Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Fatvo hay’ati: Din va hayotga oid savolingiz bormi?

17.01.2019   4669   4 min.
Fatvo hay’ati: Din va hayotga oid savolingiz bormi?

Muhtaram yurtdoshlarimizning diniy ehtiyojlarini qondirish va ularni qiziqtirgan shar’iy savollariga ishonchli javoblarni mo‘tabar ulamolardan olishni tashkil etish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari  idorasi “Din va hayotga oid savollar” nomli onlayn telegram kanalini ishga tushirganidan xabaringiz bor.

Ushbu telegram kanali faoliyat boshlaganiga 4-5 kun o‘tar-o‘tmas, obunachilar soni 1900 dan oshib ketgani, bir kunda 250 dan ziyod savolga javob berilayotgani xalqimizning, haqiqatan, shunday ishga katta ehtiyoji borligini namoyon etdi.

Odamlarimiz bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan va javobini topolmasdan qiynalayotgan masalalarga ulamolarimizdan munosib javoblar ola boshladilar. Jumladan, dastlabki kunlarda “qiblani aniqlash”, “mazhabga ergashish zarurligi”, “folbinlik zarari”, “azondan budilnik sifatida foydalanish” va “telefon orqali Qur’on eshitish” kabi mavzularda savollar kelib tushdi.

 

 ❓  “Telefon orqali Qur’oni karimni tinglash joizmi?” degan savolga shunday javob berildi:

– Qur’oni karimni telefon yoki shunga o‘xshash biror vosita orqali tinglash joiz bo‘lib, savobli amal sanaladi. Faqat uning o‘ziga yarasha odoblariga rioya qilinishi shart. Alloh taolo Qur’oni karimning A’rof surasida: "Qur’on o‘qilganda unga quloq tuting va jim bo‘ling. shunda rahm qilinursiz"(204-oyati), degan.

Ulamolar ushbu oyati karimaga asoslanib, Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinganda jim o‘tirib tinglash vojib ekaniga ittifoq qilganlar. Shu jihatiga ko‘ra, biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib, Qur’on eshitish joiz emas. Qur’oni karimni tinglash qalbga shifo bo‘lib, tinglovchini toat-ibodatga, taqvoga da’vat etadi. Natijada banda Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga erishadi ...

 

 ❓  Shuningdek, “Fol ko‘ruvchilar jinlar bilan ishlaydimi?”, degan savolga:

– Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Folbinlarning ba’zida haq gapni aytib qolishlarining sababi shuki, jin gaplarni o‘g‘rincha olib, folbinning qulog‘iga quyadi. Fol ko‘ruvchi unga yuzta yolg‘on aralashtirib gapiradi» deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Folbinlarning gaplariga ishonish – kufr. Alloh asrasin! Hadisi sharifda: «Kimki bashoratchi yoki folbinning oldiga borsa va u aytgan narsani tasdiqlasa, shubhasiz, u Muhammadga (alayhissalom) tushgan narsaga kufr keltiribdi» deyilgan (Abu Dovud, Nasoiy rivoyatlari).

 

 ❓  Shunga o‘xshash muhim savollar qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston respublikalari fuqarolaridan, shuningdek, AQSH, Rossiya, Turkiya kabi xorijiy davlatlardan va chet-ellarda mehnat qilayotgan o‘zbek vatandoshlarimizdan ham kelib tushmoqda.

Masalan, “Men Rossiyada musofirman, qazo namozlarimni qanday ado qilaman?” yoki “Men AQSHda kirakashlik qilaman. Bitta mijoz adashib ko‘p pul bervoribdi. Bunaqa holatlar ko‘p bo‘lib turadi. Shu pullarni ishlatsam halol bo‘ladimi?” degan mazmundagi savollar kelib tushgan.

 

♦ Obunachilar savollariga olgan javoblaridan qoniqish hosil qilgandan keyin o‘zlarining tashakkurlarini bildirmoqdalar. Jumladan:

• Iymon yulduzi_ bot minnatdorchiligini quyidagicha izhor qilgan:

Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Bizga mana shunday shart-sharoitlar yaratib bergan, hukumatimizga va bizning savollarimizga aniq javob berib, bizga yaxshilik va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun “Din va hayotga oid savollar” deb nomlangan telegram kanalini joriy qilgan O‘ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI FATVO HAYATIga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!..”

 

• “Shoh...” nomli kanal egasi o‘zining fikrlarini bunday yozgan:

Assalomu alaykum hurmatli ustozlar. Savollarimga aniq va asosli javob berayotganliklaringizdan juda minnatdorman. Alloh taolo boshlagan ishlaringizni bundan-da barakali qilsin.

 

• Anbar:

Assalomu alaykum. Sizlarga dinimiz rivoji  yurtimiz musulmonlari diniy salohiyati rivoji uchun hormay tolmay xizmat qilayotganligingiz uchun tashakkur.

 

• Asqarov Anvarxon Karimxon o‘g‘li:

Assalomu alaykum! Ming bor tashakkur! Alloh din yo‘lidagi faoliyatinglarda kuch-quvvat, fazli barakot bersin! Rahmat!

 

Qayd etilganidek, yechimi topilmayotgan savollar va dil izhorlari kelishda davom etmoqda.

Fatvo hay’ati mo‘min-musulmonlarimizni “Din va hayotga oid savollar” nomli rasmiy @diniysavollar telegramm kanali orqali savollariga qulay uslubda, istalgan vaqtda javob olishlarini tavsiya etadi.

Buning uchun savollar.muslim.uz sayti yoki telegramm messenjeridagi “@SavollarMuslimUzBot”iga savol yo‘llash kifoya.

Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi

7.01.2025   5330   1 min.
Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi

O‘tgan 2024 yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariyatining Qatar davlatining O‘zbekistondagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida xayriya yo‘nalishidagi bir qancha masalalar yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Xususan, Qatar davlatining favqulodda va muxtor elchisi kam ta’minlangan oilalarga yordam ajratish, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun kasb va bilimga o‘rgatish kurslarini tashkil etish, zaruriy jihoz-uskunalar (eshitish moslamalari, nogironlik aravachalari, qo‘ltiqtayoq va protez ortopediya-mahsulotlari) bilan ta’minlash kabi bir qancha yo‘nalishlar doirasida fond bilan hamkorlik qilish istagini bildirgan edi.

Kecha ana shu muzokaralar natijasi o‘laroq, Qatar davlati mablag‘lari hisobiga xarid qilingan yuzdan oshiq nogironlik aravachalari va 80 ga yaqin qo‘ltiqtayoqlar “Vaqf” xayriya jamoat fondiga olib kelindi. Nogironligi bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash aksiyasi doirasida keltirilgan mazkur jihozlarni topshirish jarayonida Qatar davlatining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Fahad Ali al-Hammadiy ishtirok etib, fond bilan hamkorlikdan minnatdor ekanligini, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga oz bo‘lsada yordam berayotganidan xursandligini bildirdi.

O‘z navbatida “Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari Isoxon Abdullayev Qatar elchixonasi vakiliga minnatdorlik bildirib, bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham xayrli bo‘layotganini, bu jihozlardan ko‘plab insonlarning mushkuli oson bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.

O‘zaro muloqot davomida ikki tomon ham bu kabi xayrli tashabbuslarni yanada ko‘paytirishni maqsad qilishdi.

Imkoniyati cheklanganlarni qo‘llab-quvvatlash davom etadi
O'zbekiston yangiliklari