom ekan. U bizdan uzoqroqda yashaydi, nabiramni uning oldiga olib borishga imkonim yo‘q. Lekin, men nabiramni yotoq bo‘lib qolishidan qo‘rqaman. Shuning uchun Allohdan bu ishimni oson qilishini so‘rab duo qilyapmanu, hali ijobat bo‘lgani yo‘q”, dedi.
Shunda doktor Hishom ko‘ziga yosh olib, “Ey mo‘tabar ona, bilasizmi sizning duoyingiz samolyotni qo‘nishga majbur qildi, yomg‘ir yog‘ib meni sizning uyingizga kirishimga sabab bo‘ldi. Alloh taoloning irodasi shu ekan. Men siz aytgan tabib Hishomman. Alloh taolo: “Duo qilinglar ijobat qilaman”, deydi. Sizning duoyingizni ijobat qildi. Bu Alloh taoloning qazoi-qadaridir”, dedi.
Manbalar asosida Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi Abdurahmanov Yahyo
Doktor Mustafo Mahmud aytadilar:
"Bir kuni bir ona menga shikoyat qilib bunday dedi:
— O‘g‘limning xotiniga bo‘lgan muhabbati menga bo‘lgan muhabbatidan kuchliroq.
Men undan so‘radim:
— Pomidor yaxshimi yoki apelsin?
U ajablangancha menga qarab:
— Bunday solishtirish noto‘g‘ri, chunki pomidor sabzavot, apelsin esa mevalardan, — dedi.
Men unga shunday javob berdim:
— Muhabbat ham huddi shunday, uning ham turlari ko‘p va bir turini boshqa biri bilan solishtirish to‘g‘ri emas.
Ona mendan tushuntirishimni so‘radi.
Men davom etdim:
— Siz — onasiz, siz o‘g‘lingiz uchun yerdagi jannatsiz, o‘g‘lingiz esa qalbingizning bir bo‘lagi. Uning sizga bo‘lgan muhabbati ibodatdir. Xotini esa uning jufti, Alloh uni unga baxt uchun yaratgan, uning xotiniga bo‘lgan muhabbati esa, saodatdir.
Shuning uchun o‘g‘lingizga ibodatda yordamchi bo‘ling va uning baxti uchun ayoliga bo‘lgan muhabbatini qo‘llang. Uning sizga bo‘lgan muhabbatini boshqa muhabbat bilan solishtirib, uning qadrini tushirmang. O‘g‘lingizni erkin qo‘ying, shunda uning qalbi sizni o‘z ixtiyori bilan qayta topadi va jannatni siz orqali izlaydi.
Shunda ona boshini silkitib gapimni tasdiqladi va yuzini rozilik nurli yoritdi. U ketar ekan, takrorlar edi:
— Uning menga bo‘lgan muhabbati ibodat, xotiniga bo‘lgan muhabbati esa saodat. Men unga ibodatini mukammal qilishida yordam berishim va xotini bilan baxtli bo‘lishiga qo‘yib berishim kerak.
Azizim ona...
Bu suhbatimizni xotirangizda saqlang. O‘g‘lingiz turmush qurganida shu so‘zlarni eslang va uning xotini bilan baxtli yashashiga qo‘yib bering. Uning sizga bo‘lgan muhabbati va itoati ila ibodati mukammal bo‘lishiga yordamchi bo‘ling. Bu gaplarni hecham unutmang: "Agar sizga itoat qilishini istasangiz, unga toqati yetadigan ishni buyuring".
Onaga bo‘lgan muhabbat — ibodat,
Xotinga bo‘lgan muhabbat — saodat.
Har ikki muhabbat ham qalbdan chiqadi, ammo turli xil va ularni bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.
Shunday ekan, ibodatingizni go‘zal ado eting va baxtli bo‘ling".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV