Inson xatodan xoli emas. Har birimiz turli gunohlarni sodir etganmiz.
Bu gunohlarimizni Alloh taolo kechirib yuborishi uchun bitta sharti bor – tavba qilish!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflardan birida “Odam bolasining har biri xato qiluvchilardir. Xato qiluvchilarning yaxshisi esa ko‘p tavba qiluvchilardir” deganlar.
Banda astoydil tavba qilsa, Alloh taolo uning gunohlarini kechiradi.
Xo‘sh, tavba nima?
Tavba – gunohlardan qaytish, Alloh taolo sari yuzlanishdir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا تُوبُوا إِلَى اللَّهِ تَوْبَةً نَّصُوحاً عَسَى رَبُّكُمْ أَن يُكَفِّرَ عَنكُمْ سَيِّئَاتِكُمْ وَيُدْخِلَكُمْ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الْأَنْهَارُ
“Ey iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki Robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizni daraxtlari ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa” (Tahrim surasi, 8-oyat).
Bandaning tavbasi qabul bo‘lishi uchun uning bir necha shartlari bor.
Ulamolarimiz tavba haqida gapirganlarida, agar gunoh Allohning haqqiga tegishli bo‘lsa, 3 ta sharti borligini, agar bandaning haqqiga tegishli bo‘lsa, 4-sharti ham bo‘lishini aytishgan.
Bandaning tavbasi haqiqiy tavba bo‘lishi uchun u qilayotgan gunohini to‘xtatib, undan uzilishi kerak. Aroq ichib turib, “O‘zing kechirgin!” desa, bu tavba bo‘lmaydi. Avval aroqni idishi bilan birga darhol tashlab yuboradi. Og‘zidagini tuflab tashlaydi. Og‘zini yaxshilab yuvadi. Bu ishni to‘xtatadi. Shu bilan 1-shart bajarilgan bo‘ladi.
“Robbim, aroqni harom qilgan eding. Men bandaligim, loydan yaratilganim g‘olib kelib, nafsimning so‘ziga kirib, shu ishni qilib qo‘ydim. Aslida bu qilgan xatoyimga o‘zim ham rozi emasman. Haromligini e’tirof etaman. Bu gunohni yengil sanab qilayotganim yo‘q! Qilgan ishimdan afsusdaman! Gunohimni kechirgin! Huzuringda pushaymonman, xijolatdaman” deb, nadomat qiladi.
Pulimizni o‘g‘ri o‘g‘irlab ketsa, qanchalik siqilamiz. Dunyoimizdan ozgina mato ketganiga qanchalik afsuslanish bo‘ladi. Kattaroq korxona rahbarining ishi orqaga ketib, korxonasi bankrotga uchrasa, yuborgan mahsulotlari o‘tmay qolsa, ular qanday ahvolga tushishi hammaga ma’lum.
Gunoh esa oxiratimizga tegishli narsadir. Buning salbiy ta’siri dunyoda ham sezilsa-da, asosan oxiratda azobga sabab bo‘ladi.
Demak, gunoh qilgan odamning siqilishi molidan ayrilgannikidan ko‘p va kuchli bo‘lishi kerak. Ya’ni banda gunoh qilganida, uning qalbida o‘sha gunohdan xursand bo‘lish holati bo‘lmasligi, aksincha, siqilish, afsuslanish, pushaymonlik holati bo‘lishi kerak. Shu bilan 2-shart bajarilgan bo‘ladi.
“Alloh taolo bu gunohdan, masalan, aroq ichishdan bandalarini qaytarganmi, men shu gunohdan tavba qildimmi, endi unga umuman boshqa qaytmayman! Qaytib aroq ichmayman!” deyish kerak.
Shu o‘rinda bir narsani eslatib o‘tsak.
Sharoit bo‘lmaganligi uchun gunohga qaytmaslik haqiqiy tavba hisoblanmaydi. Agar puli bo‘lganda, yana zinoga ketadigan, puli yo‘qligi uchun zinoga bormayotgan, zino qilmayotgan odam zinodan tavba qilgan hisoblanmaydi.
O‘g‘ri odam oyog‘i sinib qolgani uchun o‘g‘rilik qilmayotgan bo‘lsa, agar oyog‘i tuzalganda yana o‘g‘rilik qilish kayfiyati bo‘lsa, bu odam hali o‘g‘rilik gunohidan haqiqiy tavba qilgan sanalmaydi.
Bular har qanday sharoitda bo‘lishlaridan qat’i nazar, chin ko‘ngildan tavba qilib, oldingi gunohlariga boshqa qaytmasalar, o‘shanda haqiqiy tavba qilgan bo‘ladilar.
Inson gunoh qilishning sharoitlari bo‘lsa-da, Allohdan qo‘rqib, Uning roziligini ko‘zlab, gunohga qayta qo‘l urmasa, mana shu haqiqiy tavba hisoblanadi.
Ha, gunohdan tiyilish faqat Allohning roziligi uchun bo‘lishi kerak. Dunyoning biror moli ilinjida, kimningdir ishonchiga kirish maqsadida, kimdandir maqtov eshitish umidida qilingan tavba chinakam tavba hisoblanmaydi.
Bandaning haqqiga tegishli gunohda mana bu shart ham qo‘shiladi:
Agar bir insondan qarzga pul olgan bo‘lsangiz, shu pulni egasiga qaytarishingiz shart.
“Ey Robbim, bandang Ahmadjondan yuz ming so‘m qarz olgandim. Hali berolmadim. O‘zing kechir!” desangiz, bu tavba emas. Balki o‘sha Ahmadjonning oldiga borasiz, “Do‘stim, mana bu 100 ming so‘m pul. Mendan rozi bo‘ling” deysiz. Yoki “Do‘stim, sendan olgan qarzimni uzish uchun pul topa olmadim. Imkoning bo‘lsa, qarzning hammasini yoki yarmini kech! Pul topyapman, ammo tirikchilikdan, ro‘zg‘ordan ortmayapti. Sening roziligingni olgani keldim” deb, undan rozilik so‘raysiz. Agar Alloh taolo Ahmadjonning diliga solsa, qalbi yumshab, “Xo‘p, do‘stim. Qarzingdan kechdim. Sendan roziman” desa, mana shunda 4-shartni ham bajargan bo‘lasiz.
Alloh taolo mana shu tarzda tavba qilgan bandalarining gunohlarini kechiradi.
Bu tavbaning nomi “nasuh tavba” deyilib, bu haqida yuqoridagi oyatda keldi. Alloh taolo o‘sha oyatda mana shunday tavba qilganlarning gunohlarini kechirib, ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritishini e’lon qildi.
Shuning uchun azizlar, biz ham harakat qilaylik! Tavba va istig‘forga mashg‘ul bo‘laylik! Tillarimiz doim Allohning zikri bilan, xususan, istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lsin!
Alloh taolo tavbalarimiz nasuh bo‘lishini, istig‘forlarimiz haqiqiy bo‘lishini nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati