Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Alloh taolo yo‘qotgan narsangning o‘rniga boshqasini beradi.
Alloh taolo seni O‘z fazlida bilan boy qiladi.
Alloh taolo sening singan qalbingni tuzatadi.
Sening zaifligingni, hojatingni, tadbiring ozligini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Har qanday holatda ham faqat Unga suyan, Undan yordam so‘ra!
“Fikr durdonalari”
*****
Barchamizning boshimizda ayblardan iborat yuklarimiz bor. Agar Alloh taoloning berkitishi bo‘lmaganda edi xijolatdan bo‘yinlarimiz sinib ketgan bo‘lardi.
“Fikr durdonalari”
*****
Poyabzalim yo‘qligi uchun yig‘layotgan edim, ikki oyog‘i yo‘q odamni ko‘rib, yig‘idan to‘xtadim. Menga ikkita oyoq bergan Allohga hamd bo‘lsin!
“Fikr durdonalari”
*****
Yer yuzida qanchadan qancha birov tanimaydigan kishilar bor. Ular samoda mashhurdirlar. Me’yor taqvodadir, kuch-quvvatda emas.
“Fikr durdonalari”
*****
Olamni o‘zgartirishga urinardim. Ammo hozir bir hikmat meni qurshab oldi. Endi o‘zimni o‘zgartirishga urinaman.
Jaloliddin Rumiy rahimahulloh
*****
G‘azablanib turganingda, gapirma. Gohida (bunday paytda) so‘zing to‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin uslubing xato bo‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar bo‘rilar bilan yuzma-yuz kelish qo‘lingdan kelmasa, o‘rmonga kirma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Bobong ulug‘ inson bo‘lgan bo‘lsa-da, agar sen hech kim bo‘lsang, bundan nima foyda?!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Yetarlicha bosim ostida narsalarning va insonlarning haqiqiy ma’dani zohir bo‘ladi.
Mahmud Iroqiy
*****
Agar shakl va jism ruhdan muhimroq bo‘lganida, ruh samoga ko‘tarilmagan, jism esa tuproq ostiga ko‘milmagan bo‘lardi.
“Fikr durdonalari”
*****
Faqat siringni saqlaydigan, aybingni yashiradigan, yaxshiliklaringni yoyadigan, solih amallarga chorlaydigan kishi bilan do‘st bo‘l!
“Fikr durdonalari”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
أُولَٰئِكَ الَّذِينَ هَدَى اللَّهُ فَبِهُدَاهُمُ اقْتَدِهْ
"Ana o‘shalar Alloh hidoyat qilgan zotlardir. Bas, ularning hidoyatiga ergash" (An’om surasi, 90-oyat).
Allohim! Sen buyurganingdek namozni ado qilolmayapman.
Dovudning ro‘zasidek ro‘za tutolmayapman.
Xasta bo‘lsam, Ayyubdek sabr-toqat qilolmayapman.
Yunus nahang ichra tasbeh aytgani kabi senga tasbeh aytolmayapman.
Yahyo kabi dinimda sobit turolmayapman.
Yusuf o‘z nomusini saqlagani kabi men ko‘zimni saqlay olmayapman.
"Boraveringlar, sizlar ozodsizlar" degan so‘zga ham loyiq emasman.
Ammo... ammo men ham ular kabi Seni yaxshi ko‘raman, yo Allohim!
Sharqoviy. "Qurondan maktublar".