Muhtaram yurtdoshlarimizning diniy ehtiyojlarini qondirish va ularni qiziqtirgan shar’iy savollariga ishonchli javoblarni mo‘tabar ulamolardan olishni tashkil etish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Din va hayotga oid savollar” nomli onlayn telegram kanalini ishga tushirganidan xabaringiz bor.
Ushbu telegram kanali faoliyat boshlaganiga 4-5 kun o‘tar-o‘tmas, obunachilar soni 1900 dan oshib ketgani, bir kunda 250 dan ziyod savolga javob berilayotgani xalqimizning, haqiqatan, shunday ishga katta ehtiyoji borligini namoyon etdi.
Odamlarimiz bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan va javobini topolmasdan qiynalayotgan masalalarga ulamolarimizdan munosib javoblar ola boshladilar. Jumladan, dastlabki kunlarda “qiblani aniqlash”, “mazhabga ergashish zarurligi”, “folbinlik zarari”, “azondan budilnik sifatida foydalanish” va “telefon orqali Qur’on eshitish” kabi mavzularda savollar kelib tushdi.
❓ “Telefon orqali Qur’oni karimni tinglash joizmi?” degan savolga shunday javob berildi:
– Qur’oni karimni telefon yoki shunga o‘xshash biror vosita orqali tinglash joiz bo‘lib, savobli amal sanaladi. Faqat uning o‘ziga yarasha odoblariga rioya qilinishi shart. Alloh taolo Qur’oni karimning A’rof surasida: "Qur’on o‘qilganda unga quloq tuting va jim bo‘ling. shunda rahm qilinursiz"(204-oyati), degan.
Ulamolar ushbu oyati karimaga asoslanib, Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinganda jim o‘tirib tinglash vojib ekaniga ittifoq qilganlar. Shu jihatiga ko‘ra, biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib, Qur’on eshitish joiz emas. Qur’oni karimni tinglash qalbga shifo bo‘lib, tinglovchini toat-ibodatga, taqvoga da’vat etadi. Natijada banda Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga erishadi ...
❓ Shuningdek, “Fol ko‘ruvchilar jinlar bilan ishlaydimi?”, degan savolga:
– Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): «Folbinlarning ba’zida haq gapni aytib qolishlarining sababi shuki, jin gaplarni o‘g‘rincha olib, folbinning qulog‘iga quyadi. Fol ko‘ruvchi unga yuzta yolg‘on aralashtirib gapiradi» deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Folbinlarning gaplariga ishonish – kufr. Alloh asrasin! Hadisi sharifda: «Kimki bashoratchi yoki folbinning oldiga borsa va u aytgan narsani tasdiqlasa, shubhasiz, u Muhammadga (alayhissalom) tushgan narsaga kufr keltiribdi» deyilgan (Abu Dovud, Nasoiy rivoyatlari).
❓ Shunga o‘xshash muhim savollar qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston respublikalari fuqarolaridan, shuningdek, AQSH, Rossiya, Turkiya kabi xorijiy davlatlardan va chet-ellarda mehnat qilayotgan o‘zbek vatandoshlarimizdan ham kelib tushmoqda.
Masalan, “Men Rossiyada musofirman, qazo namozlarimni qanday ado qilaman?” yoki “Men AQSHda kirakashlik qilaman. Bitta mijoz adashib ko‘p pul bervoribdi. Bunaqa holatlar ko‘p bo‘lib turadi. Shu pullarni ishlatsam halol bo‘ladimi?” degan mazmundagi savollar kelib tushgan.
♦ Obunachilar savollariga olgan javoblaridan qoniqish hosil qilgandan keyin o‘zlarining tashakkurlarini bildirmoqdalar. Jumladan:
• Iymon yulduzi_ bot minnatdorchiligini quyidagicha izhor qilgan:
Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh. Bizga mana shunday shart-sharoitlar yaratib bergan, hukumatimizga va bizning savollarimizga aniq javob berib, bizga yaxshilik va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun “Din va hayotga oid savollar” deb nomlangan telegram kanalini joriy qilgan O‘ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI FATVO HAYATIga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!..”
• “Shoh...” nomli kanal egasi o‘zining fikrlarini bunday yozgan:
Assalomu alaykum hurmatli ustozlar. Savollarimga aniq va asosli javob berayotganliklaringizdan juda minnatdorman. Alloh taolo boshlagan ishlaringizni bundan-da barakali qilsin.
• Anbar:
Assalomu alaykum. Sizlarga dinimiz rivoji yurtimiz musulmonlari diniy salohiyati rivoji uchun hormay tolmay xizmat qilayotganligingiz uchun tashakkur.
• Asqarov Anvarxon Karimxon o‘g‘li:
Assalomu alaykum! Ming bor tashakkur! Alloh din yo‘lidagi faoliyatinglarda kuch-quvvat, fazli barakot bersin! Rahmat!
Qayd etilganidek, yechimi topilmayotgan savollar va dil izhorlari kelishda davom etmoqda.
Fatvo hay’ati mo‘min-musulmonlarimizni “Din va hayotga oid savollar” nomli rasmiy @diniysavollar telegramm kanali orqali savollariga qulay uslubda, istalgan vaqtda javob olishlarini tavsiya etadi.
Buning uchun savollar.muslim.uz sayti yoki telegramm messenjeridagi “@SavollarMuslimUzBot”iga savol yo‘llash kifoya.
Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.