Ikki qo‘shni bor edi. Ulardan biri farzandlariga quyon olib berdi. Narigi qo‘shnining bolalari ham o‘zlariga biror uy hayvoni olib berishlarini so‘rashdi. Ularning otasi kuchuk olib berdi.
Shunda birinchi qo‘shni ikkinchisiga dedi:
– U quyonimni yeb qo‘yadi-ku!
– Yo‘q, bu hali kuchuk, quyoning ham kichkina. Ular birga katta bo‘lishadi, do‘st bo‘lib ulg‘ayishadi. Muammo bo‘lmaydi.
Kuchuk egasi haq bo‘lib chiqqandek edi. Jonivorlar birga katta bo‘ldi. Ular doimo birga edi.
Bir kuni quyonning egasi oilasi bilan dam olishga ketdi. Juma kuni edi. Yakshanba kuni kechki payt kuchukning egasi oilasi bilan ayvonda choy ichib o‘tirgandi. Katta itga aylangan kuchuk uyga kirib keldi. U g‘ijimlanib ketgan, qon va tuproq aralashmasidan qorayib ketgan quyonni tishlab turardi. Butun oila it tomon tashlandi.
– Qo‘shnim to‘g‘ri aytgan ekan. It itligini qilibdi. Endi nima qilamiz? Shu yetmay turuvdi. Birpasdan keyin ular uyiga qaytib kelishadi.
Hamma bir-biriga qarardi. Bechora itning esa g‘ingshiganicha ko‘zidan yosh oqardi.
Shunda bolalardan biri dedi:
– Quyonni yaxshilab yuvib, fen bilan quritib, hovlisiga qo‘yib qo‘yamiz.
Quyonning hech bir joyi yirtilmagani bois ular shunday qilishdi. Quyonni iniga qo‘yishib, xuddi uxlayotgandek holatga keltirib yana o‘z uylariga qaytib kirib olishdi. Bir ozdan keyin qo‘shnilarning ovozi eshitildi. Keyin esa bolalarning chinqirig‘i yangradi. Ko‘rishdi! Ikki daqiqadan keyin eshik taqilladi. Ostonada ranglari oqarib ketgan qo‘shni turardi. U xuddi arvohni ko‘rgan odamdek alpozda edi.
– Nima bo‘ldi? Tinchlikmi? – so‘radi itning egasi.
– Quyon... quyon...
– O‘lib qolibdimi? Boya kunduzi chopqillab yurgandi-ku!
– U juma kuni o‘lgandi!
– Nima?
– Dam olishga ketishimizdan oldin bolalar uni bog‘ orqasiga ko‘mib kelishgandi! Hozir esa u yana o‘z uyida yotibdi!
Jumadan beri qadrdon do‘stini qidirgan it uni nihoyat topgan va yer bag‘ridan chiqarib olgandi. Va egalariga uni qutqarish uchun olib kelgandi.
Xulosa: Aslida nima bo‘lganini bilmasdan turib harakat qilishning oqibati xunuk bo‘ladi.
Said Abror tayyorladi
Savol: Assalomu alaykum. Men ko‘pincha jamoat transportlaridan foydalanaman. Shunday holatga ko‘p guvoh bo‘lib qolmoqdaman: maktab yoshidagi ayrim bolalar, hatto ba’zi kattalar ham plastik kartasini to‘lov uskunasiga tutadi, lekin pul yechilmaydi. Yo kartasi ishlamaydi yoki puli yo‘q. Shu holatda kira haqini to‘lmay, tushib ketmoqdalar. Shu ish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu ish joiz emas. Chunki bu haqdorga haqini bermaslik va o‘zgalar haqqini nohaq yeyishdir.
Alloh taolo o‘z Kalomida bizlarni ogohlantirib, bunday degan: “Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz!” (Baqara surasi, 188-oyat).
Shuning uchun bolani yoshlikdan birovning haqidan hazar qilishga o‘rgatish lozim. Arzimagan pulku, deyish gunohni kichik sanashdir. Buning ustiga o‘zganing haqqining katta yo kichigi bo‘lmaydi. Haq egasi kechmagunicha, Alloh taolo ham bunday gunohni kechirmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.