بسم الله الرحمن الرحيم
ISLOMDA MЕROS MASALASI
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي تَوَلَّى بِنَفْسِهِ تَقْسِيمَ الْمِيرَاثِ بَيْنَ الْوَرَثَةِ بِقَوْلِهِ "يُوصِيكُمُ اللهُ فِي اَوْلَادِكُمْ لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الْاُنْثَيَيْنِ" اِلَى آخِرِ الْآيَةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ قَالَ "مَنْ تَرَكَ مَالًا فَلِوَرَثَتِهِ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَعَلَى مَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! Azaldan har bir xalq va dinlarda vafot etganning mol-mulkini meros qilib olish qonun-qoidalari bo‘lgan. Jumladan, dinimizda ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, oyat, hadis va ijmo’da kim qancha meros olishi bayon qilingan. Chunki, merosni bo‘lish halol-harom masalasiga tegishli bo‘lib, u mol-mulkka ega bo‘lishning halol yo‘llaridan biridir. Agar merosni bo‘lishda beparvolikka yo‘l qo‘yilsa, odamlarning haqqi bir-biriga o‘tib ketadi. Meros masalasining muhimligi shundaki, uning asosiy masalalari Qur’oni karimda hal etilgan, ya’ni merosni Alloh taoloning o‘zi bandalariga bo‘lib berdi, o‘zgaga topshirmadi. Buni Qur’oni karimda shunday ifodalaydi:
...آَبَاؤُكُمْ وَأَبْنَاؤُكُمْ لَا تَدْرُونَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ لَكُمْ نَفْعًا فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا حَكِيمًا
ya’ni: “...Ota-onalaringiz va farzandlaringizdan qaysi birlari sizlar uchun manfaatliroq ekanini bilmaysizlar. (Shuning uchun meros taqsimi) Allohning (o‘zi) tomonidan (belgilandi va) farz qilib qo‘yildi. Albatta, Alloh bilimdon va hakim zotdir” (Niso surasi, 11-oyat).
“Meros” so‘zi lug‘atda moddiy yoki ma’naviy boylikni merosxo‘rga ko‘chib o‘tishini bildiradi. “Meros” lug‘aviy ma’nosida Qur’oni karimda quyidagicha keladi:
وَوَرِثَ سُلَيْمَانُ دَاوُودَ...
ya’ni: “Sulaymon (payg‘ambarlik va podshohlikda) Dovudga voris bo‘ldi...” (Naml surasi, 16-oyat).
Merosning shar’iy istilohdagi ma’nosi qo‘yidagicha: “Marhumning barcha mol-mulki tirik vorislariga o‘tishidir”. Bunda meros mol, ko‘chmas mulk yoki shar’iy haqlardan biri bo‘lishi mumkin.
Meros ilmi mazhablar o‘rtasida eng ixtilofi kam ilm hisoblanadi. Ya’ni, me’rosning aksariyat masalalarida olimlar ittifoq qilganlar. Meros ilmi ilmning uchdan biri yoki yarmi ekanligi aytiladi. Bu ilm insonlardan birinchi olib qo‘yiladigan va unutiladigan bilimlardan bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar:
تَعَلَّمُوا الْفَرَائِضَ وَعَلِّمُوهُ النَّاسَ فَإِنَّهُ نِصْفُ الْعِلْمِ وَهُوَ أَوَّلُ شَيْءٍ يُنْسَى وَهُوَ أَوَّلُ شَيْءٍ يُنْتَزَعُ مِنْ أُمَّتِي
رَوَاهُ الْاِمَامُ الدَّارَقُطْنِيُّ
ya’ni: “Faroizni o‘rganinglar va uni odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir, u birinchi unutiladigan va ummatimdan olib qo‘yiladigan narsadir” (Imom Doroqutniy rivoyati).
Meros masalalarining birinchi unitilib ketishiga sabab odamlar unga bee’tibor bo‘la boshlaydi, olimlardan ham bu haqida so‘ralmaydi, so‘ralmagandan keyin o‘qib o‘rganilmaydi, natijada asta-sekin unitilib ketadi. Voqe’lik ham shuni ko‘rsatmoqdaki, meros masalasi kishi vafotidan o‘n yillar o‘tgandan keyin ko‘tarilmoqda. Vaholangki, bu masala o‘z o‘rnida hal qilinishi kerak edi. Albatta, meros taqsimlanishida meros ilmini biladigan ulamolardan birini chaqirib uning taqsimotiga rozi bo‘lib amal qilinsa, o‘zaro kelishmovchilik, silai-rahmning uzilishiga barham berilgan bo‘lardi.
Kishi vafot etganidan keyin u qoldirgan mol-dunyoga nisbatan tartib bilan quyidagi to‘rt ish bajariladi;
1) Mayyitni kafanlash va dafn qilish. Meros qolgan moldan isrof ham, ziqnalik ham qilmasdan sarflanadi.
2) Kafanlash va dafndan so‘ng mayyit qoldirgan moldan uning qarzlari to‘lig‘icha ado qilinadi.
Gohida qoldirilgan moldan mayyitning qarzlari uzilmasdan merosxo‘rlar merosni bo‘lib olishadi va bu bilan katta gunohni bo‘ynilariga olishadi. Ba’zida qarzdor kishi uni ado qilishga yetadigan mol qoldirmasdan vafot etadi, hadislarda kelishicha bunday kishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam janoza o‘qishni istamaganlar. Shunday holatda qarzni mayyitning nomidan boshqa kishi to‘lab bersa ham qarz ado bo‘ladi. Yana, shuni ta’kidlab o‘tish joizki, qarzdor odam hech qanday mol qoldirmasdan vafot etsa, uni to‘lashga farzandlarini majburlab bo‘lmaydi.
3) Mayyitning vasiyatlari, agar shar’an joiz vasiyatlar bo‘lsa, ular mayyit qoldirgan molning uchdan biridan ado qilinadi. Merosxo‘rlarga esa vasiyat qilinmaydi. Chunki ular shunday ham meros oladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:
إِنّ الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى قد أَعْطَى لكُلّ ذِي حَقّ حَقّهُ فَلاَ وَصِيّةَ لِوَارِثٍ
رواه الامام الترمذي
ya’ni: “Alloh taboraka va taolo har bir haq egasiga haqini berdi. Meros oluvchiga vasiyat qilish yo‘q”, – deganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
4) Mayyitning yuqoridagi sarf-xarajatlardan ortib qolgan mol-dunyosi Qur’oni karim, sunnat va ijmo’da ko‘rsatilganiga binoan haqdor merosxo‘rlarga bo‘lib beriladi.
Shuning uchun meros taqsim qilinmasdan oldin mayyitning molidan xayri-ehson qilib yubormaslik kerak. Ayniqsa, mayyitning balog‘atga yetmagan farzandlari bo‘lsa, bunga nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozim. Ota yoshlik holida olamdan o‘tib, ortidan yetim farzandlari qolsa undan qolgan mol-mulk uning bolalari to balog‘atga yetgunicha avaylab, saqlab turilishi lozim bo‘ladi. Lekin ko‘pincha mayyitning xotini yoki ota-onasi bu mol-mulkni shariat ko‘rsatmasiga nomuvofiq sarflab yuborishadi. Alloh taolo bunday ogohlantirib shunday degan:
إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا
سورة النساء:10
ya’ni: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso surasi, 10-oyat). Boshqa bir oyatda esa shunday deyiladi:
وَتَأْكُلُونَ التُّرَاثَ أَكْلاً لَّمّاً
ya’ni: “Merosni esa (o‘z ulushingizga o‘zgalarnikini) qo‘shib yeyaverasiz” (Fajr surasi, 19-oyat). Mufassirlar oyati karimadagi “qo‘shib yeyaverasiz” jumlasini halolga haromni, o‘zining hissasiga boshqalarning hissasini, ayniqsa ayollar va bolalarning hissasini qo‘shib yeyish, deb tafsir qiladilar.
Yana bir muhim jihat shuki, mayyitning qarindoshlari ichida 6 kishi hech qachon merosdan butunlay mahrum bo‘lmaydi. Ular: ota, ona, er, xotin, o‘g‘il va qiz. Bu kishilarni zaifligi sababli merosdan chetlashtirishga harakat qilmaslik kerak, zero bu o‘zganing haqqini yeyish bo‘ladi.
TЕZIS ILOVASI
Muhtaram jamoat! Mav’izaning fiqhiy masalalar qismida namozni buzuvchi amallar haqida suhbatlashamiz. Quyidagi amallar namozni buzadi:
(“Muxtasarul viqoya” va “Nurul iyzoh” kitoblaridan).
Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilib, meros hukmlariga amal qilish baxtini nasib etsin! Omin.
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati