Farzand insonga Alloh taolo tomonidan berilingan ulug‘ ne’matlarning biridir. Har bir ne’matning shukronasi bo‘lganidek, farzand ne’matining shukronasi esa har bir ota-ona farzandlariga chiroyli ta’lim-tarbiya va odob-axloq berishligidir.
Aslida ota-ona uchun farzandning kamolini ko‘rishdan ko‘ra kattaroq quvonch va baxt yo‘q. Shunday ekan, farzandlarini kamolot sari eltuvchi yo‘lga yo‘llash ularning vazifasidir.
Alloh taolo siz bilan bizga farzand ne’matini berganda katta xursandchilik bilan kutib oldik. Endi farzandlarimizni shunday tarbiya qilaylikki, hayotligimizda va hayotdan ko‘z yumganimizdan keyin ham bizga rahmat olib beradigan bo‘lsin.
Chunki farzand otaning siridir. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Biz odam bolalarini,(insonni) azizu mukarram qildik” – deb marhamat qiladi. (Isro, 70). Haqiqatdan ham, go‘dak yorug‘ dunyoga kelayotgandayoq, Alloh taolo unga juda bebaho ne’matlar ato etgan bo‘ladi. Keyin uni tarbiya qilib, asrab avaylab, voyaga yetkazish ota-onaning muqaddas burchi hisoblanadi. Inson irqi, millatidan qat’iy nazar, miysoq kunida Alloh taologa keltirgan azaliy iymon bilan tug‘iladi. Barchamizga ma’lumki, Al-miysoqda Odam alayhissalomdan to qiyomat kunigacha dunyoga keladigan insonlarning ruhlari saf tortib turganlarida, “Men sizlarning Robbingiz emasmanmi?” − deb so‘ragan. Shunda hammamiz bir ovozdan: “Imon keltirdik, tasdid etdik”, deya javob qilganmiz (A’rof, 172).
Masalan asalarini olaylik, uning ruhiga: “Qanotingni ochib, ucha boshlaganingdan to umringni oxirigacha bandalar uchun shifobaxsh ne’mat asal to‘playsan”, deb ilohiy tarbiyat berilgan. Asalari shu vazifani mukammal ado etadi, uyaga kiraverishda ikki qorovul har bir ishchi arini hidlab ko‘rayotganini kuzatamiz. Mabodo birortasi harom narsadan iste’mol qilgan bo‘lsa, o‘ng tarafdagi ari uni aniqlagach, chap tarafdagisiga ishora qiladi. U ham tasdiqlasa, bo‘ynini tishlab uzib yerga tashlab yuborishadi. Parvardigor, bandalarim harom yeb qo‘ymasinlar, aks holda, iymonlari zaiflashadi, bola chaqalarning tarbiyasiga putur yetadi, deb sizu bizga shunday ibrat maktabini yaratib qo‘ygan. Yoki endigina tuxumdan chiqqan ikki jo‘jaga e’tibor qiling, biri tovuq, ikkinchisi o‘rdak jo‘jasi. Ma’lum muddatdan so‘ng o‘rdak suvga intiladi, tovuq jo‘jasi esa quruqlikda qoladi. Ajabo, jo‘jalarga tuxumdan chiqiboq bu taxlit harakatni kim o‘rgatdi ekan? Albatta, bu butun borliqni yaratgan Allohni ishi.
Inson bolasining tarbiyasi tug‘ilgandan to so‘nggi nafasigacha davom etaveradi. Bolani Rasululloh s.a.v. va u zotning ahli baytlarining muhabbatiga, Qur’on tilovatiga odatlantirish ham imoniy tarbiyaning bir qismidir. Yosh bolalarga imoniy tarbiya berish davomida aqllari yetadigan so‘zlarni aytish lozimdir. Bir so‘z bilan aytganda Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi. Chunki inson unutuvchi, uning dushmani shayton esa unuttiruvchidir. Alloh taolo Qur’oni karimda qiyomat kuni har bir ne’mat xususida so‘ralishimizni marhamat qilgan. Farzand tarbiyasi borasida ham xuddi shunday. Ota-ona o‘z farzandining insonlar bilan xushmuomalada bo‘lishi, rostgo‘y, omonatdor, kattalarga hurmat va kichiklarga shafqatli bo‘lishi uchun mas’uldirlar. Farzandining yomon xulq va so‘zlardan, qabih ish va yomon odatlardan pok bo‘lishi uchun ham ota-ona javobgardir. Avlodlarimizni sog‘lom, aqlli, odobli qilib tarbiyalashimiz har birimizning muqaddas burchimizdir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash joizki, agar kishi o‘zi tarbiyalangan bo‘lmasa, farzandiga o‘zi o‘rnak bo‘lolmasa, aytgan gaplariga o‘zi amal qilmasa, u hech qanday natijaga erisha olmaydi.
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq, ma’naviy tarbiyaga alohida e’tibor berilmoqda. Farzandlarimizni yoshlikda jismoniy mehnatga ko‘niktirish, tanini sog‘lom qilib voyaga yetkazish, odob ahloqli, ma’rifatli qilib tarbiyalash, ozodalik, pokizalik, shaxsiy tozalik, ota-ona hurmati, Vatanga hurmat, e’tiqodining mustahkamligi, ayniqsa turli buzg‘unchi diniy oqimlarga aralashib, natijada noto‘g‘ri aqida bilan ongining zaharlanib qolmasligiga alohida e’tibor qaratmoq lozim. Yuqorida inson azizu mukarram qilib yaratilgani aytib o‘tildi. Inson nimasi bilan sharofatli, aziz bo‘ldi? Inson ilm sababidan sharofatli hisoblanadi. Bugungi kunda farzandlarimizni dunyoviy ilmlar sohibi va hunarli bo‘lishiga targ‘ib qilar ekanmiz, Hazrati Ali (karrama Allohu vajhahu.)ning: “Bolalaringizga kelajak davr ilmini o‘rgatingiz, chunki ular sizning davringizdan boshqa davrda dunyoga kelishadi” degan ko‘rsatmalarini eslash muhim. Shu o‘rinda Hazrati Navoiy bobomizning bir so‘zlarini keltirishni lozim topdim:
Urug‘ yerga tushib, chechak bo‘ldi,
qurt jondan kechib, ipak bo‘ldi.
Lola tuxumicha g‘ayrating yo‘qmi,
Ipak qurticha himmating yo‘qmi?
Bizlar ham farzand tarbiyalashda, Vatanga sadoqatli bo‘lib, elga beminnat xizmat qilishda g‘ayrat qilaylik va himmat ko‘rsataylik.
Ma’rufxon Aloxodjayev
Namangan shahar “Abdulqodir qori”
jome masjidi imom-xatibi
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati