Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Nega Ayyub alayhissalom sabr qildilar?
Nega Maryam onamiz odamlarning oldiga go‘daklarini ko‘tarib chiqdilar?
Nima uchun Ibrohim alayhissalom olovdan qo‘rqmadilar?
Nima uchun sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam g‘orda mahzun bo‘lmadilar?
Chunki ularning barchalari Alloh taolo haqida yaxshi gumonda bo‘lgan edilar.
“Fikr durdonalari”
*****
Vafo juda qimmat narsa. Uni arzon kimsalardan kutmang.
“Fikr durdonalari”
*****
Biz ularni taniganimizdan beri bitta yuz bilan yurganlarga tashakkur aytamiz!
“Fikr durdonalari”
*****
Hayot qanchalik qiyin, eshiklar har qancha qulf bo‘lmasin, esingda tut, Muso alayhissalomga dengizni ikkiga ajratib, yo‘l ochib bergan Zot sen uchun ham barcha berk eshiklarni ochishga qodirdir. Sen qo‘llaringni ko‘tarib: “Ey Robbim!” degin!
“Fikr durdonalari”
*****
Yuzimizdagi ajinlar do‘stlarning firoqi, yaxshi ko‘rgan insonimiz ko‘nglimizni qoldirishi, mahzunli xabar sababli paydo bo‘ladi.
“Fikr durdonalari”
*****
Agar senga asabing buzilishiga sabab bo‘ladigan maktub kelsa, unga javob berishga shoshilma. Javob berishni ertangi kunga qoldir. Ertasi kuni asablaring joyiga kelgach, shoshmasdan, hikmat bilan javob berishing yoki mazkur maktub javob yozishga arzimaydigan bo‘lishi ham mumkin.
“Fikr durdonalari”
*****
Agar bir ma’siyatga tushib qolsang, uni hech bir odamga aytma. Chunki odamlar yoyib, sharmanda qiladilar. Alloh taolo berkitib, afv qiladi.
“Fikr durdonalari”
To‘plab, tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov
Vafot etishingiz bilan dastlab nomingiz odamlar yodidan ko‘tariladi. G‘assol kelsa: “Mayit qayerda” – deydi. Mansabingizni ham, nasabingizni ham va hatto ismingizni ham so‘ramaydi. Janozangizni o‘qishdan oldin Imom: “Marhumning yoshi nechchida edi?” – deydi. Mansabingiz ham, nasabingiz ham va hatto nomingiz ham zikr qilinmaydi. Keyin: “Tobutni ko‘taringlar!” – deyiladi. Bunda ham na mansabingiz, na nasabingiz va na nomingiz eslanadi. Hayotda tez unutilasiz, shunchaki xotiraga aylanasiz. Esingizdan chiqarmang, hamma narsa o‘tkinchi sizdan faqat yaxshilik qoladi xalos..!
Xulosa shuki, bugun sizu bizga ALLOH tomonidan umr berildi. Bugun yangi tong otdi. Siz uyg‘ondingiz, buning uchun ALLOHga hamd aytishni unutmang. Dunyoning qaysidir burchagida qanchadan-qancha odam bugun uyg‘onmadi.
Avvalo, yoningizda bo‘lishsa, ota-onangizning hollaridan xabar oling, yoningizda bo‘lishmasa telefon orqali avhol so‘rang. Har kuni ko‘chaga chiqishingizdan avval ALLOH nomini zikr qiling, hamd aytib, ota-onangizni duolarini oling. ALLOH kasbingizga molingizga rizqingizga, albatta, baraka beradi, inshaalloh. Agar bu olamdan o‘tgan bo‘lsalar haqlariga ko‘p-ko‘p duolar qiling. Shunda ham ularning haqlarini ado eta olmaysiz.
ALLOH bergan va berayotgan barcha ne’matlarni qadriga yetaylik!
Akbarshoh RASULOV