Bugun, 4 fevral kuni Abu Dabi shahrida Insoniy birodarlik bo‘yicha o‘tkazilayotgan anjuman o‘z ishini davom ettirmoqda. Nufuzli tadbirda dunyoning barcha mamlakatlaridan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, davlat va din arboblari dolzarb ma’ruzalar o‘qimoqdalar.
Ushbu anjumanda notiqlar xalqlar o‘rtasida o‘zaro birdamlik, hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro ahillikka erishish, turli ixtilof va firqachilikka barham berish kerakligi, har bir ishda odamlar manfaatini nazarda tutish zarurligiga alohida urg‘u qaratmoqdalar.
Mazkur anjuman juda ham murakkab bir davrda, dunyoda keskinlik va qarama-qarshilik avj olgan bir pallada o‘tkazilayotgani uning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etmoqda.
Anjuman ishini saytimiz orqali yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Misrlik yozuvchi Anis Mansurning ota-ona haqida yozgan eng go‘zal so‘zlari:
"Ota-onang seni tashlab ketganlaridan so‘ng afsuslanasan. Chunki sen ularga biror yordam yoki biror narsa taklif qilganingda, ular "hojati yo‘q", "kerak emas qo‘yaver" deyishardi, sen esa ularga ishonarding, vijdoningni tinchlantirar eding – haqiqatan otamga kerak emas, onam hech narsa istamayapti, deb o‘ylarding.
Otalaringiz va onalaringiz "hech narsa kerak emas" deganlarida ularga ishonmang. Ular buni sizni o‘ylab, sizni holatingizni inobatga olib yoki sizdan hijolat bo‘lib aytishadi... Siz ulardan so‘ramasdan, ularga takalluflik qilmasdan, ulardan ruxsat olmasdan bering, hadya qiling.
Ko‘pchilik odamlar aldangani kabi siz ham otangizning qariligiga aldanmang. Onangizning yoshi ulug‘ligi, ojizligi yoki soddaligi sizni aldab qo‘ymasin. Chunki ularning har birining ichida erkalatishga va e’tiborga muhtoj bo‘lgan bir bola yashaydi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV