Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Tartibli ilm olish barcha muammolarning yechimidir

25.07.2023   2233   12 min.
Tartibli ilm olish barcha muammolarning yechimidir

JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT

So‘nggi yillarda yurtimizda jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yangi bosqichga ko‘tarildi. Ilm‑ma’rifatni keng ommaga yoyish, turli nashrlar orqali diniy savodxonlikni oshishirish, islom ilmlarini tartibli ravishda o‘rganish bu borada qilinishi lozim bo‘lgan eng asosiy choralardan sanaladi.

Bugungi kunda musulmon jamiyatlardagi barcha muammolarning ildizi ilmsizlikka va ilm olish tartibi buzilishiga borib taqaladi. Bu haqiqatni turli misollar orqali yaqqol ko‘rish mumkin. 

Masalan, aqida ilmidagi ixtiloflarni oling. Xususan, Alloh taoloning ism-u sifatlari talqinidagi tushunmovchiliklarning asosiy sababi vosita ilmlardan bexabarlikdir. Boshqacha aytganda, ilmni tartib bilan o‘rganmaslik muammoning bosh sababidir. 

Ilmlar ikki tur bo‘ladi: maqsad qilingan ilmlar, vosita ilmlar. Misol uchun, til. Hech kim ajnabiy tilning o‘zini bilishni maqsad qilmaydi, balki o‘sha til boshqa bir ilmga vosita bo‘lgani uchun uni o‘rganadi. Informatika sohasini o‘zlashtirish uchun ingliz tilini, zamonaviy meditsinada mutaxassis bo‘lish uchun rus tilini o‘rganadi. Adabiyot fanidan maqsad butun boshli adabiyotlarni o‘rganib chiqish emas, balki ularni to‘g‘ri tushuna bilish, ulardan zavq olish malakasini hosil qilishdir va hokazo. 

Islomiy ilmlarni egallash uchun avvalo unga vosita bo‘lgan nahv-u sarf, balog‘at-u bayon, usul ilmlarini o‘rganish darkor. Aks holda, ilm kishini adashtirishi, eng kamida foyda bermaydigan omilga aylanishi turgan gap. Vosita ilmlarni puxta o‘zlashtirmagan odam maqsad qilingan ilmlarni o‘rganishda qiynalishi, yaxshi tushunmasligi, noto‘g‘ri anglashidan tashqari masalani noto‘g‘ri fahmlab olib, kamiga o‘zining jaholatini ilm bilib, ma’rifat ahlini inkor qilishi ham hech gapmas. Mana shuning o‘zi musulmonlar uchun eng katta kulfat hisoblanadi.

Lug‘at, balog‘at va bayon ilmlarini yaxshi o‘zlashtirmagan odam mutashobeh oyatlarni yuzaki tushunib olib, ixtilof chiqarishi tabiiy. Aqliy ilmlardan bexabarlik aqida va usuli fiqh ilmidagi toyilishlarga olib keladi. Zero, ulamolar ta’kidlaganlaridek, til qoidalari to‘g‘ri so‘zlashni o‘rgatib, nutqda xatoga yo‘l qo‘yishning oldini olgani kabi, aqliy ilmlar to‘g‘ri fikrlash qoidalarini bayon qilish orqali noto‘g‘ri mafkuralardan, oyat‑hadisdan xato xulosa olishdan kishini saqlashga xizmat qiladi.

Zamonamizdagi eng katta muammolardan biri ilmsiz ravishda fatvo aytish, ixtilofli masalalarni qo‘zg‘ab, odamlarni tashvishga solishdir. Buning asosiy sababi ham tartibsiz ilm tahsil qilishdir. Zero, fiqhni usuli fiqh va shariat maqsadlarini anglash yordamida fahmlamagan odam shariat ahkomlarini noto‘g‘ri tushunishi va tatbiq etishi ehtimoli yuqori.

Fatvo berish uchun esa mazkur ilmlarga ko‘shimcha ravishda, fatvoga oid alohida manbalarni o‘rganish, qoidalarini o‘zlashtirish darkor. Aks holda, kishi o‘zi bilib‑bilmagan holda Allohning shariatiga tuhmat qilib qo‘yishi hech gap emas.

Fatvo berishdagi eng muhim jihatlardan biri voqe’lik fiqhini bilishdir. Dinga to‘g‘ri amal qilish yoki uni to‘g‘ri tatbiq etish uchun shariat ahkomlarini bilishning o‘zi yetmaydi, balki voqe’likni chuqur anglash, uni shariat nazari bilan tahlil qila olish lozim. Ilmsiz fatvo berayotganlar esa bu kabi qoidalardan bexabar bo‘lishadi. Natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishlari turgan gap. 

Kishilarni islom ta’limotiga chaqirishdagi xatolar ham ayni paytdagi eng og‘riqlik nuqtalardan sanaladi. To‘g‘ri, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish har bir musulmonga farz. Biroq, bunda ham avvalo yetarli ilm bo‘lishi kerak. Zero, da’vat qilishda har bir holat uchun alohida yondashuv talab qilinadi. Buning ilmini egallash oson emas. Shuning uchun ham ko‘plab xalqaro Islom universitetlarida alohida “Da’vat fakulteti” ochilgan bo‘lib, ilm toliblari bu dargohlarda 4‑5 yil da’vat qilish sirlarini o‘rganadilar. 

Insonni ko‘proq tuyg‘ular boshqaradi. Tuyg‘ularning markazi esa qalbdir. Barcha yaxshilik va yomonlikning asl ildizi ham qalbda bo‘ladi. Qalb fiqhini bilmagan odam oq‑qorani tom ma’noda ajrata olmaydi. Qalbni tarbiya qilmaguncha shaxs yetishtirib bo‘lmaydi. Go‘zal xulq ham qalbda hosil bo‘ladi. Barcha jinoyatlarning asl negizi qalb kasalliklariga borib taqaladi. Xullas, qalblar isloh bo‘lmaguncha shaxslar va jamiyatlar isloh bo‘lmaydi. Qalblar esa ilm bilangina isloh topadi. Qalb ilmini tahsil qilishda tartibga rioya qilmagan odam eng kamida muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

Zuhd, taqvo tushunchalarini to‘g‘ri anglamagandan ayrim kishilar tarki dunyochilikka o‘tib ketadi. Shariat vojib degan tirikchilikni tashlab, boqibeg‘amlikni taqvo deb iddao qiladiganlar ham yo‘q emas. Ba’zilar shariat maqsadlarini bilmaganidan shar’iy ilmlar bilan cheklanib, o‘zlaricha zamonaviy fanlarni mensimay qo‘yadi, go‘yo bu ilmlar kerakmasdek ulardan yuz o‘giradi. Natijada hadisda Ibrohim alahissalomning bitiklaridan naql qilingan so‘z ‒ “Oqil kishi o‘zidan boshqadan ibrat oladi va zamonasini taniydigan bo‘ladi”, degan hikmatga zid ish qiladi. Bularning barchasi ilmni betartib olishning oqibatlaridan sanaladi.

So‘nggi ikki asrda shar’iy ilmlarni o‘zlashtirishni osonlashtirish, Qur’on va hadisni o‘rganishni yaqinlashtirish maqsadida olib borilgan harakatlar zimnida vosita ilmlarga e’tborsizlik, ba’zan esa ularni butkul tark etish yuzaga keldi. To‘g‘ri, vosita ilmlar bilan keradigan ortiq mashg‘ul bo‘lish maqsaddan chalg‘itadi va shuning uchun ham keyingi asrlarda ta’limni isloh qilish jarayonida bu ilmlardan bir yo‘la yuz o‘girishga intilishlar yuzaga keldi. Biroq bu ilmlardan bexabarlik qanchalar katta kulfatlarga olib borishini tajribalar ravshan ko‘rsatgach, vosita ilmlarni o‘z o‘rnida o‘zlashtirish zarur ekanini barcha birdek e’tirof etmoqda.

Asrlar osha tajribadan o‘tgan uslubga ko‘ra, fiqhni va usuli fiqh ilmini egallamay turib hukmga oid oyat va hadislarni o‘rganishga o‘tilmas edi. Qur’oni karim tafsirini o‘rganish esa islomiy ilmlarni tahsil qilish tartibida so‘ngi bosqichda amalga oshirilar edi. Aqida ilmiga kirishishdan oldin aqliy ilmlarning asoslari o‘rgatilgan. Bu tartiblar shunchaki, bekorchilikdan paydo bo‘lgan emas, balki islom ummatining eng katta darg‘alari chuqur ilm va tajriba ortidan islomiy ilmlarni to‘g‘ri anglash uchun ushbu tadrijiylik zarur degan xulosaga kelishgan va bu manhaj doimo o‘zini oqlagan. 

Aslini olganda ilmni tartib bilan olish barcha ilm‑fan tarmoqlariga oid qoidadir. Masalan, matematikani o‘rgatmay turib hech kim o‘quvchiga algebradan dars o‘tmaydi. Fizika fanini o‘qimagan odam materiallar qarshiligini, materiallar qarshiligi fanini o‘zlashtirmagan odam nazariy mexanikani tushunmaydi. Nazariy mexanika fanini o‘rganishda mazkur tartibga amal qilmagan odam jismoniy falokatlarga sabab bo‘lishi turgan gap. Biologiyani o‘qimay turib anatomiyadan dars o‘tgan kas, ularni o‘rganmay turib odamlarni davolashga kirishgan kimsa kishilarga hayot baxsh etuvchi tabib emas, balki kasallarni o‘ldiradigan jallodga aylanishi hech gap emas. Bu ro‘yxatni istagancha davom ettirish mumkin.

Gap shundaki, tabiiy fanlardagi tartib buzilishi oqibatida muammo chiqqanida hech kim aybni mazkur ilmlardan istamaydi, balki ta’lim noto‘g‘ri bo‘lganini e’tirof etadi. Biroq, diniy ilmlarni o‘rganish oqibatida yuzaga kelgan noqulayliklarda aybni darhol ilmga yopishtirishga, dinga to‘nkashga urinishadi, uni ta’qiqlashni istashadi. Aslini olganda tabiiy ilmlar ham, islomiy ilmlar ham bir manbadan ‒ ilohiy ilmdan sizib chiqqan bo‘lib, faqat biri tajriba bilan, ikkinchisi vahiy orqali o‘rganilgan. Bir manbadan taralgan bu ikki ilm tarmog‘i juda ko‘p jihatdan mushtarakdir. Jumladan, har ikkisida ham ta’lim tartibli bo‘lishi kerak, aks holda ularni o‘rgangan kishi bunyodkor emas, vayronkor bo‘lib qolishi mumkin. 

Afsuski, so‘nggi paytlarda ta’limni isloh qilish da’vosi bilan qilingan ilmiy harakatlarda asrlar osha o‘zini oqlab kelgan tartib turli vajlar bilan buzildi, buyuk qomusiy olimlarni yetishtirgan musulmon ta’lim manhaji chekkalatildi. Natijada, turli shahodatnomalar, unvonlar olgan, omma oldida dong taratgan voizlar, zohirparast da’vatchilar ko‘paydi‑yu, chuqur ilmga ega haqiqiy olimlar yo‘qolib bordi. Fuqaholarning oyat‑hadisni o‘rganishdagi uslublaridan bexabar holda Qur’on-u Sunnatni o‘rganishga kirishgan tolibi ilmlar faqihlarni Kitobu Sunnatga amal qilmaslikda ayblab, har biri o‘zicha mujtahid bo‘lib, yangi‑yangi mazhablarni paydo qila boshlashdi. Aqida ilmini aql va qalb qanoat hosil qiladigan tarzda talqin etish uchun joriy etilgan tartiblar buzilgach, aqiyda ilmining daholarini zalolatda deya iddao qiluvchi chalasavodlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek bolalab ketdi. Oqibatda ummat ichida jaholat yoyildi, turli buzg‘unchi fikrlar urchib, radikal va ekstremistik oqimlar ham yuzaga keldi. Bularning barchasi shar’iy ilmlarni chuqur o‘rganmaslik, tartib bilan o‘zlashtirmaslik natijasida kelib chiqdi.

Betartib ilm olish va chalasavodlikning eng katta kulfati shundaki, bunday beso‘naqay ilm olgan kishi o‘zining jaholatini ilm deb iddao etib, qaysarlik bilan haqni qabul qilmaydi. Bunday kishilar murakkab johil deyilishi bejiz emas. Ularni bahs‑munozara bilan ham to‘g‘rilash qiyin. Birdan‑bir davo ‒ tartibli ta’limdir.

Xulosa sifatida shuni aytish joizki, bugun musulmon jamiyatini isloh qilishning yagona yo‘li ‒ dunyoga barcha ilmlarda yetakchi bo‘lgan, ilm‑fanga, bashariyat tamadduni rivojida bemisl xizmat ko‘rsatgan ulug‘ ajdodlarimizning ilm olishda qo‘llagan tartiblarini qayta tiklashdir. Bundan boshqa to‘g‘ri chora yo‘q.

Ayrim tahlilchilar yoki siyosatchilar musulmonlarni zamon bilan hamnafas bo‘lishlari, to‘g‘ri tafakkurga ega bo‘lishlari uchun ularni din va diniy ilmdan uzoqlashtirishni yechim deb o‘ylashadi. Bu juda ham xato fikr ekanini bir necha jihatdan ko‘rsatish mumkin. Hayotning o‘zi bu uslubning yanglish ekanini namoyon qilmoqda. Balki boshqa din ahllarida bu uslub foyda keltirar, ammo musulmon jamiyati uchun aks natija berish turgan gap.

Inson mafkurasiz yashay olmaydi. Musulmonlarni butkul dinsiz qilish imkonsiz ish. Islom ularning o‘zliklariga aylangan. Ularni dindan uzish o‘zliklaridan ayirish bo‘lib, bu hol jamiyatning butkul tanazzuliga, boshqa xalqlarga singib yo‘q bo‘lib ketishiga olib boradi. Natijada jamiyat dunyoda o‘z o‘rnini topolmay, tanazzulga yuz tutadi. Bugungi dunyoda o‘z mavqeiga ega bo‘lishni istagan xalq asliyatini saqlashi lozim. 

Islom ahkomlari va aqidalari barchaga ochiq, hammaga ayon, uni ma’lum bir toifa o‘rtasida yashirib bo‘lmaydi. Binobarin, inson huquqlari ustuvor bo‘lgan zamonaviy jamiyatlarda musulmonlarni din hukmlarini bilishdan butkul to‘sish mumkin emas. Shariatni chala o‘rganish esa muammolarni hal qilish uyoqda tursin, yo‘q muammolarni keltirib chiqarishi aniq. Dinda g‘uluvga ketish, radikalizm va boshqa ko‘ngilsiz hodisalar aynan chalasavodlikning oqibatidir. Yagona chora ‒ tartibli ilm olishni keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yishdir.

Islomiy ilmlar tartib bilan o‘rganilsa, barcha ilmlar rivojlanadi, jamiyat pok ruhiyat bilan birga moddiy taraqqiyotga ham erishadi. Bu haqiqatni boshqalar bilmasa ham, biz tan olishimiz kerak. Zero, bunga shonli tariximiz yorqin misol, buyuk ajdodlarimiz jonli guvohdir.

Hadisi sharifda aytilganidek, bu ummatning avvali nima bilan isloh topgan bo‘lsa, oxiri ham shu omillar yordamida tuzaladi. Musulmon jamiyati qadimda qanday muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, o‘sha o‘tmish tajribalar bugun ham taraqqiyot asosi bo‘la oladi. Buning uchun islomiy ilmlarni tartibli ravishda o‘rganish va zamon talabida talqin etishni yo‘lga qo‘yish darkor.

Hasanxon ABDUMAJIDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi doktoranti

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

13.06.2025   14465   5 min.
Havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar

Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.

Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.

Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».

Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: Men ham qavmim tarafidaman, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: Qavmingni mening huzurimga yig‘, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.

U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.

Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar? dedilar. Ular yana: Alloh va Rasulidan minnatdormiz!, deyishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.

Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?-dedilar.

Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.

So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.

Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.

Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:

“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV