Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo dedi:
«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratdik»
(Qamar surasi, 49).
Ibn Javziy tafsirlarida bu oyatning nozil bo‘lish sababi xususida ikki xil gap borligini aytganlar: Birinchisi, Makka mushriklari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan taqdir haqida tortishganlar. Shunda mazkur oyat nozil bo‘lgan (Muslim rivoyati). Abu Umoma roziyallohu anhu: «Bu oyat qadariyalar xususida», deganlar. Ikkinchisi, Najron yepiskopi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, gunohlar ham taqdir-qadar bilan sodir etiladi, deb da’vo qilasan. Bunday emasku», dedi. Shunda ushbu oyatlar nozil bo‘ldi: «Albatta, jinoyatchi-osiy kimsalar gumrohlik va ahmoqlikdadirlar. Ular yuztuban hollarida do‘zaxga sudraladigan Kunda (ularga): «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar!» (deyilur). Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov-qadar bilan yaratdik» (Qamar surasi, 47–49).
«Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratganku!»(Vas-soffot surasi, 96).
Ibn Jarir aytganlarki, bu oyatni ikki xil tushunish mumkin. Alloh sizlarni va amallaringizni yaratgan yoki Alloh sizlarni va yasab olgan butlaringizni yaratgan. Bu oyat bandalarning ishlari maxluq ekaniga hujjatdir. Allohu a’lam. «Jonga va uni raso qilib-yaratib, unga fisq-fujurini ham, taqvosini ham ilhom qilib-o‘rgatib qo‘ygan Zotga qasamki…» (Vash-shams surasi, 8). Said ibn Jubayr aytganlar: «Alloh nafsga fujurini ham, taqvosini ham yuklab qo‘ydi». Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo: «Qadar-taqdir yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi –ular taqdir qilinmagan», deb da’vo qiladigan qavm haqida: «Agar ularga yo‘liqsang, men ulardan begonaligimni, ular mendan begona ekanliklarini ularga aytib qo‘y. Mabodo ulardan birining Uhudchalik tillasi bo‘lsayu, uni infoq qilsa, to qadarga iymon keltirmagunicha Alloh uni qabul qilmaydi», dedilarda, so‘ng Jabroil alayhissalom hadisini zikr qildilar. Jabroil Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: «Iymon nima?»
deb so‘raganida, u zot sollallohu alayhi vasallam: «Allohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga, yaxshilik va yomonlik qadardan ekaniga ishonmog‘ing!» deya javob berganlar (Muslim rivoyati).
Allohga iymon keltirish – Alloh taolo mavjud, ulug‘ va mukammal sifatlar bilan sifatlangan nuqsonlardan pok, yolg‘iz, behojat, barcha maxluqotlarni yaratgan, ular ustida xohlaganidek tasarruf etadigan va O‘z mulki-saltanatida istagan narsasini qiladigan zot, deb tasdiqlashdir. Farishtalarga iymon keltirish ularni Allohning bandalari deb tasdiqlashdir.
«…Yo‘q (farishtalar aslo Allohning bolalari emas, balki) ulug‘ bandalardir. (Farishtalar) U zotdan ilgari biron so‘z aytmaydilar (ya’ni, Alloh buyurmagan biron ishni qilmaydilar). Ular (Allohning) amr-farmoni bilangina amal qilurlar. U zot ularning oldilaridagi (qiladigan) va orqalaridagi (qilib o‘tgan) barcha ishamallarini bilur. Ular (Qiyomat qoyim bo‘lgan Kunda) faqat (Alloh) rozi bo‘lgan kishilarnigina shafoat qilurlar – qo‘llay olurlar. Ularning o‘zlari (Allohdan) qo‘rqib xafvu xatarda tururlar» (Anbiyo surasi, 26–28).
Kitoblarga iymon keltirish – Alloh taolo O‘zining tanlab olgan elchilariga vahiy qilgan kalomini tasdiqlashdir. Bu kalomlar jamlanib, devon qilinib, pokiza sahifalar va qiymatli kitoblarga aylangan. Mo‘min ulardan bilganiga batafsil, bilmaganiga umumiy suratda iymon keltiradi. Payg‘ambarlarga iymon keltirish – ularning Alloh taolo nomidan bergan xabarlariga ishonishdir. Alloh ularni rostgo‘yliklariga dalolat qiladigan mo‘jizalar bilan qo‘llab quvvatlagan, ular Allohning risolatini yetkazganlar, mukallaf bandalarga Allohning buyruqlarini bayon qilib berganlar. Ularni ehtirom qilish va ulardan birontasini ajratib qo‘ymaslik vojib bo‘ladi. Oxirat kuniga iymon keltirish – Qiyomat kunini va u kunda ro‘y beradigan qayta tirilish, mahshargohga to‘planish, hisob-kitob, mezon, pulsirot, jannat va do‘zax, bu ikkisi muhsinlarga savob, nobakorlarga jazo diyori ekanini va bulardan boshqa sahih naqlda kelgan narsalarni tasdiqlashdir. Taqdirga iymon keltirish quyidagi oyati karimalar ifodalaydigan ma'nolalarni tasdiqlashdir: «… Holbuki, sizlarni ham, yasab olgan butlaringizni ham Alloh yaratganku!»(Vas-soffat surasi, 96).
«Albatta, Biz har bir narsani (aniq) o‘lchov bilan yaratgandik» (Qamar surasi, 49).
«Na yerga va na o‘zlaringizga biron musibat yetmas, magar (etsa), Biz uni paydo qilishimizdan ilgari Kitobda (Lavhul-Mahfuzda bitilgan) bo‘lur. Albatta, bu Allohga osondir» (Hadid surasi, 22).
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Bilginki, agar senga biron narsada foyda berish uchun butun ummat to‘plansa ham, faqat Alloh taolo sen uchun yozib qo‘ygan narsa bilangina foyda beradi. Agar senga biron zarar yetkazish uchun to‘plansa ham, faqat Alloh taolo yozib qo‘ygan narsa bilangina zarar yetkazadi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan» (Termiziy rivoyati).
Salaflar va xalaf imomlarining mazhabi-fikri shuki, kimda-kim bu ishlarni hech shubhalanmasdan va ikkilanmasdan qat’iy tasdiqlasa, mo‘min bo‘ladi. Bu tasdiq yorqin hujjatlar orqali bo‘ladimi yoki qat’iy e’tiqodlar yordamidami, farqi yo‘q. Vallohu a’lam. Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh maxluqotlar taqdirini osmonlaru yerni yaratishidan ellik ming yil oldin yozib qo‘ygan» (Muslim rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, bir kishi: «Yo Rasululloh, bugungi amallar nimaga bog‘liq? Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsagami yoki biz endi qiladigan, endi sodir bo‘ladigan narsagami?» deb so‘radi. «Qalamlar qurib, taqdirda belgilangan narsaga bog‘liq», dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. «Unda amal qilishning nima keragi bor?» deb so‘ragan edi, «Amal qilinglar, har bir kishi muyassar bo‘lguvchidir», dedilar Nabiy. (Muslim rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Har bir narsa qadar-taqdir bilandir. Hattoki ojizlik va ziyraklik ham»
(Ahmad va Muslim rivoyati).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qadariyalar va murjialar bu ummatning majusiylaridir. Agar ular kasal bo‘lsalar, ziyorat qilmanglar va agar o‘lsalar, (janozalarida) qatnashmanglar» (Taboroniy rivoyati).
Rivoyat qilishadiki, Alloh qiyomat kunida avvalgilaru oxirgilarni to‘plagan vaqtda bir jarchiga buyuradi, u: «Allohning xusumatchilari qani?» deb nido qiladi. Bu nidoni avvalgilaru oxirgilar eshitadi. Shunda qadariyalar o‘rinlaridan turadilar va ularga do‘zaxga kirish buyuriladi. Alloh taolo aytadi: «Do‘zax azobini totib ko‘ringlar. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov – qadar bilan yaratdik». Alloh bandaga ma’siyat-gunoh ishni taqdir qilib, so‘ng u sababli azoblashi joiz emas, deb tortishganlari uchun ularga: «Allohning xusumatchilari», deyiladi. Rivoyat qilinadiki, Alloh qaysi payg‘ambarni yuborgan bo‘lsa, uning ummatida qadariyalar va murjialar bo‘lgan. «Alloh yetmishta payg‘ambar tilida qadariya va murjialarni la’natladi». Xabarda keltirilishicha, «Qadariyalar bu ummatning majusiylaridir». Yana aytiladiki: «Har bir ummatning majusiylari bo‘ladi. Bu millatning majusiylari esa taqdir-qadar yo‘q, ishlar endi sodir bo‘ladi, deb da’vo qiladigan kimsalardir».
Hasan Basriy hazratlari aytganlar: «Allohga qasamki, agar bir qadariy arqonday bo‘lib qolguncha ro‘za tutsa, so‘ng simday bo‘lib qolguncha namoz o‘qisa ham, Alloh uni do‘zaxga yuztuban uloqtiradi. Keyin unga: «Do‘zax azobini totib ko‘r. Albatta, Biz har bir narsani aniq o‘lchov – qadar bilan yaratdik», deyiladi». Fasl
Tobe’inlar, musulmon imomlari, salaflar va fuqaholardan yetmish kishi quyidagi ishlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnat ekanligiga ijmo‘ qilganlar: «Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lish, buyrug‘iga taslim bo‘lish, hukmi ostida sabr qilish, buyurgan narsalarini bajarish, qaytargan narsalaridan tiyilish, Alloh uchun xolis amal qilish, yaxshiyu yomon taqdirga iymon keltirish, din xususidagi tortishuvmunozara va xusumatni tark etish, mahsiga mahs tortish, vafot etgan ahli qiblaga janoza o‘qish. Iymon – so‘z, amal va niyatdir, toat bilan ziyodalashadi, osiylik bilan kamayadi. (Izoh: Bu fikr Shofe’iy mazhabinikidir. Hanafiy mazhabi ulamolari fikriga ko‘ra esa, iymon – til bilan iqror bo‘lish, qalb bilan tasdiqlashdir. Shuningdek, iymon ziyoda yoki kam bo‘lmaydi, balki uning nuri ko‘payib ozayadi. ) Qur’on Allohning kalomidir. Uni Jabroil Allohning payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga olib tushgan. U maxluq emas. Sulton tarafidan adolat yoki zulm sodir bo‘lsada, uning bayrog‘i ostida sabr qilinadi. Amirlar jabr-zulm qilsalar ham, ularga qarshi qilich ko‘tarmaymiz. Ahli qibladan birontasini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofir hisoblamaymiz. Faqat o‘sha gunohni halol deb bilsa, kofir deymiz. Ahli qibladan birontasiga qilgan yaxshi amali sababli jannatiy deb guvohlik bermaymiz. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jannatiy deb guvoh bergan zotlar bundan mustasno. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari orasida bo‘lib o‘tgan narsalar xususida tilimizni tiyamiz, bahslashmaymiz. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan keyin maxluqotlarning eng afzali Abu Bakr, so‘ng Umar, so‘ng Usmon, so‘ng Ali ibn Abu Tolibdir (Alloh barchasidan rozi bo‘lsin). Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning barcha azvoji mutohharolari (ayollari), avlodlari va as'hoblariga Allohning rahmatini so‘raymiz.
Imom Hofiz Shamsiddin Zahabiy
“Gunohi kabiralar” kitobidan
http://vakillik.uz
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.