Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Avzoiy rahimahulloh shunday deganlar: «Agar birovni yomonlayotgan kishini ko‘rsangiz, bilingki, u kishi «Men o‘sha odamdan yaxshiroqman» deyayotgan bo‘ladi».
*****
Xafaligingni onangdan yashir! Xursand bo‘ladigan bo‘lsang, onangning oldida xursand bo‘l! Chunki, sen tashvishingdan bir marta xafa bo‘lsang, onang ming marta siqiladi. Yutuqlaringdan bir marta xursand bo‘lsang, onang ming marta sevinadi.
*****
Imom Ahmad rahimahulloh shunday deganlar: «O‘ttiz yildan beri (ustozim) Shofeiyning haqqiga duo qilmasdan va uning uchun istig‘for aytmasdan turib uyquga yotmadim».
«Al-Kalimut toyyib»
*****
Otalik vazifasini bajarish qo‘lidan kelmaydigan kimsaning uylanib, farzand ko‘rishga haqqi yo‘q.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Yomon niyatli kimsalar, bir-birlarini yoqtirmasalar ham, hamjihat bo‘lib, bir safda turadilar. Ammo yaxshilikka chorlovchi da’vatchilar tarqoqdirlar. Mana shu ularning zaifliklari siridir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Yaqinlarning zarbasi o‘ta xatarlidir. Chunki u yaqin masofadan keladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Baxtli yashay desang, (tortishuv va ikkiyuzlamachilardan) uzoqroq yasha.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Fikrlash “kasalligi”ning davosi yo‘q. Hatto uxlayotganingda ham fikrlagan narsalaringni tushda ko‘rib chiqasan.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ularni rozi qilish uchun xarakteringni o‘zgartirma.
Ularni qiziqtirish uchun ovozingni o‘zgartirma.
Ularga mos bo‘lish uchun asosingga zid ish qilma.
Ularni rozi qilish uchun sun’iylashma.
Alloh taolo senga o‘zingga xos xarakter, ovoz, tuzilish bergan. O‘zligingni yo‘qotma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan