Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan: “Batahqiq, sizlar uchun–Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi”. (Ahzob surasi 21-oyat) Haqiqatda axloqlari Qur’on bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamda bizning barcha ishlarimizga yechim bo‘ladigan ibrat va o‘rnaklar bordir. Ulardan biri “KAMTARLIK”dir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning kamtarliklari barchani ajablantirar edi. U zotning kamtarliklari deganda: go‘yo ruhlari Allohga va nafslari oxiratga ko‘chib o‘tganday edi.
Mo‘minlarga nisbatan kamtarliklari esa, doimo ojizlari bilan birga bo‘lar, bemorlarini borib ko‘rar, miskinlariga xayrixohlik qilar edilar. Baxtsiz, bechora va faqirlarga yaxshilik qilar, zaiflardan doim ko‘ngil so‘rar eidar. Bolalar hamda ahllari bilan hazillashar va o‘ynar edilar. Insonlar bilan birga taomlanar, kezi kelganda tuproq ustiga o‘tirar va yerda yoki bo‘yro ustida yotar edilar. Doimo barchasi uchun Allohdan rozi bo‘lar, shuhrat, martaba va dunyoviy ishlar maqsadida ta’ma qilmas edilar. Insonlar bilan lutf ila suhbat qurar, g‘ariblar bilan esa muhabbat ila gaplashar edilar. Sahobalariga tabassum ila qarab: “Men bir qulman. Qullar yegani kabi yeyman va qullar o‘tirgani kabi o‘tiraman”, der edilar. Agar biror bir inson u zotga qaraganida haybatlaridan titroqga tushsa: “O‘zingni tut. Men ham Makkada qodiyd (quyosh nurida quritilgan sur go‘sht) yegan bir ayolning o‘g‘liman”, der edilar.
U zot odamlarni o‘zlariga nisbatan ulug‘lashini va maqtashini yaxshi ko‘rmas edilar. “Maryam o‘g‘li Isoni nasroniylar maqtaganidek meni ham maqtamanglar. Men Allohning bandasi va Rosuliman. Meni Abdulloh va Allohning Rosuli denglar”, der edilar.
U zotni ko‘rib sahobalarni turishlarini va boshlariga kelib tik turishlaridan qaytarar edilar. Odamlar jamlangan joyga kelsalar bo‘sh joyga borib o‘tirar, odamlar orasida ulardan biri bo‘lib yurar va odamlar uylariga taklif qilsalar borar edilar. “Agar kuro’ (pishirilgan qo‘y poychasi)ga chaqirilsam borar edim. Agar menga qo‘y hadiya qilinsa qabul qilar edim”, der edilar.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam doimo miskinlarni yaxshi ko‘rar edilar. “Allohim meni miskin qilib tiriltir va miskin holimda o‘ldir va miskinlar to‘dasi bilan birga qayta tiriltir” deb, duo qilar edilar.
Kibr qilish harom deya undan qaytarar va ahllarini kibrdan nafratlantirib, der edilarki: “Qiyomat kunida takabburlar zar (arzimas narsa) suratida tiriltiriladi. Ularni har tarafdan xorlik o‘rab oladi”. Va ushbu hadisi qudsiyni ham rivoyat qilar edilar: “Kibriyo mening ridoim (kiyimim)dir va buyuklik mening izorim (kiyimim)dir. Kimki uni mendan tortib olsa, men uni do‘zoxga tashlayman”.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam uy ishlariga qarashar, oyoq kiyimlarini o‘zlari ta’mirlar, kiyimlarini yamar, uylarini supurar va qo‘ylarini sog‘ar edilar.
Shuningdek, taomni mehmonning oldiga surib qo‘yar, ziyoratchilar bilan samimiy suhbat qurib, ulardan hol ahvol so‘rar edilar. Agar sherik bilan biror joyga borsalar, markabni minishda navbatma-navbat minishar, jundan bo‘lgan kiyim kiyar va arpadan bo‘lgan non yer edilar. Ko‘pincha yalangoyoq yurar va masjidda uxlar edilar.
Bugungi kunda aksarimiz kamtarlik deb nomlanmish bu go‘zal sifatdan qandaydir bir sabablarga ko‘ra biroz uzoqlashib qolganmiz. Bu bizning nuqsonimiz albatta. Bahonalarimiz shu qadar ko‘pki, ba’zida bahonalarimizni haqiqat deb bilib qolamiz. Shuning uchun ba’zida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobalar va buyuk zotlarni ishlarini o‘qib yoki eshitib qolsak, ajablanib, buni qanday qilishgan ekan deb, o‘ylab ham qolamiz. Aslida inson qilgan ishni boshqa bir inson ham qila olishi mumkinku. Demak, buning ikki sababi bor. Biri shu qadar dunyoga berilib ketganmizki, bu sifatni unitib yuborganmiz yoki o‘ta takabbur bo‘lib ketganmiz.
Mening fikrimcha Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni sevgan har bir ummat u zot qilgan ishlarini qilishga intiladi va qilib bo‘lgach xursand bo‘ladi. Keling aziz dindoshim! Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni sevishimizni u zot qilgan ishlarni qilish bilan isbotlaylik va farzandlarimizga o‘rnak bo‘lalik.
Manbalar asosida “Shayh Zayniddin” jome’ masjidi imom xatibi Abduraxmanov Yahyo
Bugun, 30 iyul kuni poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida Toshkent Islom institutining modul ta’lim tizimiga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, 4 yil va undan ortiq muddat davomida diniy sohada faoliyat yuritgan imom-xatib va imom noiblari hujjat topshirgan.
Imtihon oldi mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Asosiy e’tibor adolat va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, imtihon jarayoniga soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilotlar vakillari ham jalb etilgan.
Modul ta’lim tizimiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar quyidagi ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi:
* Ixtisoslik fanlar majmuasi: Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid kabi muhim fanlar;
* Ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi: O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya kabi fanlar bo‘yicha.
Ma’lumot o‘rnida mandat natijalari barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng 3 ish kunida e’lon qilinadi.
Imtihon jarayoniga oid tezkor yangiliklar @qabulmuslimuz telegram kanalida yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati