So‘nggi yillarda xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, ulug‘ allomalarimizning ilmiy merosini asrab-avaylash, har tomonlama chuqur o‘rganish va ularning mazmun-mohiyatini yosh avlodga yetkazish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayni vaqtda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar samarasini oshirish zarurati bu yo‘nalishdagi ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda. Bu borada jahon miqyosida g‘oyat noyob hisoblangan, Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qo‘lyozmalar fondiga ega bo‘lgan Misr va Turkiya davlatlaridagi yirik kutubxonalar, ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarning tajribalarini o‘rganish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon Homidov va Kamoliddin Mahkamov ushbu mamlakatlarga xizmat safarlarini boshladilar.
Ma’lumki, 2017 yili muhtaram Prezidentimizning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilingan edi. Qarorga muvofiq, turli davlatlarda saqlanayotgan qadimiy noyob qo‘lyozmalar, chet el fondlaridagi mavjud asarlar nusxalarini ayirboshlash yoki olish hisobidan O‘zbekistondagi qo‘lyozma va yozma manbalar fondlarini boyitib borish belgilangan. Shuningdek, O‘zbekistonning turli tashkilotlarida saqlanayotgan arab yozuvidagi qo‘lyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarning saqlash va ta’mirlash holatini yanada takomillashtirish masalalari ham belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondida 3 ming jildga yaqin qo‘lyozma, 17 ming jilddan ortiq toshbosma kitoblar saqlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati