Misr davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon domla Homidov va Kamoliddin Mahkamov O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi vakillari hamroxligida al-Azhar kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, boy tajribalarini o‘zlashtirdilar.
Al-Azhar kutubxonasi mudiri Abdulmajid Ahmad Abdullatif va malakali mutaxassislardan noyob asarlarni saqlash, ta’mirlash, elektron nusxalarini olish va foydalanish tartiblari borasidagi ko‘p yillik tajribalar o‘rganildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan arab yozuvidagi qo‘lyozma asarlar, toshbosma kitoblarning saqlash va ta’mirlash holati monitoring qilinib, ularning elektron bazasini shakllantirish ishlari boshlangan. Shu bilan birga, Diniy idora fondida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozmalarni bosqichma-bosqich ta’mirlash uchun zarur kimyoviy moddalarni ishlatish, fondni zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha amaliy harakatlar ham boshlab yuborilgan.
Misr safari mana shunday ishlarni eng yuqori sifatda amalga oshirishda juda qo‘l keladi. Diniy idora fondidagi qo‘lyozma va toshbosma manbalarni ta’mirlashda muayyan muammolar bor edi. Ayniqsa, soha mutaxassislari maslahati va tajribasiga ehtiyoj katta. Chunki so‘nggi yillarda fonddagi ayrim asarlarni ta’mirlash zarurati paydo bo‘lmoqda. Bunday dolzarb masalalarning oqilona yechimi – innovatsiya, intellektual bilim va ilm-fanning yangi yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishdir.
Bu borada jahon miqyosida noyob hisoblangan Misr davlatidagi yirik kutubxonalar, ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarning boy tajribalari juda ham katta foyda berishiga ishonamiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV