Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Guvohlar

10.01.2019   3172   5 min.
Guvohlar

Alloh  taologa hamdu sano, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga durudu salomlar bo‘lsin.

Ma’lumki, inson ko‘pincha o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, eshitgan narsalariga guvohlik beradi. Biz musulmonlar g‘aybga, shuningdek, Qiyomatda hisob- kitob qilinishimizga ham iymon keltirganmiz. Shu iymonimiz mustahkam, e’tiqodimiz kuchli bo‘lsa, Alloh  taolodan haqiqiy qo‘rqsak, hech kim yo‘q joyda, hech kim ko‘rmaydigan o‘rinlarda ham yomonlik qilishga  iymonimiz yo‘l qo‘ymaydi. O‘g‘rilikdan, turli xil yomonliklardan, fahsh-yolg‘onchilik, g‘iybatu bo‘htonlardan qochadigan, hattoki, uning ko‘chasiga ham kirmaydigan bo‘lamiz. Bu qilayotgan amallarimiz “guvohlar” tomonidan yozib borilayotgani, oxiratda esa javob berish mas’uliyatidan xabardorligimizni anglaymiz.

Abdurahmon ibn Sa’saa’dan rivoyat qilinadi, u kishi Abu Said Xudriyning qaramog‘idagi yetim farzandi edi. Abu Said u kishiga: Ey o‘g‘ilcham, qachonki vodiylarda bo‘lsang baland ovozda azon aytgin, chunki men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Uni (azonni) jin, ins, tosh va daraxt eshitib, eshitgani haqida albatta guvohlik beradi, deganlarini eshitganman, dedi..  

Umayya Masjidul haromda farz namozini ado etib,  mana bu yerda va yana bu yerda namoz o‘qidi. U namozini tugatgach, unga: “Ey Abu Umayya nima qilayapsan”, - deyishdi. U: “Men mana bu oyatni o‘qigan edim: “ya’ni: “Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar”. Shuning uchun Qiyomat kunida  guvohlik bo‘lishini xohladim. U yana: “Yer uning uchun o‘z ustida  namoz o‘qigani, zikr, tilovat  (shu kabilarni)  qilgani haqida guvohlik bergan kishiga yaxshilik bo‘lsin. Aksincha, Yer o‘z ustida  zino qilgani, harom bo‘lgan ichimlik ichgani, o‘g‘rilik va shu kabilarni qilgani haqida guvohlik berilgan kishilarga “vayl” bo‘lsin, deb aytadi, dedi.

Xabarlarda kelishiga ko‘ra, albatta, (ey inson!) sening ustingda yettita guvohlik beruvchilar bordir:  ular: 

  1. Makon: Alloh taolo so‘zi:

  يومئذ تحدث اخبارها

ya’ni: “Ana o‘sha kunda Yer o‘z xabarlarini so‘zlar” (Zalzala, 4)

  1. Zamon: Har kuni Kun nido qilar ekan: “Men yangi Kunman. Mana shu kunda qilingan amallarga men guvohlik beraman”.
  2. Til ham guvohlik berar ekan:

  يوم تشهد عليهم السنتهم 

Ya’ni: “(U kun) ularning qilib o‘tgan ish (bo‘hton)lari bilan tillari guvohlik beradigan kundir (“Nur” 24). 

  1. A’zolar.  

 و تكلمنا ايديهم وتشهد ارجلهم

ya’ni: “Bizga ularning qilib o‘tgan ishlari haqida qo‘llari so‘zlab, oyoqlari guvohlik berur” (“Yasin” 65).

Shirk va kufrda bo‘lgan bandalar Qiyomat kuni dunyoda qilgan qilmishlaridan tonib, tillari bilan noto‘g‘ri guvohlik berishga harakat qilishar ekan.  Qo‘shnilari va qarindoshlari ularning mushrik bo‘lgani haqida guvohlik berishsa ham tan olishmas ekan. Alloh taolo ularning og‘izlarini muhrlab qo‘yishga buyurib, qolgan a’zolari ularning kirdikorlarini birma-bir aytib, guvohlik berar ekan.

  1. Ikki farishta guvohlik beradi:

 وانّ عليكم لحافظين 

 ya’ni: “Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi  (farishtalar) bor. (“Infitor”,10)

Oxiratda inson o‘zi qilgan yaxshi-yomon amallaridan so‘ralishi, bu dunyoda qilinadigan har bir ish-harakati insonning nomai a’moliga farishtalar tomonidan yozib turilishi haqdir. 

  1. Devon - amallar yozib boriladigan kitob. Alloh taoloning so‘zi:

هذا كتابنا ينطق عليكم بالحقّ 

ya’ni:  “Mana bu yozuvimiz (nomai a’molingiz) sizlarga haqiqatni aytur. Darhaqiqat, Biz sizlarning qilib yurgan amallaringizni (ushbu nomai a’molga) ko‘chirib yurar edik (Josiya,29).  

  1. Rohman (ya’ni, Alloh taoloning O‘zi). Qur’onda karimda shunday deyilgan:

إلا كنّا عليكم شهودا  

ya’ni: “Magaram, Biz sizlar ustingizdan guvohlik beruvchidurmiz”.

Ey Odam farzandi! Bir o‘ylab, chuqurroq fikr qilgin! Shuncha guvohlar yaxshilik va yomonliklarimizga guvohlik beradigan kun - Qiyomatda holimiz qanday bo‘larkan? Endi ko‘r ko‘zlarimizni kattaroq ochaylik, erta Qiyomatda tillarimiz muhrlanib, qo‘llarimiz so‘zlab, oyoqlarimiz guvohlik berganida Alloh taolo huzurida uyalib qolmaylik.

Bir avliyo zot muridlariga hech kim yo‘q joyda tovuq so‘yib kelishni buyuribdi. Hamma muridlari ovloq-hech kim yo‘q joyni topib, tovuqni so‘yib qaytibdilar. Bir muridi tovuqni ko‘targan holda: “Hech kim ko‘rmaydigan, hech kim guvohlik bermaydigan joyni topa olmadim” deb  qaytib kelibdi. Natijada mana shu muridi o‘zining Alloh taologa bo‘lgan taqvosi bilan avliyo darajasiga ko‘tarilgan ekan. Mana bu holat ham bizlar uchun ibratlidir.

Ilohi! Barcha ishlarimizni avvalambor O‘zing ko‘rib turganingni, qolaversa, yuqorida zikr qilingan guvohlar hisob-kitob qilib turganini yodda tutib borishimizni, nomai a’mollarimiz o‘ng taraflaridan beriladigan bandalaring qatorida bo‘lishimizni nasibu ro‘zi qilgin! (omiyn).  

 

Zarifa Mahkam qizi tayyorladi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Har kimning Alloh sari o‘z eshigi bor…

22.01.2025   1557   7 min.
Har kimning Alloh sari o‘z eshigi bor…

عن أبي هريرة رضي الله عنه: عن النبي صلي الله عليه وسلم قال: مَن أنْفَقَ زَوْجَيْنِ في سَبيلِ اللَّهِ، دَعاهُ خَزَنَةُ الجَنَّةِ، كُلُّ خَزَنَةِ بابٍ: أيْ فُلُ هَلُمَّ، قالَ أبو بَكْرٍ: يا رَسولَ اللَّهِ، ذاكَ الذي لا تَوَى عليه، فقالَ النبيُّ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ: إنِّي لَأَرْجُو أنْ تَكُونَ منهمْ. رواه البخاري.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohning yo‘lida bir juft (narsa) nafaqa qilsa, uni jannat xozinlari chaqiradi. Har bir eshik xozini: “Ey falonchi, kel bu yoqqa”, (deydi)”, dedilar. Abu Bakr: “Yo Allohning Rasuli, zoye bo‘lmaydigan o‘sha ekan-ku”, dedi. Shunda Nabiy alayhissalom: “Sen ulardan bo‘lishingni umid qilaman”, dedilar.

Ushbu hadisi sharifda rahmat payg‘ambari Sayyidimiz Nabiy alayhissalom biz ummatni oson, ammo Alloh taoloning huzurida katta darajalarga, ajr-mukofotga yetkazadigan amalga buyuryaptilar. E’tibor bilan qaraladigan bo‘linsa, hadisi sharifda aytilayotgan amalni hammamiz har kuni qila olishimiz mumkin bo‘lgan amalki, hech birimiz Alloh taoloning fazl-u marhamatidan umidimizni so‘ndirmasak ham bo‘ladi.

Hadisi sharifda “bir juft”, deyildi. Bunda har qanday narsadan bir juftni tushunishgan ushbu hadisni sharhlagan ulamolarimiz. Bir juft kiyim, bir juft dirham, bir juft dinor, bir juft non, bir juft taom va hokazo. Insonga yordami tegishi mumkin bo‘lgan, unga foyda berishi mumkin bo‘lgan har qanday narsa tushuniladi. Demak, aynan qaysidir narsaning qanday turini infoq qilish shart emas. Kishi topganini musulmon birodariga ilinib uni sadaqa qilsa hadisi sharifda aytilayotgan va’daga yetishi aniq ekan. Qarang, ushbu hadisi sharifda zikr qilingan amalni ixlos bilan, yolg‘iz Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amalga oshiradigan bo‘lsak, jannatni hayotimizda doim uchraydigan, hamma ham qila oladigan, oddiy amal bilan qo‘lga kiritishimiz aniq ekan.

Savol tug‘iladiki, bu amalni bir marotaba qilsa kifoyami yoki doimiy shunday amalda bardavom bo‘lish kerakmi? Hadisi sharifdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, bu amalni bir marotaba yoki doim qilgan odamga ushbu va’da yetishi mumkinligini tushunamiz. Mana shunday amalda chin ixlos-la, Alloh taoloning roziligini maqsad qilib sobit bo‘lgan odamga qiyomat kuni har bir Jannat darvozasida turgan farishtalar uni ey, falonchi, bu yoqqa, kel, deya chaqirar ekan.

Boshqa hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kim Alloh yo‘lida ikki bor infoq qilsa-biror narsa sarflasa (yoki ma’nosi: Alloh yo‘lida ikki juft ot, tuya, eshak, dinor va hokazo sarflasa), jannat eshiklaridan biridan chaqiriladi: kim namoz ahlidan bo‘lsa, namoz eshigidan, kim jihod ahlidan bo‘lsa, jihod eshigidan, kim ro‘za ahlidan bo‘lsa, rayyon eshigidan, kim sadaqa ahlidan bo‘lsa, sadaqa eshigidan chaqiriladi”. Hazrat Abu Bakr roziyallohu anhu shunda: “Yo Alloh payg‘ambari, ota-onam sizga fido bo‘lsin, barcha eshiklardan kirish fazilati ham bo‘larmikan, biror kishi barcha eshiklardan ham chaqirilib qoladimi?” deb so‘radilar. Payg‘ambar alayhissalom: “Ha. Siz o‘shalardan bo‘lsangiz kerak”, deb javob berdilar.

Ulamolardan Ibn Abdul Barr rahimahulloh “At-Tamhid” nomli asarlarida (7/184-185 betlar) quyidagilarni aytadilar:

“Ushbu hadisdan olinadigan foydalardan biri shuki, Islom targ‘ib etgan amallarni bajarishda har kim ham hamma sohada ilg‘or bo‘lolmaydi, birida jonbozlik ko‘rsatsa, aksar hollarda boshqasidan mahrum qolishi mumkin, juda kam holatlarda bularning barchasi bir kishida to‘planadi, Abu Bakr roziyallohu anhu ana shunday nodir kishilardan edilar. Bu hadisda yana shunga dalolat borki, bir narsaga ko‘proq odatlangan kishi o‘shanga mansub etib qayd etiladi (albatta, bu yerda farzi ayndan tashqari bo‘lgan ibodatlar haqida gap ketmoqda). “Kim namoz ahlidan bo‘lsa”, degan so‘zlariga e’tibor bering, ya’ni, “kim namozdan ko‘paytirgan, ko‘p o‘qigan bo‘lsa” degani. Negaki, hamma ham namoz ahlidan ekani ma’lum. “Kim jihod ahlidan bo‘lsa”, “kim ro‘za ahlidan bo‘lsa” deganlari ham shu ma’noda.

Imom Molikning Abdulloh ibn Abdulaziz Umariy nomli zohid, obid kishiga aytgan so‘zlari ham shunga o‘xshab ketadi. Mazkur zohid bir kuni imom Molikni ko‘proq uzlatga da’vat etib, zikru namoz, amalni ko‘paytirishga, odamlar bilan hadeb o‘tiravermaslikka chaqirib xat yozadi. Imom Molikning unga javobi quyidagicha bo‘lgan edi: (Alloh taolo xuddi rizqlarni bo‘lib berganidek, amallarni ham taqsimlab qo‘ydi; ba’zilarga namozda g‘ayrat berilib, ro‘zada uncha berilmagan bo‘lsa, ayrimlar ro‘zada peshqadam bo‘lib, namozda bunday bo‘lmagan, yana boshqalar sadaqada jonbozlik ko‘rsatib, ro‘zada ilg‘or bo‘la olmagan, tag‘in birlar jihodda o‘rnak bo‘lib, namozda o‘rtahol bo‘lgan. Ilmni yoyib, undan ta’lim berish eng afzal ezgu amallardan hisoblanadi. Bu borada Alloh taolo menga berib qo‘yganiga roziman. Men qilayotgan ish siz qilayotgan amaldan quyi bo‘lmasa kerak, ikkimiz ham yaxshilik ustidamiz, deb umid qilaman)”.  Ibn Abdul Barrdan keltirilgan iqtibos tugadi.

Demak, hayotimizning jabhalari turlicha. Insonlar ham turli xil tabiat, turli xil qarash, turfa xillik bilan yaratilgan. Ularning dunyo qarashi, qiziqishi, biror bir narsaga bo‘lgan rag‘bati ham turli xil. Mana shularni juda yaxshi bilgan Robbimiz Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmat nabiysi sayyidimiz Muhammad alayhissalomning muborak tillari bilan bizga ta’lim berib aytyaptiki, barchangiz hayotning turli xil jabhalaridan yurib mening roziligimni istanglar, har kim o‘ziga muyassar qilingan amal ila mening roziligimni topishga harakat qilsin! Zero, sizlarning qay biringizni qay bir amali qabul qilinishini Mendan o‘zga hech kim bilmaydi. Sizlarni ko‘zingizga katta ko‘ringan amalni qabul qilmasligim, sizlarning nazdingizda kichik, haqir ko‘ringan amalni qabul qilib, undan rozi bo‘lishim hamda uni amalga oshirgan bandamni jannatimga kiritishim ham mumkin.

Azizlar! Dinimiz barchamizni amalga buyuradi. U katta bo‘lsin, kichik bo‘lsin, har qanday amalni ixlos, muhabbat va asosiysi Robbimiz azza va jallaning roziligini istagan holda amal qilishga  harakat qilishimiz lozimki, zero, Alloh taolo pokdir, pokni qabul qiladi. Alloh taolo barchamizni solih amallarda sobit qilsin! O‘zining roziligiga yetkazsin! Bizlarni nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlarga qovushtirsin! Omin!

Abdulloh Abdulg‘ofir,
TII “Aqoid va fiqhiy fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi.