Kecha, 18 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi”, “Hadis ilmi maktabi” faoliyati bilan tanishtirish, shuningdek markaz tashabbusi bilan nashr qilingan “Imom Buxoriy ta’rifi”, “Samarqand allomalari” hamda “Odoblar xazinasi” kitoblarining taqdimotini o‘tkazish bo‘yicha tadbir o‘tkazildi. Bu haqda bilim yurti matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom etdi. Bilim yurti talabalari qiziqtirgan savollariga mehmonlar javob berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati