Joriy 2019 yilning aprel oyida Germaniyaning Gamburg shahrida 7-Yevropa Qur’on va azon musobaqasi o‘tkaziladi. Bu haqda International Quran News Agency xabar berdi.
Gamburgdagi Islom markazi tomonidan tashkil etilayotgan musobaqa 2019 yilning 12-14 aprel kunlari o‘tkazilishi qayd etilgan.
Bu singari musobaqalarni o‘tkazishdan maqsad Qur’on ta’lim va islomiy madaniyatni yanada chuqurroq tadqiq etish, Mus'haf o‘quvchilarni rag‘batlantirish ekani aytib o‘tilgan. Musobaqa orqali qorilar va muazzinlar o‘zlariga tajriba orttirishlari ham aytilgan.
Hifz yo‘nalishida musobaqa faqat erkaklar o‘rtasida, Tartil bo‘yicha esa faqat ayollar o‘rtasida musobaqa tashkil etish aytilgan. Azon musobaqasida erkaklar ishtirok etadi.
Musobaqa ikki yosh guruhida o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Bunda 16 yoshgacha bo‘lganlar va 16 yoshdan kattalar guruhga ajratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.