Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Iyun, 2025   |   23 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
19 Iyun, 2025, 23 Zulhijja, 1446

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Fotima binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam (davomi)

14.01.2019   4940   5 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Fotima binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam (davomi)

Mushriklarning jabr-zulmi kuchaygach, musulmonlar Madinaga hijrat qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qizlari Fotima roziyalohu anho bilan Ummu Gulsum roziyalohu anhoni olib kelish uchun ishonchli sahobalarni Makkaga yubordilar. Shunday qilib, Fotima roziyallohu anho o‘n sakkiz yoshida Makka bilan vidolashdi.                               Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Oisha roziyalohu anhoga uylanganlaridan keyin sahobalardan, Fotima roziyalohu anhoga sovchilar kela boshladi. Fotima roziyalohu anho otalarining xizmatlarida turgani bois sahobalar shu paytgacha bunga jur’at qila olishmagan edi. Avvalo, Hazrati Abu Bakr roziyalohu anhu va keyinroq Hazrati Umar roziyalohu anhu og‘iz soldilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi va sallam buyuk bir nazokat ila uzr bayon qildilar. Hazrati Umar roziyalohu anhu bu sharafni Hazrati Ali roziyalohu anhuga loyiq ko‘rib, taklifini unga aytdilar. Ammo Hazrati Ali roziyalohu anhu: “Hazrati Abu Bakr (roziyalohu anhu) va hazrati Umar (roziyalohu anhu)dek zotlarga rad javobini bergan Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mening taklifimni qabul qilishlari mumkinmi?” degan andishada edi. Hazrati Umar roziyalohu anhu Hazrati Ali roziyalohu anhuni Nabiy alayhissalomning kuyovi bo‘lishga eng munosib zot ekanligiga ishontirdilar. Hazrati Ali roziyalohu anhu Payg‘ambar alayhissalom huzurlariga bordilar. Ammo uyalganlaridan ziyorat sababini ayta olmadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Abu Tolib o‘g‘lining qanday ehtiyoji bor ekan?” dedilar. Bo‘lajak kuyov tortina-tortina gap boshladilar: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qizlari Fotima (roziyalohu anho)ning qo‘lini so‘rab keldim”. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak chehralarida mamnuniyat hislari namoyon bo‘ldi. Ertasiga Hazrati Ali roziyalohu anhu takror Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga bordilar. Nabiy alayhissalom:

— Mahr uchun yoningizda biron narsa bormi? — deya so‘radilar.

Ali roziyalohu anhu:

— Yo‘q, ey Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam), — dedi.

— Falon kuni sizga bir zirh bergan edim, o‘sha qani? Hazrati Ali roziyalohu anhu xursand bo‘lib:

— O‘zimda turibdi, ey Nabiyulloh (sollallohu alayhi va sallam), — dedi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sarpo, sovg‘a-salom olishlari uchun uni sotishga buyurdilar. Hazrati Usmon roziyalohu anhu zirhni 470 dirhamga xarid qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam pulning bir qismini xushbo‘yliklar olish uchun Bilol roziyalohu anhuga qolgan qismini Ummu Salama roziyalohu anhoga berib, Fotima roziyalohu anho uchun kiyim-kechak xarid qilishni buyurdilar. So‘ngra Sarvari olam sollallohu alayhi va sallam Anas roziyalohu anhu orqali Hazrati Abu Bakr, Umar, Usmon, Talha, Zubayr roziyalohu anhular va ansorlardan yana shuncha kishini huzurlariga chorladilar. Fotima roziyalohu anhoning qoshiga borib: “Ey Fotima! Ali senga uylanmoqchi, bunga nima deysan?” dedilar. Muhtarama qizlari qattiq hayo va ibolari bois sukut saqlab, hech qanday javob bermadilar. Bu esa rozilik alomati edi. Bu asnoda chaqirilgan sahobalar ham yetib kelishdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam ularga shunday dedilar:

— Tanho hamdu sanoga loyiq, qudrati ila butun mavjudotni yaratgan Allohga behad shukrlar bo‘lsin. Shubhasiz, Alloh taolo oila qurishni va qarindosh-urug‘larni hurmatlashni amr etdi: “U suvdan — nutfadan insonni yaratib, so‘ng uni nasl-nasab egasi va kuda-anda qilib qo‘ygan Zotdir. Darhaqiqat, Parvardigoringiz (har ishga) qodirdir” (Furqon, 54) Endi maqsadga kelsak, Haq taolo amriga ko‘ra, Fotimani Aliga nikohlab beraman. Agar rozi bo‘lsa, to‘rt yuz misqol kumush evaziga vojib bir amal va qoim bir sunnat ila Fotimani Aliga uzatayotganimga sizlarni shohid qilyapman. Alloh ularning mol-dunyolariga baraka berib, nasllarini aziz qilsin. Mana shuni sizlarga ma’lum qilib, o‘zimga va barchangizga Allohdan mag‘firat tilayman”. So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi va sallam bir tovoq xurmo keltirib, mo‘tabar mehmonlarga tortiq qildilar. Bu orada Hazrati Ali roziyalohu anhu ham yetib keldilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tabassum ila: “Ey Ali! Men to‘rt yuz misqol kumush evaziga Fotimani senga nikohladim”, dedilar. Hazrati Ali roziyalohu anhu shukr sajdasini ado qildilar. Sarvari koinot sollallohu alayhi va sallam Hazrati Ali roziyalohu anhu va Fotima roziyalohu anhoning haqqiga: “Alloh oilangizga baraka va xursandchilik bersin. Sizlarga solih farzandlar ato etsin”, deb duo qildilar. Hazrati Ali roziyalohu anhu benihoya xursand bo‘ldilar. Zero, hayotlarida eng buyuk voqea yuz bergan - Payg‘ambarlar xotami Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning qizlariga uylanish sharafiga muyassar bo‘lgan edilar. Davomi bor...

 

Saidabror Umarov

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Xatolarni necha marotaba avf qilay?

18.06.2025   2039   1 min.
Xatolarni necha marotaba avf qilay?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Bandadan xato sodir bo‘lmasligi mumkin emas, balki sodir bo‘lgan xatolarni tuzatishga intilish — ana shu bandalik xususiyatidir. Odam bolasidan xato sodir bo‘lishi oddiy hol. Xatolarni afv etish esa hamma ham qila olmaydigan, oxiratda sharaf bo‘ladigan xislatdir.

Yevropalik bir faylasuf: «Olovni haddan ziyod yoqib yuborma, dushmandan oldin o‘zingni kuydirib qo‘ymasin», deydi.

Bir odam hazrati Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Men seni shunday haqorat qilamanki, u sen bilan birga qabringgacha boradi», dedi. Abu Bakr roziyallohu anhu: «Sening haqorating qabrgacha men bilan emas, balki o‘zing bilan birga boradi», dedilar.

Xullas, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uning axloqsizligiga e’tibor ham bermadilar.

Qur’oni Karim johil kishilardan yuz o‘girib o‘tib ketishni va behuda ishlardan batamom saqlanishni ta’lim bergan va ta’kidlagan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Yo Allohning Rasuli! Xizmatkorimning xatolarini necha marotaba avf qilayin?» deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga javob qilmay jim turdilar. U yana qayta so‘radi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har kuni yetmish marotaba» dedilar.

Imom Termiziy rivoyati.

Hadisdan olinadigan foyda shuki, xatolarni avf qilishning haddi belgilangan emas. Agar xodim har kuni yetmish marotaba xato qilsa ham, uni kechirish go‘zal xulq va rahm-shafqatning talabidir.

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan