Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyul, 2025   |   29 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:11
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:52
Xufton
21:21
Bismillah
24 Iyul, 2025, 29 Muharram, 1447

O‘zbekiston masjidlarida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus Juma mav’izalari tashkil etiladi

26.01.2019   8246   3 min.
O‘zbekiston masjidlarida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus Juma mav’izalari tashkil etiladi

Xabaringiz bor, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan nogironligi bo‘lgan fuqarolar, jumladan, eshitish-so‘zlash va ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan fuqarolar bilan tizimli ravishda uchrashuvlar, xayriya tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Bu kabi uchrashuvlar, o‘zlariga qaratilayotgan e’tibordan mamnun bo‘layotgan yurtdoshlarimiz tashkil etilayotgan tadbirlardan o‘zlari uchun ko‘plab bilim, manfaatlar topayotganliklarini ko‘zlarda yosh bilan izhor qilishmoqda. Yaqinda o‘tgan Robi’ul avval oyi munosabati bilan ilk bor imkoniyati cheklangan musulmonlar uchun maxsus Mavlid tadbirlarida Payg‘ambar solallohu alayhi vasallmaning muborak siyratlari go‘zal ijod namunalari, ko‘rgazmali vositalar asosida tanishtirilgan edi.

Endi esa, yana bir xushxabar - yurtimizning markaziy  masjidlarida imkoniyati cheklangan fuqarolar, eshitish va nutq a’zolarida nuqsoni bor kishilar uchun Juma mav’izasi Surdo tarjimon vositasida masjidda to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatiladi. Buning uchun Respublikaning har bir xududidagi markaziy masjidda Juma mav’izalarini surdo-onlayn  uzatish imkoniyatlari yaratiladi. Bunda o‘sha masjid tashqi qismiga muayyan toifaga mansub nogironligi bor kishilar uchun maxsus imkoniyatlar mavjudligini bildiriruvchi xalqaro belgi qo‘yiladi. Juma namoziga kelgan imkoniyati cheklangan fuqarolar o‘zlari uchun belgilangan joyda monitorlarlarda imom-xatibni, uning yonida esa surdo tarjimon harakatlarini kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladilar.

Kecha  birinchi bor Toshkent shahrining “Shayx Zayniddin”, Toshkent viloyatining “Chirchiq markaziy jome masjidi”, Samarqand viloyatining “Xo‘ja Is'hoq Valiy” jome masjidlarida Juma mav’izalari to‘g‘ridan to‘g‘ri surdo tarjimon vositasida tushuntirib berildi.

Juma namozi ado etilgach, namozxonlardan biri Shuhrat Abdurahimov o‘zlariga yaratib berilgan bunday imkoniyatlardan sevinib, tarjimon vositasida quyidagi dil so‘zlarini izhor qildi:

“Avvallari islom dini haqidagi bilimlarga deyarli ega emasdim. Chunki buni menga o‘rgatadigan kishi bo‘lmagan. Tashkil etilayotgan suhbatlar, mav’izalar yordamida shukurki, hidoyatdan bahramand bo‘lmoqdaman. Bugun ham Alloh taoloning uyida mav’izalardan ta’sirlanib, avvalgi xatolarim, gunohlarim uchun pushaymonda bo‘lib, yig‘lab tavbalar qildim... Sizlarga katta rahmat. Bizlarni tarbiyalayapsizlar. Ma’rifatga chorlayapsizlar.

Bunday ezgu tadbirlar har bir viloyatda, ko‘plab masjidlarda bo‘lishini istardim. Afsuski surdo tarjimonlar hozirda yetarli emas. Inshalloh kelajakda ularning soni ko‘payib, biz kabilar ham Juma mav’izalaridan rohatlanib bahramand bo‘lishlarini Alloh nasib etsin.”

Kelgusi Juma namozidan, 1 fevraldan Respublika bo‘ylab 25 ta jome masjidda maxsus surdo-onlayn tarjimalar tashkil etilishi belgilangan. Mazkur loyiha bosqichma-bosqich keyinchalik har bir viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu kabi xayrli loyihalar yurtimizda diniy soxada amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Umrada sa’y qilmaslik

23.07.2025   2239   1 min.
Umrada sa’y qilmaslik

Savol: Umraga borgan kishi, yetti marta tavofni qilib bo‘lgach, toliqib qolib, Safo va Marva orasida sa’yni qilmay, mehmonxonaga ketib qolsa, nima qilishi lozim bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu odam mehmonxonada biroz orom olgach, haramga qaytib, sa’yni qilishi vojib bo‘ladi. Chunki Safo va Marva orasida yetti marta sa’y qilish umraning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun umra qilayotgan odam tavofdan keyin sa’yni tugatmaguncha ehromdan chiqa olmaydi. Agar sa’ydan oldin sochini oldirib, ehromdan chiqqan bo‘lsa, o‘z vaqtidan oldin ehromdan chiqqani uchun, zimmasiga bir jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Shu bilan birga sa’yni qilishi ham lozim bo‘ladi. Agar keksa yoki bemorligi tufayli o‘zi yurishga qiynalsa, aravada sa’y qilsa ham joiz bo‘laveradi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.