Xabaringiz bor, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolar, jumladan, eshitish-so‘zlash va ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar bilan tizimli ravishda uchrashuvlar, xayriya tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Bu kabi uchrashuvlar, o‘zlariga qaratilayotgan e’tibordan mamnun bo‘layotgan yurtdoshlarimiz tashkil etilayotgan tadbirlardan o‘zlari uchun ko‘plab bilim, manfaatlar topayotganliklarini ko‘zlarda yosh bilan izhor qilishmoqda. Yaqinda o‘tgan Robi’ul avval oyi munosabati bilan ilk bor imkoniyati cheklangan musulmonlar uchun maxsus Mavlid tadbirlarida Payg‘ambar solallohu alayhi vasallmaning muborak siyratlari go‘zal ijod namunalari, ko‘rgazmali vositalar asosida tanishtirilgan edi.
Endi esa, yana bir xushxabar - yurtimizning markaziy masjidlarida imkoniyati cheklangan fuqarolar, eshitish va nutq a’zolarida nuqsoni bor kishilar uchun Juma mav’izasi Surdo tarjimon vositasida masjidda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatiladi. Buning uchun Respublikaning har bir xududidagi markaziy masjidda Juma mav’izalarini surdo-onlayn uzatish imkoniyatlari yaratiladi. Bunda o‘sha masjid tashqi qismiga muayyan toifaga mansub nogironligi bor kishilar uchun maxsus imkoniyatlar mavjudligini bildiriruvchi xalqaro belgi qo‘yiladi. Juma namoziga kelgan imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlari uchun belgilangan joyda monitorlarlarda imom-xatibni, uning yonida esa surdo tarjimon harakatlarini kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladilar.
Kecha birinchi bor Toshkent shahrining “Shayx Zayniddin”, Toshkent viloyatining “Chirchiq markaziy jome masjidi”, Samarqand viloyatining “Xo‘ja Is'hoq Valiy” jome masjidlarida Juma mav’izalari to‘g‘ridan to‘g‘ri surdo tarjimon vositasida tushuntirib berildi.
Juma namozi ado etilgach, namozxonlardan biri Shuhrat Abdurahimov o‘zlariga yaratib berilgan bunday imkoniyatlardan sevinib, tarjimon vositasida quyidagi dil so‘zlarini izhor qildi:
“Avvallari islom dini haqidagi bilimlarga deyarli ega emasdim. Chunki buni menga o‘rgatadigan kishi bo‘lmagan. Tashkil etilayotgan suhbatlar, mav’izalar yordamida shukurki, hidoyatdan bahramand bo‘lmoqdaman. Bugun ham Alloh taoloning uyida mav’izalardan ta’sirlanib, avvalgi xatolarim, gunohlarim uchun pushaymonda bo‘lib, yig‘lab tavbalar qildim... Sizlarga katta rahmat. Bizlarni tarbiyalayapsizlar. Ma’rifatga chorlayapsizlar.
Bunday ezgu tadbirlar har bir viloyatda, ko‘plab masjidlarda bo‘lishini istardim. Afsuski surdo tarjimonlar hozirda yetarli emas. Inshalloh kelajakda ularning soni ko‘payib, biz kabilar ham Juma mav’izalaridan rohatlanib bahramand bo‘lishlarini Alloh nasib etsin.”
Kelgusi Juma namozidan, 1 fevraldan Respublika bo‘ylab 25 ta jome masjidda maxsus surdo-onlayn tarjimalar tashkil etilishi belgilangan. Mazkur loyiha bosqichma-bosqich keyinchalik har bir viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu kabi xayrli loyihalar yurtimizda diniy soxada amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Bugun Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla Kenjayev boshchiligida Gurlan tumanidagi “Usmon Said bobo” jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda imom-xatiblar, vakillik xodimlari, tuman bosh imom-xatiblari va otinoyilari, shuningdek, “Haj – 2024” ziyoratchilari, mahalla raislari ishtirok etdi.
So‘ngra hududdagi oilalarga kirilib, ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, nogironligi bor oilalar holidan xabar olindi. Ayrim sabablarga ko‘ra arazlashib qolgan oilalar imomlar, hojilarning hayot tajribasidan kelib chiqqan gaplaridan ta’sirlanib, yarashib oldilar.
Shuningdek, adashib aqidasi buzuq kimsalar tuzog‘iga tushib qolgan fuqarolar bilan ham suhbatlar o‘tkazilib, ularga islomning sof ta’limoti haqida ma’lumotlar berildi.
Bunday xayrli ishlar, ya’ni xalqqa xizmat qilib, odamlarni rozi qilish, Haqning roziligiga sabab bo‘ladi, inshoalloh.
So‘ngra imomlarning yo‘nalishga doir amalga oshirgan ishlari ko‘rib chiqildi.
Xayrli duolar bilan tashrif o‘z nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati