O‘zbekiston va Misrni tarixiy-madaniy mushtaraklik, an’anaviy do‘stlik hamda yaqin hamkorlik birlashtirib turadi. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligidir. Shu o‘rinda, Ahmad Farg‘oniy bobomizga bo‘lgan Misr xalqining hurmat-ehtiromi xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga aylangan.
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisining 2018 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra amalga oshirgan rasmiy davlat tashrifi natijasida, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolandi.
Misr Bosh imomi – Shayx Ahmad Muhammad Toyyib boshchiligidagi al-Azhar majmuasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaning O‘zbekiston Prezidenti qabulida bo‘lishi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishi ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.
Ayni paytda, Misr tomonining taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston va Misrdagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan kelishuvlarni muhokama qilish hamda o‘zaro muvofiqlashtirib olish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Qohira shahrida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya vakillarining ilk uchrashuvi bir ming ikki yuz yildan ziyod vaqt mobaynida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Al-Azhar” majmuasi rektori Muhammad Al-Mahrasoviy bilan “Yo‘l xaritasi”ning 2019 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan suhbat bilan boshlandi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili oktyabr oyida al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qilib, o‘tkazgan muloqoti samarali bo‘ldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Al-Azhar universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa muassasalar o‘rtasida ta’lim hamda ilmiy loyihalarni rivojlantirish, diniy xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlab yuborildi, – dedi mezbon sifatida suhbatni boshlagan Al-Azhar universiteti rektori Muhammad Al-Mahrasoviy.
Darhaqiqat, Misr va O‘zbekistonning o‘rtasida imzolangan “yo‘l xaritasi” mamlakatlarimizning ilmiy, madaniy hamda diniy ta’lim sohasidagi salohiyatning yanada yuksalishi uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilayotgan ishlar ma’naviy-ma’rifiy soha rivoji, diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hamfikrlik va diniy savodxonlikning yuksalishida katta rol o‘ynashi shubhasiz. O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar esa buning yaqqol dalilidir.

– O‘zbekiston bilan aloqalarimiz rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Bu – O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat, xalqaro hamjamiyat bilan manfaatli hamkorlik, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashni nazarda tutuvchi oqilona siyosat samarasi, deb hisoblayman, – dedi uchrashuvda Al-Azhar majmuasi rahbarining tashqi aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Abdurahmon Muso. – O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifimiz chog‘ida mamlakatdagi katta o‘zgarishlar, turli millat va dinga mansub aholining o‘zaro ahil-inoq yashayotganini ko‘rdik.
Barchamizni quvontiradigan voqea haqida takror va takror aytsak arziydi. Ya’ni BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani tarixiy voqeadir. Bu O‘zbekiston rahbariyatining jahonda dinlararo bag‘rikenglik, tinchlik-totuvlikni ta’minlashga qaratilgan harakatining amaliy ifodasi sanaladi.
O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbusi Misr xalqining ham bosh maqsadi hisoblanadi.
Bu so‘zlarni tinglar ekansiz, O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan har-bir ijobiy hodisalar, o‘zgarishlar, islohotlar va yangiliklar jahon hamjamiyati tomonidan diqqat bilan kuzatilayotganiga, chuqur tahlil etilib, o‘zining munosib bahosini olayotganiga amin bo‘lasiz.
Misr xalqiga O‘zbekistonni kengroq tanishtirish, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berish maqsadida O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasida misrlik siyosatchilar, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan Misr vakillarining xolis so‘zlari ham buni tasdiqlaydi.
– O‘zbekiston musulmon dunyosida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan muhim mamlakat hisoblanadi. Bu nafaqat aholi soni yoki unda joylashgan tabarruk ziyoratgohlar ko‘pligi, balki jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgani bilan ham bog‘liq.
Ma’lumki, Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manba sanalgan “Al-Jome’ as-Sahih” to‘plami muallifi Imom Buxoriy, buyuk olim va mutafakkir Imom Termiziy kabi ko‘plab allomalar O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan. Biz, misrliklar IX asrda Misrga kelib, Nil daryosining o‘lchov qurilmasini ixtiro qilgan o‘zbek olimi Ahmad Farg‘oniyning xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.
O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘liga ega. Qisqa muddatda mamlakatning iqtisodiy salohiyati yuksalib, odamlarning turmush sharoitlari yaxshilanayotgani, yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlari ortayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona ichki va tashqi siyosati mahsulidir, – deydi “Al-Jumhuriya” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari As-Said Xani.
Davra suhbati va matbuot anjumani ko‘rinishida o‘tkazilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat, barcha sohalarda kuzatilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va o‘zgarishlar, turli yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida Misrlik publitsist, yozuvchi Muhammad Saloma shunday dedi:
– O‘zbekiston ikki yarim yil ichida barcha sohada juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Mamlakatdagi islohotlar aholi turmushining hamma jabhasini, jumladan, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, sud-huquq, ta’lim va diniy sohani birdek qamrab olayotgani o‘ta muhimdir.
Nazarimda, O‘zbekistonning eng katta yutug‘i ochiq tashqi siyosat yuritib, xalqaro maydonda faol harakat qilayotganidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga ko‘plab rasmiy tashriflari, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan global ahamiyatga ega takliflari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘yi tobora oshib borayotganini anglatadi.
Misr jamiyatida o‘z obro‘-e’tiboriga, eng muhimi qat’iy nuqtai-nazariga ega bo‘lgan kishilar tomonidan bunday bayonotlar ko‘plab yangramoqda. Ularni tinglab, O‘zbekistonning xorijlik do‘stlaridan mamnunlik tuyasiz.

– Meni O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar juda qiziqtiradi. “O‘zbekiston: Islom tamadduni manbalari” nomli kitob yozdim. Maqsad – arab kitobxonini O‘zbekiston bilan yaqindan tanishtirish. Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qism O‘zbekistonning islom madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk tarixiy hissasini yoritishga bag‘ishlangan. Ikkinchisida O‘zbekistondan yetishib chiqqan turli soha olimlarining hayoti va ilmiy faoliyati yoritib berilgan.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning mintaqaviy muammolarni hal qilishdagi roli tobora ortib bormoqda. Yaqinda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotidek nufuzli tuzilmaning Bosh kotibi vazifasiga kirishdi. Bu ham O‘zbekistonning mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda naqadar muhim o‘ringa ega ekanini ko‘rsatib turibdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki yarim yil ichida juda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu mintaqada to‘planib qolgan ko‘plab muammolarga yechim topishga olib keldi, – deydi yana bir Misrlik olim Ahmad Tarabik.
Misr – O‘zbekiston hamkorligi, ayniqsa ta’lim borasida erishilgan kelishuvlar har ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga va mamlakatlarimizning rivojlanish jarayoniga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishiga shubha yo‘q.
Tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi J.Najmiddinov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, professor Sh.Yovqochev bo‘lgan delegatsiyaning ishchi tashrifi bugun – 11 yanvarda o‘z nihoyasiga yetadi.
Abduxamid Muxtarov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
matbuot kotibi
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi