O‘tgan 27 yanvar kuni Misr davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon domla Homidov va Kamoliddin Mahkamov O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari hamroxligida Iskandariya shahridagi “Iskandariya” kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, boy tajribalarni o‘zlashtirdilar.
Ma’lum bo‘lishicha, Iskandariya kutubxonasida 2 mln. 310 mingdan ziyod qo‘lyozma, toshbosma va boshqa asarlar mavjud. Kutubxona qo‘lyozmalar markazi mudiri Midhat Iysa, qo‘lyozmalarni ta’mirlash bo‘limi boshlig‘i Voil Muhammad Ibrohim va qadimiy asarlarga kimyoviy ishlov berish bo‘limi boshlig‘i Husom ad-Diyb bilan muloqotlar o‘tkazilib, foydali ma’lumotlarni qo‘lga kiritildi.
Uchrashuvlarda misrlik mutaxassislar o‘zbekistonlik mas’ul xodimlarga qo‘lyozma va toshbosma asarlarni saqlash, kimyoviy tekshiruvlar o‘tkazish, kitoblarni ta’mirlash, qo‘lyozma va toshbosma asarlardan elektron nusxa olish hamda foydalanish tartiblari haqida batafsil gapirib berdilar.
28 yanvar kuni esa mutaxassislarimiz Qohira shahridagi Milliy kutubxona va Davlat bosh arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu fondda “Usmon Mus'hafi” hamda qo‘lyozma va toshbosma asarlar saqlanar ekan. Kutubxona xodimlari o‘zbekistonlik mutaxassislarga qo‘lyozma va toshbosma asarlarning saqlanishi, kimyoviy ishlovlar berish, kitoblarni ta’mirlash bosqichlari va nodir asarlar uchun maxsus qog‘ozlar tayyorlash tartiblari haqida atroflicha ma’lumotlar berdilar.
Misr safari davom etmoqda
O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati