Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

08.02.2019 y. Imon asoslari

4.02.2019   5003   16 min.
08.02.2019 y. Imon asoslari

بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِي هَدَانا لِلإسْلاَمِ، وَأنْعَمَ عَلَيْنَا بِالإِيْمَانِ، وكَرَّهَ إِلَيْنَا الكُفْرَ والفُسُوقَ وَالعِصْيَان، والصَّلاةُ والسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا وَحَبِيبِنَا مُحَمَّدٍ الذِي دَعَانَا إلَى التَّوحِيدِ وَالإيْمَانِ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَان.

Imon asoslari

Muhtaram jamoat! Albatta, Islomning asosi aqida. Aqidaning asosi esa Alloh taoloning biru borligiga imon keltirishdir. Eng avvalo, qalbda aqida asoslari o‘rnashmas ekan, shariat ahkomlarini bajarishdan foyda bo‘lmaydi. Zero, ulug‘ mashoyixlarimizdan So‘fi Olloyor aytganlaridek:

“Aqida bilmagan shaytona eldir,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldir”.

Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhga ko‘ra imon bu – til bilan iqror bo‘lish va qalb ila tasdiqlashdir. Imon keltirish vojib bo‘lgan narsalar quyidagilar: 1. Allohga 2. Uning farishtalariga 3. Kitoblariga 4. Nabiylariga 5. Oxirat kuniga. 6. Qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniligiga. 7. O‘lgandan keyin qayta tirilish bor ekaniga va hokazo aqoid kitoblarida kelgan narsalarga imon keltirish.

1) Alloh taologa imon keltirish deganda Zotida, sifatlarida, ismlarida, fe’llarida, hukmlarida Uning yolg‘izligiga, sherigi yo‘qligiga imon keltirish tushuniladi. Bunga doir Qur’oni karimda bir necha dalillar mavjud. Jumladan Alloh taolo shunday degan:  

ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ فَاعْبُدُوهُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ وَكِيلٌ 

ya’ni: “Ana o‘sha Rabbingiz – Allohdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir. U hamma narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilingiz! U har narsa ustidan vakil (kuzatuvchi)dir” (An’om surasi, 102-oyat).

2) Farishtalarga ishonish aqidamiz arkonlaridan biridir. Ularga imon keltirish Alloh va uning rasuli tavsiflaganidek bo‘lishi kerak. Ya’ni, ularning sifatlari haqida hadisda shunday deyiladi: Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Farishtalar nurdan yaratilgandirlar. Jinlar olovning tutunidan yaratilgandir. Odam sizga vasf qilingan narsadan yaratilgandir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Farishtalar inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan, xizmatdan charchamaydigan, g‘aflatda qolmaydigan, gunoh qilmaydigan, o‘zlariga buyurilgan amrni so‘zsiz bajaradigan va yana bir qancha oliy sifatlarga ega bo‘lgan zotlardir.

3) Ilohiy kitoblarga imon keltirish o‘sha kitoblarning barchasi Allohning kalomi ekaniga ishonmoqlikdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

آمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ

ya’ni: “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi...” (Baqara surasi, 285-oyat).

Payg‘ambarlarga nozil qilingan ilohiy kitoblar to‘rtta bo‘lib, ular Zabur Dovud alayhissalomga, Tavrot Muso alayhissalomga, Injil Iso alayhissalomga, Qur’on Muhammad sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan. Bulardan tashqari ba’zi payg‘ambarlarga “Sahifalar” nozil qilingan bo‘lib, ulamolarimizning aytishlaricha, ular ma’lum varaqlar bo‘lib, kitob darajasiga yetmagan.

Ilohiy kitoblarga imon keltirish Qur’oni karimga imon keltirishning bir bo‘lagidir. U doimo bashariyatni Allohning O‘zi hidoyatga solib turganini bildiradi va musulmonlarni ushbu kitoblarga ahil bo‘lgan xalqlar bilan yaqinlashtiradi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda:

وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا

ya’ni: Hammangiz Allohning arqonini (Qur’onini) mahkam tuting va turli firqalarga bo‘linib ketmang …, (Oli Imron surasi, 103-oyat) deb marhamat qilgan.

4) Alloh taolo O‘z kitobida nomlarini zikr qilgan payg‘ambarlarga va ularning ismlarini va adadlarini faqat O‘zi biladigan nabiy va rasullarni yuborganiga ham imon keltirmog‘imiz vojibdir. Payg‘ambarlar omonatli, gunohdan ma’sum zotlardir.

5) Islom aqidasi bo‘yicha bu dunyo inson uchun sinov maydoni xolos. Asosiy hayot esa Oxirat diyoridir. Alloh taolo aytadi:

وَمَا هَذِهِ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا لَهْوٌ وَلَعِبٌ وَإِنَّ الدَّارَ الْآَخِرَةَ لَهِيَ الْحَيَوَانُ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ 

ya’ni: “Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) o‘yin-kulgidir. Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir” (Ankabut surasi, 64-oyat).

Oxiratga, ya’ni qiyomat kuniga ishonish imonning yana bir shartidir. Bu haqiqatni tasdiq qilmagan inson mo‘min bo‘la olmaydi. Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida mo‘min va taqvodorlarning sifatlari zikr etilganida “va ular oxiratga ishonadilar” deb vasflanadi.

Oxiratga ishonish Qur’oni karim va hadisi shariflarda oxirat haqida kelgan barcha narsalarga: hammaning to‘planishiga (hashrga), nomai a’mollarning berilishiga, kishining savob va gunohlari hisob qilinishiga, mezonga (tarozuga), havzga, sirot ko‘prigiga, shafoatga, jannat va do‘zaxga, ularning ahllariga hozirlangan ne’mat va azoblarga ishonish, demakdir.

6) Alloh taolo Qur’oni karimda:

إنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ

ya’ni: “Albatta, Biz har bir narsani o‘lchov ila yaratdik”, degan (Qamar surasi, 49-oyat).

O‘zbek tilida “o‘lchov” deb tarjima qilingan so‘z oyatda “qadar” lafzi bo‘lib keldi. Ulamolarimiz “qazo” va “qadar”ni quyidagicha ta’riflaydilar:

“Qazo Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir”.

“Qadar o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir”.

Taqdir azalda bitilgan ekanligiga imon keltirish vojib, deyilganda “hamma narsa Alloh irodasi bilan bo‘lsa, u holda bandaga nima qoladi?”, - degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.

Bu savolning javobi ikki qismga bo‘linadi.

Birinchi qism — dunyodagi insonning daxli yo‘q narsalar. Faqat Alloh taoloning qudrati bilan bo‘ladi. Misol uchun, inson aqlining o‘tkir yoki o‘tmasligi, gavdasining turlicha, husnining chiroyli yoki hunukligi, tug‘ilish vaqti va joyi, erkak yoki ayolligi va shunga o‘xshash bir qancha ishlar borki, ularga insonning hech qanday daxli yo‘q. Inson bu narsalardan “Nega qomating uzun, yoki pakana”? yoki “Nima uchun falon kuni tug‘ilding, falon kuni o‘lding”? deb so‘roq qilinmaydi. Bularning hammasi Allohdan. Bu turdagi qadarga imon keltirish har bir mo‘min musulmonga vojibdir.

Ikkinchi qism — inson tomonidan sodir etilgan ish va amallarga bog‘liq. Bularda insonning daxli bor, u bu ishlarda o‘zining xohishi, ixtiyori va harakati bilan ishtirok etadi. Masalaning nozik joyi ham shu yerda.

Musulmonchilikning sof aqidasi esa Ahli sunna val-jamoa mazhabida o‘z aksini topgan. Bu aqidaga binoan, insonning ixtiyoriy amallari Alloh yaratgan narsalar jumlasidandir. Chunki dunyoda Alloh yaratgan narsalardan boshqa narsa bo‘lishi mumkin emas. Lekin bu inson o‘z ishini majbur bo‘lib qiladi, ya’ni har qanday ishni bajarib turib: “Alloh shuni xohlabdida shuning uchun qildim, menda ayb yo‘q” degani emas. Chunki insonning mas’ul bo‘lib so‘raladigan ishlari ham mana shu kabi o‘zining amaliga bog‘liq bo‘lgan masalalardadir. Chunki inson bir ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, o‘sha ishni amalga oshirish uchun ikki narsaga bog‘liq bo‘ladi. Birinchisi, uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar. Ikkinchisi, insonning o‘sha ishni amalga oshirish uchun yo‘nalganligi tufayli xohish egasi hisoblanadi. Hamda ana shu ixtiyori tufayli amalga oshirgan ishidan javobgar bo‘lib so‘raladi. So‘fi Olloyor bobomiz bu haqda “Sabotul ojizin”da quyidagilarni aytganlar:

“Haromidin vale man’ etdi bizni,

Beribdur ixtiyori juz’imizni”.

Ya’ni, Alloh taolo bizlarga haromga qo‘l urmaslikni buyurdi, shuning bilan birga juz’iy ixtiyorimizni ham o‘zimizga berdi.

7) Qiyomatda insonlarning qayta tirilishi bor ekaniga imon keltirish dinimizdagi eng katta asoslardan biri bo‘lib, uni inkor qilgan kishi mo‘min hisoblanmaydi. Qur’oni karimning yigirmadan ortiq o‘rinda qayta tirilish kuniga ishonish Alloh taologa ishonish bilan yonma-yon zikr qilingan va mantiqiy jihatdan uning haq ekani isbotlangan. Alloh taolo shunday deydi:  

وَضَرَبَ لَنَا مَثَلًا وَنَسِيَ خَلْقَهُ قَالَ مَنْ يُحْيِي الْعِظَامَ وَهِيَ رَمِيمٌ  قُلْ يُحْيِيهَا الَّذِي أَنْشَأَهَا أَوَّلَ مَرَّةٍ وَهُوَ بِكُلِّ خَلْقٍ عَلِيمٌ

ya’ni:U Bizga: Chirib ketgan suyaklarni kim ham tiriltira olur?– deb, naql keltirdi-yu, (ammo) o‘zining (qanday) yaralganini unutib qo‘ydi. (Ey, Muhammad!) Ayting: “U (chirigan suyak)larni dastlab paydo qilgan zotning O‘zi qayta tiriltirur. U turli xil yaratish(lar)ni biluvchidir(Yasin surasi, 78-79 oyatlar).

Muhtram jamoat! Tarixdan ma’lumki, ilk paydo bo‘lgan firqa va oqimlar birinchi bo‘lib aqida masalalarini buzib talqin etganlar. Shuning bilan ular o‘z tomonlarida bo‘lmagan musulmonlarning barchasini kofirga chiqarib, o‘ldirish halol degan qarashga asoslanganlar. Ba’zan gunoh ishlarni qilgan kishini ham mushrik va kofirga chiqargan firqalar ham bo‘lgan.

Ahli sunna val-jamoaning moturidiy yo‘nalishiga ko‘ra imon ziyoda va noqis bo‘lmaydi. Balki, har bir kishining imoni komil sanalishi, toat va ibodat yoki gunoh-ma’siyat bilan imonning aynan o‘zi ko‘paymasligi va kamaymasligi ta’kidlanadi. Misol uchun, Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi:

 إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ اللَّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ آَيَاتُهُ زَادَتْهُمْ إِيمَانًا

ya’ni: “Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan kishilardir...” (Anfol surasi, 2-oyat).

imom Moturidiy mazkur oyat haqida shunday deydilar: “Qur’on oyatidagi “imonlari ziyoda bo‘ladi” jumlasi adad yoki ayni imonning o‘zida ziyodalikni bildirmaydi, balki uning nuri, sharafi, fazilati ziyoda bo‘lganini bildiradi. Masalan “jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma besh barobar darajasi afzaldur” hadisida ham aynan namozning adadi ziyoda bo‘lishi nazarda tutilmagan, balki sharafi va fazilati ziyodaligi nazarda tutilgandir. Xuddi shu kabi imonning amallar jihatidan ziyoda bo‘lishi ham uning sharafi, fazilati, kamoli ziyodalashishiga dalolat qiladi. Amallar imon jinsidan emasdir, u iqror va tasdiqlashdan iboratdir” (Ta’vilotu ahlis-sunna).

Alloh taolo barchamizni imon-e’tiqodda mustahkam qilsin.

ILOVA: Oilaviy ajrim va uning salbiy oqibatlari haqida

Oila jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila tinch, mustahkam, halol-pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, so‘nggi yillarda oilaviy ajrimlar ko‘payib ketdi. Quyida oilaviy ajrimning salbiy oqibatlaridan ba’zilarini bayon qilamiz:

  1. Ajrashgan er va xotinning hech bo‘lmaganda obro‘si to‘kilishi. Erga nisbatan “bitta xotinni eplay olmadi, yaxshi odam bo‘lganda ayoli bilan chiroyli muomala qilib yashar edi”, degan gap-so‘zlar, ayolga nisbatan esa “erining xizmatini qilolmadi, yaxshi ayol bo‘lganida erining izmidan chiqmasdan, murosa qilib, tinchgina yashar edi”, degan qarashlar kelib chiqadi. Ajrim oqibatida “boshi ochiq” ayol va “bo‘ydoq” erkaklar paydo bo‘ladi. Bu holat odatda jamiyatda zino va hayosizliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lib, ma’naviy muhitni buzilishiga olib kelmoqda. Oqibatda ba’zi “boshi ochiq” yoshgina ayollar noqonuniy ikkinchi, uchinchi va hatto to‘rtinchi xotinlikka ham rozi bo‘lmoqdalar.
  2. O‘rtadagi farzandlarni tirik yetim bo‘lib, sarson bo‘lishi. Bechora farzandlar o‘rtada sarson va sargardon bo‘lib, nima qilishni bilmaydi. Otasiga boray desa ona norozi, onasiga boray desa ota ruxsat bermaydi. Otasi bilan suhbatlashsa, “onang unday, onang munday” deganga o‘xshagan gaplarni gapirib bolaga onasini yomonlaydi va yomon ko‘rsatishga harakat qiladi. Onasi bilan gaplashsa, “otang bunday, otang unday” degan gaplarni gapirib bolaga otasini yomonlaydi. Natijada bola ikki o‘tni orasida qolib, bir qancha mashaqqatlarga duch keladi. Tarbiyasi buziladi. Ota-ona ajrimi aksar hollarda farzandni noqobil bo‘lib voyaga yetishiga sabab bo‘ladi. Afsuski, qarovsiz qolayotgan, ota-onasi bor ba’zi bolalarni mehribonlik uylariga topshirish holatlari ham uchramoqda.
  3. Ajrashuvchi ikki yoshning ota-onalarining mashaqqat chekishi. Ota-ona orzu havas qilib, qancha mehnat-mashaqqat va qiyinchiliklar bilan farzandini to‘y qilib: “Zimmamdagi vazifani bajardim, bolamni oilali qildim” deb endi erkin nafas olib turgan paytda farzandini oilasi buzilsa, ota-onaga moddiy va ma’naviy jihatdan qattiq zarba bo‘ladi. Ota-ona va boshqa barcha qarindoshlar ruhiy iztirobga tushadi.

Oilaviy ajrimni mazkurlardan boshqa bir qancha zarar va ziyonlari mavjud. Bir oila buzilishi sababli ko‘plab musulmonlarning o‘rtalarida dushmanchilik paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham Shaytonni eng xursand qiladigan ish - oila buzilishidir. Bu haqda hadisda shunday keladi:

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblis o‘z taxtini suv ustiga quradi va o‘z lashkaridan guruhlarni yuboradi. Ularning eng ko‘p fitnachisi, unga eng yaqinidir. Birisi kelib “undoq qildim, bundoq qildim” deydi. U bo‘lsa “hech narsa qilmabsan!” deydi. Keyin boshqa biri kelib “uni qo‘yarda qo‘ymay xotini bilan orasini buzdim” deydi. U esa o‘shani o‘ziga yaqinlashtirib “Ha! Balli! Qanday ham yaxshisan!” deydi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).

Shunday ekan, har bir yangi qurilayotgan oilalarni tinch, baxtli-saodatli yashab ketishiga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak. 

ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida  

“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2019 yil 26-27 yanvar kunlari Andijon viloyatida “Mehr-muruvvat karvoni” hamda “Siz bizga keraksiz” xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 80 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, 18 nafar nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari, 580 nafar gapirishida va eshitishida nuqsoni bor imkoniyati cheklangan shaxslarga xayriyalar qilindi. Mazkur tadbirlarda jami 100 848 450 (yuz million sakkiz yuz qirq sakkiz ming to‘rt yuz ellik) so‘mlik tovar va moddiy boyliklar xayriya sifatida taqdim qilindi.

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ

ya’ni: Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat). 

Muhtaram imom-domla! Bundan keyin har doim kelgusi jumada bo‘ladigan mavzuni jamoatga e’lon qilib borasiz. Kelgusi juma ma’ruzasi mavzusi “IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANISH ODOBI” haqida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

10.01.2025   6606   5 min.
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

 - 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ


Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.


Nazmiy bayoni:

Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.

Lug‘atlar izohi:

وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.

حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.

وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.

الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.

عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.

بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:

“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].

Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.

Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

 


[1] Ra’d surasi, 15, 16-oyatlar.