Horun ar-Rashidning o‘g‘li Ma’mun kichkinaligida ustozi uni tayoq bilan sababsiz urdi. Ma’mun undan: “Meni nega urdingiz?” deb so‘radi. Ustozi: “Jim!” dedi. Ma’mun har safar ustoziga mazkur savolni bersa, ustozi unga: “Jim!” derdi.
Oradan yigirma yil o‘tgandan so‘ng Ma’mun xalifalik mansabini egalladi. Uning birinchi qilgan ishi ustozini o‘z huzuriga chorlash bo‘ldi. Ustozi kelgach, undan: “Bolaligimda meni nega urgan edingiz?” deb so‘radi. Ustozi tabassum qildi va: “Haliyam unutmadingmi?” deb so‘radi. Ma’mun: “Allohga qasamki, unutmadim”, deb javob berdi.
Shunda ustoz Ma’munga: “Mazlum zulmni unutmasligini bilishing uchun shunday qilgandim. Hech kimga zulm qilma! Zulm mazlumning qalbidagi olov bo‘lib, yillar o‘tsa ham o‘chmaydi. Bandalarning bandalarga qilgan zulmlari eskirmaydi, chirimaydi. Agar mazlum zolimni kechirmasa, Alloh zolimga javob qaytarish paytini, munosib vaqtda va munosib joyda hukm qilishni belgilab qo‘yadi” dedi.
Ma’mun ustozidan ko‘p yillar davomida ilm oldi. Ammo ustozi bilan ko‘rishgan paytda, undan olgan ilmlarini emas, balki bir marta olgan tarsakisini esladi.
Ha, azizlar, zulm esdan chiqmaydigan narsa. Shuning uchun odamlarga zulm qilishdan, adolatsizlik qilishdan ehtiyot bo‘laylik!
Alloh taolo barchamizni zulm qilishdan va zulm ko‘rishdan asrasin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Imkoniyatni qo‘ldan boy bermang! Jumaga erta borganga tuya qurbonlik qilganning savobi beriladi...
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Qachonki, juma kuni bo‘lsa, masjidning eshiklaridan har bir eshikda farishtalar turadi va kelganni yozadilar. Qachonki imom kelsa, sahifalarni yopib, zikrni tinglashga kelurlar. Erta boruvchi xuddi tuya qurbonlik qilgan kabidir.
So‘ngra, xuddi qoramol qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi qo‘chqor qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tovuq qurbonlik qilgan kabi.
So‘ngra, xuddi tuxum qurbonlik qilgan kabi", dedilar.