Ba’zan inson hayotida turli xil sinovlarga yo‘liqadi. Masalan: dehqon dehqonchiligidan, tijoratchi tijoratidan va yana boshqa bir inson kasbi ila qiyin ahvolga ro‘baro‘ bo‘lishi, uyi yonib ketishi yoki o‘g‘ri tushib xech vaqosiz qolishi mumkin. Bunday hollarda kishi nima qilishini bilmay, g‘am-g‘ussaga tushib qoladi. Bu Allohning sinovi albatta.
Shunda inson bu holatdan chiqish yo‘llarini izlaydi, harakat qiladi. Biroq, yo‘l topa olmagach, biror-bir yaqin do‘sti, qarindoshi yoki qo‘shnisidan ma’lum muddatga qarz so‘rashga majbur bo‘ladi.
Xo‘p bunday paytda qarz oluvchi va qarz beruvchi nimalarga e’tibor berishi kerak?
Keling avvalo qarz beruvchi haqida bilib olsak!
Qarz beruvchi shuni yaxshi bilsinki, avvalo Alloh taolo unga qarz beradigan darajada dunyo beribdi va agar qarz bersa, qarz berib turish ila bir insonning og‘irini yengil qilishga sababchi qilibdi hamda qarz bergani uchun ulkan ajrlarga ega bo‘lishni nasib qilibdi.
Hadislarni umum qilib aytganda, qarz berib, bir insonning og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo qiyomatda uning og‘irini yengil qilishi, qarz berib turuvchiga qarzdor qarzini bergunicha har kuni uchun sadaqa qiluvchining savobi berilishi, qarz berish ila yerdagilarga rahm qilgani uchun unga osmondagilar rahm qilishi, agar qarzni qarzdordan kechib yuborsa, Alloh uning gunohlarini kechib yuborishi kabi bir qancha qarz beruvchiga beriladigan fazllar bor.
Demak, qarz beruvchi ushbu niyatlar ila qarz bersa, unga ulkan ajrlar berilar ekan.
Endi qarz oluvchiga ta’alluqli bo‘lgan masalalarni bilib olsak!
Avvalo inson Alloh taolodan hayotida qarzdor bo‘lib qolishidan panoh so‘ramog‘i lozim. Zotan hadisda aytilinganidek, qarzdor inson qarzini o‘z vaqtida ado qila olmagach ko‘p yolg‘on gapiradi va va’da qilsa xilof qiladi.
Agar inson qarz olishga majbur bo‘lib qolsayu, uni albatta qaytarish niyati bilan olsa, Alloh taolo unga qarzini ado qilishda yordam beradi. Agar maqsadi qaytib bermaslik, chuv tushirish, sindirish va egasini og‘ir ahvolga tushirish bo‘lsa, Alloh taolo uning dunyosiga talofat beradi va uning o‘zini bundan battar holatga tushirib qo‘yadi.
Maqsadi buzuq bo‘lgan qarz oluvchilar shuni bilsinkim, hadislarda agar inson qarzini uzmasdan vafot etsa, uning nomidan ham hech kim qarzni ado qilmasa, u ikki o‘rtada qolishi, hatto shahid odam ham qarzini uzmagan bo‘lsa, uni faqatgina qarzi jannatdan to‘sib turadi, deyiladi.
Alloh taolo barcha qarz beruvilarga bu dunyo va oxiratda ulkan ajrlar bersin. Qarz olganlarga esa, kasblariga baraka bersinu, qarzlarini tezda ado qilishga O‘zi yordamchi bo‘lsin. Qarz berib, qarzdorlarga nisbatan rahm qilib vaqtini yana cho‘zib turganlar yoki kechib yuborganlarga Alloh aoloning o‘zi rahm qilsin.
Manbalar asosida Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi Abdurahmanov Yahyo
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida ko‘p yillar halol va fidokorona mehnat qilgan xodimamiz Ahmadjonova Nilufar Habibullayevnaning 50 yoshlik yubileyi munosabati bilan ta’lim muassasasi hamda kasaba uyushmasi tomonidan tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda ta’lim muassasasi mudiri M. Erkayev, o‘quv ishlari bo‘yicha mudir o‘rinbosari N. Djalolov va manaviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari, ta’lim muassasasi kasaba uyushmasi raisi A.G‘aniyev ishtirok etishdi. Muassasa mudiri M. Erkayev muhtarama opamizni shaxsan o‘zi tabriknoma bilan taqdirladi. Esdalik sovg‘alari bilan ham mukofotlandi.
Nilufar opa har kuni tong sahardan ilm dargohiga kelib, uning ozoda, shinam va pokiza bo‘lishiga yillarida sabr, ixlos va sadoqat bilan o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda. Bunday kamtarin, ammo qadri baland mehnat barchamiz uchun ibrat namunasidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: "Pokizalik iymondandir", deb marhamat qilganlar. Ilm va marifat maskanining ta’minlash — talabalar ustozlarning tinch, toza va barakali ilm olishiga munosib hissa qo‘shadigan ezgu ishdir. Ana beminnat xizmat har qanday e’tirof va ehtiromga loyiqdir.
Bilim yurtimiz o‘z yordamga g‘amxo‘rlik qilishni muhim burch deb biladi. Zero, ilm dargohiga qilingan har bir xizmat — Allohning roziligi yo‘lidagi savobli amaldir. Kim ilm ahliga va ilm maskaniga xizmat qilsa, o‘sha ilmdan taralayotgan ezgulikning ajridan bahramand bo‘lishi umid qilamiz.
Muhtarama opamizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, uzoq umr, oila baxti va ishlarida baraka tilaymiz. Alloh taolo halol mehnatlarini ajru mukofotsiz qoldirmasin, qilgan ezgu ishlari va mehnatlarining rohatini ko‘rish uzoq yillar davomida nasib etsin!
"Ko‘kaldosh" o‘rta maxsurs islom ta’lim muassasasi
matbuot xizmati