frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Jazosi juda og'ir

25.07.2023   5380   7 min.
Jazosi juda og'ir

So'nggi yillarda jahonning barcha mamlakatlarida 14–34 yoshli o'smirlar  orasida o'z joniga qasd qilish holatlari ortib boryapti. Statistik ma'lumotlarga ko'ra, kuniga 3 ming kishi, har yili esa 1 mln.dan ortiq kishi o'z-o'zini o'ldiradi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, Lotin Amerikasi, Arab va Osiyo mamlakatlarida suitsid ko'rsatkichlari nisbatan past darajada. O'rta darajaga Shimoliy Yevropa, Shimoliy Amerika, Janubi-sharqiy Osiyo va Tinch okeanining G'arb qismidagi mamlakatlar kiradi. Suitsid ko'rsatkichi Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yuqori. Shu nuqtai nazardan, rivojlangan Yevropa davlatlarida mazkur muammo o'ta dolzarb hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, o'z joniga qasd qilish birdaniga ro'y bermaydi. O'zini o'ldirgan o'smirlarning 90 foizi qaysidir darajada ruhiyat muammosiga uchraganlardir.

Hususan, bu salbiy illat yurtimiz yoshlariga ham ta'sir o'tkazmoqda. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda 12 yoshli o'quvchi qiz o'z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqaldi. Ilgariroq  esa 17 yoshli qiz ham o'zini o'ldirgani aytilgan edi. Bu qarorga kelgunicha u qizlarning qalbida nimalar o'tgani o'ziga ayon. Negadir aksar suitsid holatlari balog'at ostonasidagi yoshlarda ko'p uchramoqda. Keling, buning sabablarini o'rganib ko'ramiz:

Sehr-jodu. Afsuski, bugun shariatimiz qat'iy man etgan sehr-jodu bilan shug'ullanayotgan kimsalar ko'payib boryapti. Sehr bor narsa. Baqara surasining 1g'2-oyatida Alloh taolo Bobil shahriga Horut va Morut nomli ikki farishtani sinov tariqasida tushirgani, ular: “Biz faqatgina sinov (vositvsi) miz, (bizga ishonib) kofir bo'lib qolma!” deb ogohlantirgani bayon etilgan.

Shariat man etgan har bir narsaning zamirida ulkan hikmat mujassam ekani bugun yana ham yaqqolroq namoyon bo'lmoqda. Birgina misol, Islom ta'limotida behuda suratga tushaverish durust emasligi aytiladi. Bugun aksariyat sehrgarlar odamlarning suratiga qarab, ularni jodu qilishmoqda. Shunday ekan, behuda suratga tushib, tarqatavermaslik zarur.

Buzg'unchilar ta'siriga tushib qolish. Muqaddas dinimizga yot g'oyalar targ'ibotchilari yoshlari sehr-jodu orqali o'z saflariga qo'shishmoqda. Bu jarayonda ularga yoshlarning ijtimoiy tarmoqlarga qo'yayotgan suratlari qo'l kelayotganini hech kim inkor etmaydi. Shu bois suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga behuda qo'yishdan ehtiyot bo'lish kerak.

Farzandning qarovsiz qolishi. Ota yoki ona yoxud ikkisining ham yo'qligi bola ruhiyatiga qattiq ta'sir ko'rsatadi. Ayni ana shu balog'at yoshi qiz bolaning o'ta nozik davri bo'lib, ham jismoniy, ham ruhiy tomondan o'zgarishlar bo'ladi. Individual fe'l-atvor shakllanadi. Kayfiyati tez-tez o'zgarib, qaysar, o'jar, jahldor bo'lib qoladi. Bu davrda qiz bola onasining qo'llab-quvvatlashi, e'tibori va maslahatiga muhtoj bo'ladi.  Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda bo'lish haqida Rasulullohning ko'rsatmalari ham bor. Onalar ham donolik bilan qizlariga sirdosh bo'lib yordam berishlari zarur.

Ruhiyatidagi o'zgarishlar. Qiz bolalar hissiyotga beriluvchan bo'lgani uchun ular ko'p  tushkunlikka (depressiya) tushadilar. Buning asosiy sababi, bekorchilik, bemaqsad yashash, organizmda gormonlar, moddalar almashinuvidir. Shu davrda onadan sezgirlik talab qilinadi. Olimlar banda boshiga musibat, sinovlarga duch kelganda hadislar aytilgan: “Ya Haliymu ya Aliym, ya Aliyyu ya Aziym” duosini o'qib, so'ng Rabbimizdan astoydil va chin ixlos bilan hojatlarini so'rasa, inshoalloh, U Zotning izni bilan mushkuli oson bo'ladi, deyishgan.

Ota-ona o'z farzandini eshitmasligi, u bilan samimiy suhbatdosh bo'lolmasligi yomon. Turli ijtimoiy qatlamlardan chiqqan bolaning tengdoshlari oldida o'ksib qolishining sababi, oilaviy nizo va bosimlar, qo'pol munosabat hamda bepisand muomala, pirovardida nomukammallikni his etib, shu kabi tuyg'ularni engib o'tolmaslik, muammolar oldida ojiz qolishdir. Asosiysi, masalani tashqaridan emas, ichkaridan turib asl mohiyatiga kirilmasa, o'z joniga qasd qilish ko'rsatkichlari ko'payib boraveradi.

Diniy tushunchalarning kamligi. O'z joniga qasd qilganlar Allohning taqdiridan  norozi, Uning cheksiz ilohiy ne'matlariga noshukrlik qiladigan, sinovlarga sabr qilolmaydigan kimsalardir. Qur'oni karimda: “Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o'rtada nohaq (yo'llar) bilan emangiz! O'zaro rozilik asosidagi tijorat bo'lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o'zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o'ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”, deyiladi (Niso surasi, 29-oyat). Oyatdagi “o'zlaringizni o'ldirmangiz!” jumlasi bir necha xil tafsir qilingan: “Bir-biringizni o'ldirishingiz o'zingizni o'ldirganingiz bilan barobardir. Zero, hammangiz bir xil dinga mansub kishilarsiz”.

“O'z joningizga o'zingiz qasd qilmangiz”. Ya'ni, hayot qiyinchiliklariga bardosh bera olmay yoki biror narsaning alamiga chidayolmay o'zini o'zi o'ldirish taqiqlanmoqda.

Imom Muslim, Imom Termiziy va boshqa muhaddis allomalar rivoyat qilishgan sahih hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o'z joniga qasd qilib o'lgan kimsa qiyomatga qadar o'zini o'zi ana shu azob bilan azoblab yotishidan ogohlantirganlar.

O'tkinchi hoyu havas. Balog'at yoshidagi qizlarimiz sof va ishonuvchan qalbi bilan har kimning gapiga quloq solaveradilar. O'tkinchi, aldamchi his-tuyg'ularni muhabbat deb o'ylaydilar. Ba'zi qizlarimiz soddaligi oqibatida nomusi toptalgandan so'ng bugungi kundagi ijtimoiy tarmoqlardagi axloqsiz video-roliklar, bema'ni seriallarning ta'sirida serial qahramonlariga taqlid qiladilar. Dinimizda sevgi va muhabbat harom hisoblanmaydi. Ammo ikki jins orasidagi harom aloqalar, shahvoniyat ortidan ko'rlarcha ergashish emasdir. Buni shariat harom qilgan. Ikki jins o'rtasidagi aloqa va muhabbatning halol echimi – nikohdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Bir-birini yaxshi ko'rgan (yigit va qiz) ikkisi uchun (oradagi muhabbatni ziyoda qilishda) nikohga teng keladigan (boshqa narsa)ni topa olmaysiz”(Imom Ibn Moja va Imom Hokim rivoyati).

Biz onalar farzandlarimiz tarbiyasiga mas'ul ekanmiz, ularni bee'tibor qoldirmasligimiz lozim. Maktabdagi holatidan xabardor bo'lib turish kerak, ikki tomonlama tarbiya ishlarini hamjihatlikda olib borilishi zarur. Kimlar bilan dugona bo'layotgani, televizorda nimalar ko'rayotgani, telefonda kimlar bilan gaplashayotganini nazorat qilishimiz zarur.

Yoshlarimizning ta'lim-tarbiyasiga yanada jiddiy yondashish barchamizning burchimizdir.

Robiyaxon TOHIROVA

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   49348   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari