Alloh taologa hamdu sano, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salomlar bo‘lsin.
Ma’lumki, inson ko‘pincha o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, eshitgan narsalariga guvohlik beradi. Biz musulmonlar g‘aybga, shuningdek, Qiyomatda hisob- kitob qilinishimizga ham iymon keltirganmiz. Shu iymonimiz mustahkam, e’tiqodimiz kuchli bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy qo‘rqsak, hech kim yo‘q joyda, hech kim ko‘rmaydigan o‘rinlarda ham yomonlik qilishga iymonimiz yo‘l qo‘ymaydi. O‘g‘rilikdan, turli xil yomonliklardan, fahsh-yolg‘onchilik, g‘iybatu bo‘htonlardan qochadigan, hattoki, uning ko‘chasiga ham kirmaydigan bo‘lamiz. Bu qilayotgan amallarimiz “guvohlar” tomonidan yozib borilayotgani, oxiratda esa javob berish mas’uliyatidan xabardorligimizni anglaymiz.
Abdurahmon ibn Sa’saa’dan rivoyat qilinadi, u kishi Abu Said Xudriyning qaramog‘idagi yetim farzandi edi. Abu Said u kishiga: Ey o‘g‘ilcham, qachonki vodiylarda bo‘lsang baland ovozda azon aytgin, chunki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Uni (azonni) jin, ins, tosh va daraxt eshitib, eshitgani haqida albatta guvohlik beradi, deganlarini eshitganman, dedi..
Umayya Masjidul haromda farz namozini ado etib, mana bu yerda va yana bu yerda namoz o‘qidi. U namozini tugatgach, unga: “Ey Abu Umayya nima qilayapsan”, - deyishdi. U: “Men mana bu oyatni o‘qigan edim: “ya’ni: “Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar”. Shuning uchun Qiyomat kunida guvohlik bo‘lishini xohladim. U yana: “Yer uning uchun o‘z ustida namoz o‘qigani, zikr, tilovat (shu kabilarni) qilgani haqida guvohlik bergan kishiga yaxshilik bo‘lsin. Aksincha, Yer o‘z ustida zino qilgani, harom bo‘lgan ichimlik ichgani, o‘g‘rilik va shu kabilarni qilgani haqida guvohlik berilgan kishilarga “vayl” bo‘lsin, deb aytadi, dedi.
Xabarlarda kelishiga ko‘ra, albatta, (ey inson!) sening ustingda yettita guvohlik beruvchilar bordir: ular:
يومئذ تحدث اخبارها
ya’ni: “Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar” (Zalzala, 4)
يوم تشهد عليهم السنتهم
Ya’ni: “(U kun) ularning qilib o‘tgan ish (bo‘hton)lari bilan tillari guvohlik beradigan kundir (“Nur” 24).
و تكلمنا ايديهم وتشهد ارجلهم
ya’ni: “Bizga ularning qilib o‘tgan ishlari haqida qo‘llari so‘zlab, oyoqlari guvohlik berur” (“Yasin” 65).
Shirk va kufrda bo‘lgan bandalar Qiyomat kuni dunyoda qilgan qilmishlaridan tonib, tillari bilan noto‘g‘ri guvohlik berishga harakat qilishar ekan. Qo‘shnilari va qarindoshlari ularning mushrik bo‘lgani haqida guvohlik berishsa ham tan olishmas ekan. Alloh taolo ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yishga buyurib, qolgan a’zolari ularning kirdikorlarini birma-bir aytib, guvohlik berar ekan.
وانّ عليكم لحافظين
ya’ni: “Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (“Infitor”,10)
Oxiratda inson o‘zi qilgan yaxshi-yomon amallaridan so‘ralishi, bu dunyoda qilinadigan har bir ish-harakati insonning nomai a’moliga farishtalar tomonidan yozib turilishi haqdir.
هذا كتابنا ينطق عليكم بالحقّ
ya’ni: “Mana bu yozuvimiz (nomai a’molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat, Biz sizlarning qilib yurgan amallaringizni (ushbu nomai a’molga) ko‘chirib yurar edik (Josiya,29).
إلا كنّا عليكم شهودا
ya’ni: “Magaram, Biz sizlar ustingizdan guvohlik beruvchidurmiz”.
Ey Odam farzandi! Bir o‘ylab, chuqurroq fikr qilgin! Shuncha guvohlar yaxshilik va yomonliklarimizga guvohlik beradigan kun - Qiyomatda holimiz qanday bo‘larkan? Endi ko‘r ko‘zlarimizni kattaroq ochaylik, erta Qiyomatda tillarimiz muhrlanib, qo‘llarimiz so‘zlab, oyoqlarimiz guvohlik berganida Alloh taolo huzurida uyalib qolmaylik.
Bir avliyo zot muridlariga hech kim yo‘q joyda tovuq so‘yib kelishni buyuribdi. Hamma muridlari ovloq-hech kim yo‘q joyni topib, tovuqni so‘yib qaytibdilar. Bir muridi tovuqni ko‘targan holda: “Hech kim ko‘rmaydigan, hech kim guvohlik bermaydigan joyni topa olmadim” deb qaytib kelibdi. Natijada mana shu muridi o‘zining Alloh taologa bo‘lgan taqvosi bilan avliyo darajasiga ko‘tarilgan ekan. Mana bu holat ham bizlar uchun ibratlidir.
Ilohi! Barcha ishlarimizni avvalambor O‘zing ko‘rib turganingni, qolaversa, yuqorida zikr qilingan guvohlar hisob-kitob qilib turganini yodda tutib borishimizni, nomai a’mollarimiz o‘ng taraflaridan beriladigan bandalaring qatorida bo‘lishimizni nasibu ro‘zi qilgin! (omiyn).
Zarifa Mahkam qizi tayyorladi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida "Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishning dolzarb masalalari" mavzusida malaka oshirish o‘quv kurslari boshlandi.
Mazkur o‘quvlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Din ishlari boyicha qo‘mita hamkorligida tashkil etilmoqda.
Seminarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Matluba Qahhorova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi maslahatchisi Dilbar G‘ulomova, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etishdan maqsad Qo‘mita faoliyatini rivojlantirish, tizimda ishni to‘g‘ri va samarali tashkil etish, joylarda xotin-qizlar sohasidagi muammolarni yechish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tayinlangan mas’ul xodimlarning ko‘nikma va malakalarini oshirish maqsadi ko‘zlangan.
So‘zga chiqqanlar tomonidan xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani, bu esa jamiyatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshlagani, bundan buyon ham mazkur jarayon izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, malaka oshirish o‘quv kurslari 27 yanvargacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati