Ertangi kunimiz egalari bo‘lmish – yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va qat’iyatli fikr egalari etib tarbiyalash, ularning dunyoviy bilimlari bilan bir qatorda diniy bilimlarini to‘g‘ri shakllantirib borish bugun har qachongidan ham dolzarb vazifaga aylangan. Chunki hozirgi globallashuv hamda hamda e’tiqod niqobi ostidagi qarama-qarshiliklarga to‘la murakkab davr kishini ogoh va ma’nan yetuk bo‘lishga undaydi.
Bu boradagi targ‘ibot tadbirlarida Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar ham faol ishtirok etmoqdalar. Viloyatda diniy soxa xodimlari uchun "Dushanba – ta’lim muassasalari bilan ishlash kuni" deb belgilangan.
Joriy yilning 21 yanvar kuni viloyatning Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Urgut, Payariq, Ishtixon, Jomboy tumanlarida ham shu kunlarda maktab o‘quvchilari bilan “Islomning ilm olishning fazilatlari”, Internetdagi tarmog‘idagi tahdidlar, “Islomda vaqtning qadri”, “Tinchlik-ulug‘ nemat” kabi mavzularda suhbatlar o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvlardan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchi yoshlarga musaffo islomni yetkazish, dunyodagi yagona najot ilmu-ma’rifatning insoniyatga zarurati, yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, “ommaviy madaniyat” ko‘rinishidagi milliy o‘zligimiz, turmush va hayot tarzimizga mutlaqo zid bo‘lgan kiyinish va xulq-atvor ko‘rinishlaridan qaytarish, yoshlarga qaratilgan turli tahdidlar, diniy aqidaparastlikka yo‘naltirilgan ta’limotlaridan ogoh etishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Agar dinimiz ta’limotlarini diqqat bilan o‘rganilsa, tilanchilik, birovning qo‘liga qarash mutloq qoralanadi. Tilanchi bo‘lgandan ko‘ra ko‘chada o‘tin terib sotishga chorlanadi.
Keling, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning, sahobalar va ulamolarimizning dangasalikdan, tanbal va boqimanda bo‘lishdan qaytargan so‘zlarini o‘rganaylik va ulardan kerakli xulosalar chiqaraylik.
Bu xususda hadisi sharifda bunday deyiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzuriga bir kishi kelib tilanchilik qilishga ruxsat so‘radi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam undan so‘radilar: “Uyingda biron narsang bormi?”.
“Ha, bor, kunduzi ostimizga solib, kechasi ustimizga yopadigan bir eski mato va suv ichadigan idish, xolos”, dedi kishi.
“Ikkovini keltir”, dedilar. U kishi aytgan narsalarini olib keldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qo‘lga olib bunday dedilar: “Bularni kim sotib oladi?”.
Sahobalardan biri: “Men ularni bir dirhamga olaman”, dedi.
“Kim buning ustiga ziyoda qiladi?”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. Boshqa sahoba: “Men ularni ikki dirhamga olaman”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki dirhamni boyagi kishiga berib: “Bir dirhamga taom sotib olib, ahli ayolingga olib bor va qolgan bir dirhamga bolta sotib ol-da, menga olib kel”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlarini bajarib, huzurlariga bolta sotib olib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llari bilan unga sop yasadilar va boltani uning qo‘liga berdilarda: “Endi borib, o‘tin yig‘ib, uni sot”, dedilar.
Ansoriy o‘tin yig‘ib, uni sotib, o‘n besh dirhamga ega bo‘ldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bu mablag‘ning bir qismiga taom xarid qil, bir qismiga kiyim-kechak sotib ol!”.
So‘ngra aytdilar: “Bunday qilishing senga yarashadi. Tilanchilik qilishing qiyomat kuni yuzingga dog‘ bo‘lib tushadi”.
Inson hunaridan hurmat ko‘radi, Dunyoda ne eksa, shuni o‘radi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim o‘ziga tilanchilik eshigini ochsa, Alloh unga faqirlik eshigini ochib qo‘yadi. Kim o‘zini undan tiysa, Alloh ham uni saqlaydi. Kim behojat bo‘lishni so‘rasa, Alloh uni behojat qiladi. Sizlarning biringiz arqon olib, vodiydan o‘tin terib bozorga keltirib, bir mudd xurmoga sotsa, o‘sha ishi odamlar beradigan yoki bermaydigan sadaqani so‘rashidan yaxshidir” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
“Halol kasb-hunar – qut-baraka keltirar” kitobidan