“Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi Jasur Akramov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Saudiya Arabistoni Haj ishlari vaziri bilan uchrashdi.
Shuningdek uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyorat turizmni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Hamidbek Hasanov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abdulhakim Aripov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i Rustam Jamilov ishtirok etdi.
Ushbu uchrashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida Haj shartnomasi imzolandi va xaj tartibotlari va jadvali buyicha O‘zbekiston hojilarini harakatlanishi yuzasidan barcha masalalar muhokama etildi.
Uchrashuvdan so‘ng ikki mamlakat vakillari ishtirokida ommaviy axborot vositalari uchun Matbuot anjumani tashkil etildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizgi uchrashuv chog‘ida haj vaziri O‘zbekiston haj ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha hech qanday e’tirozlar yo‘qligi aksincha, barcha tashkiliy ishlar o‘z vaqtida va o‘rnida hal qilinayotganligini e’tirof etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati