Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Avgust, 2025   |   12 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:52
Quyosh
05:23
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:38
Xufton
21:02
Bismillah
06 Avgust, 2025, 12 Safar, 1447

Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qurollari

25.01.2019   4649   4 min.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qurollari

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining istaklariga ko‘ra nochorlikda kun kechirganliklari haqida ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Ammo, jang qilish va safarga chiqishlari uchun bir nechta qurol va ulovlari bo‘lganligi haqida ham manbalarda keltirilgan. Jumladan Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muxammadiy” asarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qurol-aslahalari va ulovlari haqida quyidagicha ma’lumotlar keltirilgan.  Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlari vaqtida to‘qqiz dona qilichlari bor edi. Bular ichida otalari Abdullohdan meros qolgan bir qilich bo‘lib, oti Ma’sur edi. Madinaga hijrat qilganlarida shu qilichni taqinib keldilar. Ikkinchisi, Zulfiqor qilichidur. Bu ersa Badr so‘qishida dushmandan o‘lja olinmish edi. Hazrati Ali roziyalohu anhu qo‘liga o‘tgandan so‘ngra tillarda doston bo‘lib, dunyoga oti chiqqan shu qilichdur. Samsoma degan yana bir qilichlari bor edikim, arablar oldida uning ham nomi ko‘tarilmish edi. Sulaymon payg‘ambardan qolgan yana bir qilichlari bo‘lib, otini Rasub der edilar. Bu qilichning qissasi Qur’onda ham bordur. Yaman podshosi Bilqis xotin Sulaymon alayhissalomga tortiq qilib yubormish edi. Otliq-atoqlik qilichlari shulardir. Yetti kishilik urush kiyimi, sovutlari bo‘lib, bular ichida bittasi Dovud alayhissalomdan qolgan, uni yahudlardan o‘lja olmish edilar. Vafotlaridan ozgina ilgari shu sovutlardan birovini o‘ttiz so’ arpaga garov qilganlari hadis kitoblarida yozilmishdur. Uch dona qalqon, olti dona nayza, ikki dona dubulg‘alari bor edi. Minarlik ulovlardan yetti ot, olti xachirlari bo‘lib, bular ichida bir oq xachir Misr podshosi Muqovqis yuborgan hadyalar bilan kelmish edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safarda shuni ko‘proq minar edilar. Bul xochir uzun umr ko‘rib, tishlari tushib, ko‘zlari xiralashib yashamish edi. Hazrati Ali roziyalohu anhu xavorijlar bilan urushganida shu xachirni mingan edilar. Hazrati Ali roziyalohu anhudan keyin imom Hasan roziyalohu anhu, imom Husan roziyalohu anhu, imom Muhammad Hanafiya mingan edilar. Yana ikki eshaklari bor edi. Birining oti Ya’fur, yana birisi Ufayr edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so‘ngra Ya’fur o‘zini quduqqa otib halok qildi. Yana minish uchun boqilgan uchta tuyalari bo‘lib, ular Qasvo, Jad’o, Azboa deb atalmish edilar. Bular ichida Azboa bek chopog‘on — yuguruk bo‘lib, poyga chopishganida tuyalar hech oldiga o‘tmagan edi. Sahobalar muni poygaga qo‘shar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlarida shu tuyalari motam tutib, yemay-ichmay, oxiri ochlikdan halok bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ichimliklar ichida sutni yaxshi ko‘rar edilar. Sog‘ishga atalgan bir necha qo‘y, echkilari ham bor edi. Bu haqda yettidan yuzgacha rivoyat qilinmishdir. Tun saharlarida, namoz vaqtlarida qichqirganini yaxshi ko‘rib, bir dona oq xo‘roz ham asragan edilar.

— Xo‘roz qichqirganini eshitsanglar, Allohdan yaxshilik so‘rab duo qilinglar, chunki u farishtalarni ko‘rib qichqiradi. Agar farishtalar “omin” desalar, duo qabul bo‘ladi. Agar eshak hangrasa, unda Xudodan panoh so‘ranglar, u ersa shaytonni ko‘rib hangraydi, — dedilar.

Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umrlarining oxirida qo‘llaridagi bor mollari shu edi. Bular ham hijratdan keyin yig‘ilgan mollardur. Hijratdan ilgari Makkada turgan chog‘larida va Madinaga yangi kelganlarida eng faqir, eng miskin oilalar qatorida umr o‘tkazur edilar. Ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatgan, o‘rgatgan yo‘llari ersa, Qur’onning zohiriy shariat yo‘llari erdi. Lekin o‘zlari oilalari bilan tariqat yo‘lini tutdilar Abu Zar G‘iforiy, Salmon Forsiy, Abu Dardo roziyalohu anhular kabi xos sahobalariga ham ixtiyoriy ravishda shu yo‘lni o‘rgatdilar. Chunki shariat kamoli tariqat bilan bo‘lur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

— Mening ulamo ummatlarim Bani Isroil payg‘ambarlari kabidur, — dedilar.

 

Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

«Ishorai sabboba» qanday amal?

04.08.2025   13265   3 min.
«Ishorai sabboba» qanday amal?

Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.  Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.

Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora  qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.

Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan  umidini kesadi”.

Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.

Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.

«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.

Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi

imom noibi Anvarxon Akramov

Manba: @Softalimotlar