Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Xorazm viloyati safari mobaynida Urganch shahridagi “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida imom-xatiblar, ustoz-murabbiylar va talaba-yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda muftiy hazratlari muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish, mo‘min-musulmonlarning dardu tashvishlarini yengillatish, diniy savodxonligini oshirish, imon-e’tiqodini mustahkamlash va Islom dinining ezgu ta’limotlarini keng targ‘ib etish yo‘lidagi tarixiy ishlarni teran anglab, buning uchun ertayu kech, tunu kun Haq taologa shukrona keltirish, bunday kunlarning qadriga yetish zarurligini jonli misollar bilan izohlab berdilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari hamjihatlikda hikmat ko‘p ekanini bildirib, diyorimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar jips bo‘lib yashashlari Yaratgan Parvardigor ne’matlariga munosib shukronalik bo‘lishini aytib o‘tdilar.
Uchrashuvda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Mahmudjon Umrzoqov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrullo Abdullayev va ishchi guruh a’zolari ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan samimiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilgani ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi.
Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, oilaviy masalalar, haj, ish, diniy ta’lim hamda moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati