Mo'min-musulmonlar Alloh taologa sajda qiladi. Natijada ularning vujudida sajda izi qoladi. Namozxonlarning bu sifati dunyo va oxiratdagi belgisidir. Ular shu bilan boshqa payg'ambarlar ummatidan ajralib turadi.
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qiladi: “Muhammad Allohning rasulidir. U bilan birga bo'lganlar kofirlarga qahrli, o'zaro rahm-shafqatlidirlar. Ularni Allohning fazli va rizosini istab ruku va sajda qilgan hollarida ko'rasiz. Yuzlarida sajda asoratidan alomatlar bor. Bu ularning Tavrotdagi misollaridir...” (Fath surasi, 29-oyat). Tafsir kitoblarida “Oyati karimada Payg'ambar sallollohu alayhi va sallamga ergashgan iymonli bandalar va u zotdan keyin keladigan er yuzidagi barcha mo'min-musulmonlarning sifati bayoni keladi.
Darhaqiqat, sahobalar Allohga kufr keltirgan kimsalarga, ular hatto eng yaqin kishilar bo'lsalar ham, nihoyatda qattiqqo'l, qahrli, murosasiz bo'lishgan, o'zlariga o'xshagan iymon egalariga esa o'ta rahm-shafqatli, har bir ishda darrov yordam, mehribonlik ko'rsatishgan.
Yana ular Allohning fazli va roziligini istab, u buyurgan ibodatlarni to'kis ado etishgan, ruku va sajda kabi arkonlariga to'liq rioya qilgan holda namozlarini vaqtida o'qishadi. Ular dunyo hayotida parvardigoriga shunchalar ko'p sajda qilishadiki, bundan ularning peshonlarida sajda izlari qolgan bo'ladi. Mo'minlarning mana shunday sifatlari Alloh nozil qilgan Tavrot va Injil kabi samoviy kitoblarda ham kelgan...”, deyiladi.
Mo'min-musulmonlardagi sajda izlari haqida Payg'ambar sollallohu alayhi vasallam: “Do'zax Odam bolasining sajda izinigina emaydi. Chunki Alloh do'zaxga sajda izini eyishni harom qilgan", dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo ibodatlarimizni maqbul, vujudimizda sajda izlarini barqaror aylasin!
Ruhiddin AKBAROV,
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Dunyoga muhabbatni ketkazish va oxirat g‘amini qalbda paydo qilishning yo‘li bor. Yigirma to‘rt soat ichidan ozgina vaqt ajrating, kechayu kunduzlarimiz g‘aflatda o‘tayotganini o‘ylang, o‘limni unutganimizni o‘ylang, hali Alloh taoloning huzurida hozir bo‘lishdan, buyuk hisob-kitobdan, jazo va mukofotdan g‘aflatda qolganimizni o‘ylang.
Shu narsalar haqida o‘ylashga vaqt ajrating, bir kunmas bir kun o‘laman, keyin Alloh taoloning huzurida qanday qilib hisob beraman? So‘rovlariga nima deb javob qilaman? deb o‘ylang. Shu o‘ylar har doim qalbda tirik tursin.
Agar kishi har kuni shu narsalarni fikrlab tursa, bor-yo‘g‘i bir necha haftada, inshaAlloh, dunyoga muhabbat qalbidan chiqib ketadi. Alloh taolo O‘zining rahmatidan barchamizga bu aytilganlarga amal qilish tavfiqini ato etsin, omin.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan