Bugun, 9 yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Misr davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari al-Azhar Shayxi Ahmad Muhammad Toyyib janoblari bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Rustam Qosimov, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi rektori Shuhrat Yovqochev va al-Azhar majmuasining yirik ulamolari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan islohotlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, O‘zbekiston va Misr davlatlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot yakunida tomonlar al-Azhar majmuasi hamda O‘zbekistondagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi” imzoladilar.
Erishilgan kelishuvlarning mazmun-mohiyati to‘g‘risida saytimiz orqali yoritib boramiz.
Misr safari davom etmoqda.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati