Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2025   |   21 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:33
Asr
17:20
Shom
19:26
Xufton
20:47
Bismillah
15 Avgust, 2025, 21 Safar, 1447

Haqiqatni bilmay harakat qilmang

05.02.2019   3282   2 min.
Haqiqatni bilmay harakat qilmang

Ikki qo‘shni bor edi. Ulardan biri farzandlariga quyon olib berdi. Narigi qo‘shnining bolalari ham o‘zlariga biror uy hayvoni olib berishlarini so‘rashdi. Ularning otasi kuchuk olib berdi.

Shunda birinchi qo‘shni ikkinchisiga dedi:

– U quyonimni yeb qo‘yadi-ku!

– Yo‘q, bu hali kuchuk, quyoning ham kichkina. Ular birga katta bo‘lishadi, do‘st bo‘lib ulg‘ayishadi. Muammo bo‘lmaydi.

Kuchuk egasi haq bo‘lib chiqqandek edi. Jonivorlar birga katta bo‘ldi. Ular doimo birga edi.

Bir kuni quyonning egasi oilasi bilan dam olishga ketdi. Juma kuni edi. Yakshanba kuni kechki payt kuchukning egasi oilasi bilan ayvonda choy ichib o‘tirgandi. Katta itga aylangan kuchuk uyga kirib keldi. U g‘ijimlanib ketgan, qon va tuproq aralashmasidan qorayib ketgan quyonni tishlab turardi. Butun oila it tomon tashlandi.

– Qo‘shnim to‘g‘ri aytgan ekan. It itligini qilibdi. Endi nima qilamiz? Shu yetmay turuvdi. Birpasdan keyin ular uyiga qaytib kelishadi.

Hamma bir-biriga qarardi. Bechora itning esa g‘ingshiganicha ko‘zidan yosh oqardi.

Shunda bolalardan biri dedi:

– Quyonni yaxshilab yuvib, fen bilan quritib, hovlisiga qo‘yib qo‘yamiz.

Quyonning hech bir joyi yirtilmagani bois ular shunday qilishdi. Quyonni iniga qo‘yishib, xuddi uxlayotgandek holatga keltirib yana o‘z uylariga qaytib kirib olishdi. Bir ozdan keyin qo‘shnilarning ovozi eshitildi. Keyin esa bolalarning chinqirig‘i yangradi. Ko‘rishdi! Ikki daqiqadan keyin eshik taqilladi. Ostonada ranglari oqarib ketgan qo‘shni turardi. U xuddi arvohni ko‘rgan odamdek alpozda edi.

– Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? – so‘radi itning egasi.

– Quyon... quyon...

– O‘lib qolibdimi? Boya kunduzi chopqillab yurgandi-ku!

– U juma kuni o‘lgandi!

– Nima?

– Dam olishga ketishimizdan oldin bolalar uni bog‘ orqasiga ko‘mib kelishgandi! Hozir esa u yana o‘z uyida yotibdi!

Jumadan beri qadrdon do‘stini qidirgan it uni nihoyat topgan va yer bag‘ridan chiqarib olgandi. Va egalariga uni qutqarish uchun olib kelgandi.

Xulosa: Aslida nima bo‘lganini bilmasdan turib harakat qilishning oqibati xunuk bo‘ladi.

Said Abror tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy idora vakillari Misrdagi xalqaro fatvo anjumanida qatnashmoqda

12.08.2025   6391   1 min.
Diniy idora vakillari Misrdagi xalqaro fatvo anjumanida qatnashmoqda

Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda. 

Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan. 

Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda. 

Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi. 

Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar. 

Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy,  Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.  

Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Diniy idora vakillari Misrdagi xalqaro fatvo anjumanida qatnashmoqda
O'zbekiston yangiliklari