Inson farzandida mavjud bo‘lgan salbiy hislatlarning eng yomoni bu o‘zgalarga nisbatan qalbida kin va adovat, hasad yoki nafrat, badgumonlik va g‘illu-g‘ashlikning bo‘lishligidir.
Alloh taolo bizlarni bir-birimizga nisbatan samimiy bo‘lishga buyurib, qalbimizdan hasad va g‘illu g‘ashlarni chiqarib tashlashga buyuradi. Bu bejiz emas albatta. Chunki, bu dunyodagi eng og‘ir jinoyatlar va katta gunohlarning sodir bo‘lishligiga aynan shu xislatlar sabab bo‘ladi.
Hakimlar aytadilar: “Hasaddan saqlaninglar! Chunki hasad osmonda Alloh taologa osiy bo‘lishga sabab bo‘lgan birinchi gunohdir va yerda ham birinchi osiy bo‘lishga sabab bo‘lgan gunohdir”. Bu so‘zning ma’nosi shuki, Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratib, farishtalarni unga sajda qilishga buyurgan paytda iblis alayhila’na Odamga hasad bilan qaradi va sajda qilishdan kibr ila bosh tortdi. Qolaversa, Odam alayhissalomning ikki o‘g‘li Qobil va Hobilga Alloh taolo qurbonlik qilishga buyurdi va ulardan Hobilning qurbonligini qabul qilganini bildirdi. Shunday so‘ng, Qobilning qalbida Hobilga nisbatan paydo bo‘lgan hasad ohir-oqibat uni o‘ldirishgacha olib bordi.
Hasadning yana bir xatari shuki, u insonning qilgan solih amallari va yaxshiliklarining savobi ketib qolishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Hasaddan saqlaninglar. Chunki olov o‘tin yoki o‘t-hashaklarni yeganidek, hasad ham yaxshi amallarni yeb qo‘yadi”. (Abu Dovud rivoyati) Ya’ni, lovullab yonayotgan olovga tushgan o‘tin yoki xas-hashaklarning omon qolishi mumkin bo‘lmaganidek, hasad domiga tushgan kishining yaxshiliklari ham hasad sababli sodir bo‘ladigan turli gunohlar sababli habata bo‘lib ketaveradi.
Hasad shunday hislatki, u insonni doimo g‘am bilan, xafa xolatda yashashga majbur qiladi. Muofiya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu o‘g‘liga nasihat qilib aytadi: “Ey o‘g‘ilginam, hasaddan saqlangin. Chunki u sening dushmaningga yetmasdan, sening o‘zingga bilinadi”. Ahnaf ibn Qays esa bunday deydi: “Hasad qiluvchilar uchun rohat yo‘qdir”.
Hasad sababli inson qalbida nafrat, ichqoralik va adovat paydo bo‘ladi. Vaholanki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni bir-birimizga nisbatan nafratlanmaslikka, dushmanlik qilmaslikka chaqirganlar.
Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizni yomon ko‘rmang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-birlaringizga orqa o‘girib ketmang. Hamda bir-birlaringizdan aloqa uzmang. Ey Allohning bandalari! Bir-birlaringizga birodar bo‘linglar. Musulmon kishi boshqa bir musulmon bilan uch kun gaplashmasdan yurishi halol emas”, dedilar. (Muttafaqun alayh)
Hasad va nafrat shunday yomon xislatki, Alloh taolo nafaqat nafratlanmaslikka, balki, mana shu hislatni ketkazishni so‘rab duo qilishga ham buyuradi. Aytadiki: “Ulardan keyin kelganlar: “Ey Robbimiz! Bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, derlar”. (Hashr, 10)
Boshqa oyatlarda esa Alloh taolo jannatiy bandalarini jannatdagi holatlarini sifatlab shunday deydi: “Va ko‘ksilaridan g‘illu – g‘ashlarni chiqarib oldik, ostilaridan anhorlar oqib turibdi...”. ( A’rof, 43)
“ Ularning dillaridagi g‘illu – g‘ashlarni chiqarib tashladik. So‘rilarda bir-birlariga boqib, do‘st bo‘lgan hollarida o‘ltirurlar ”. (Hijr, 47)
Ushbu oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, inson qalbida boshqa musulmonlarga nisbatan nafrat, adovat va g‘illu – g‘ashtning bo‘lmasligi, jannat ahliga berilgan mukofotdan nasiba ekan.
Demak, har birimiz bu xunuk sifatlardan extiyot bo‘lishimiz, o‘zga musulmonlarga nisbatan sofdil va samimiy bo‘lishimiz zarur ekan. Zero, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning Anas roziyallohu anhuga qilgan ilk nasihatlari ichida ushbu muborak so‘zlar bor edi: “ Ey Anas! Islom kishisidan birontasiga qalbingda dushmanlik bo‘la turib kunduz va kechani o‘tkazmagin. Albatta, bu mening sunnatim va kim mening sunnatimni ushlasa, meni yaxshi ko‘ribdi va kim meni yaxshi ko‘rsa, u men bilan jannatda birga bo‘ladi ”. (Ibn Hibbon rivoyati)
Toshkent shahridagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Islomov Yorbek
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati