Samarqand bosh imom xatibi Z.Eshonqulov boshchiligida Samarqand shahri hamda Samarqand tumani imom-xatiblar viloyatimizning qator diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildilar.
Dastlab, “Imom Buxoriy” majmuasi ziyorat etildi. Keyin esa majmua yonida qad ko‘targan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan tanishildi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur inshooatlar bilan tanishib, ushbu maskan bizga buyuk ajdodlarimizning kimligini anglatishi, ma’naviyat, ma’rifatni targ‘ib etishini ta’kidlagan va bu yerni har bir yurtdoshimiz ziyorat qilishi maqsadga muvofiqligini qayd etgan edi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shukrullo Umarov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz va hadis ilmi maktabining yaratilish tarixi, bu yerda ikki yil davomida amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning buyuk ajdodimiz merosini o‘rganishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi. Markazdagi muzey va tarixiy qo‘lyozmalar fondi ushbu maskanning tom ma’noda xalqaro ahamiyat kasb etishi, uning dunyo miqyosidagi nufuzi va salohiyati yuksakligini ko‘rsatib turishi qayd etildi.
Imom-xatiblarga markaz qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarni o‘rganish va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Markaz yonida bunyod etilgan Hadis ilmi maktabida tinglovchilar uchun yaratilgan sharoit, bu yerdagi o‘quv jarayonlarning zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslanganligi imomlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu kuni “Maxdumi A’zam” hamda “Xo‘ja Donyor” ziyoratgohlariga ham tashrif buyurildi.
Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati
Tirikmisiz? Hayotning qadriga yeting.
Charchadingizmi? Alloh yaratgan tabiat qo‘yniga chiqing dam oling, tafakkur qiling!
Yiqildingizmi? Allohdan sabr va kuch so‘rab, o‘rningizdan turing.
Sizdan so‘rasalar, o‘ylanmay beravering. Zero, hamma narsa Allohniki. Alloh vaqtinchalik sizga berib turibdi, xolos. O‘rni bo‘lsa, muhtojlarga ulashib, savobini olib qoling.
Sizni qadrlamasalar xafa bo‘lmang, qadrlashlarini so‘ramang ham. Ammo sha’ningiz toptalgan joyda qolmang.
O‘rgatsalar, o‘rganing saboq oling. Hayot sinovlari oldida yengilmang. Kurashib yashang. To hayot ekansiz, har bir ne’matning shukrini qiling. Bu foniy olamda hammasi sinov ekanini esdan chiqarmang.
Akbarshoh Rasulov