Ko‘k kit sut emizuvchilaridan bo‘lib, yer yuzidagi eng katta jonivor hisoblanadi. Uning uzunligi 33 metr, og‘irligi 150-170 tonna keladi.
Yuragining og‘irligi 600 kilogramm atrofida bo‘ladi.
Tilining og‘irligi 2 tonnaga yaqin. Ya’ni o‘rtacha kattalikdagi avtomobilga teng keladi.
Tomirlari shu qadar kattaki, ichidan inson yurib o‘tishi mumkin.
Ko‘k kit shunchalik katta bo‘lishiga qaramay, u uzunligi 5 sm keladigan kril nomli dengiz planktonlari (qisqichbaqa ko‘rinishidagi mayda jonzotlar) bilan oziqlanadi. Kit bir kunda 40 millionta kril iste’mol qiladi. Bu o‘rtacha 3 yarim tonnadan ortiq ozuqa degani.
Ko‘k kit 50 yildan ortiqroq umr ko‘radi. Odatda ular tabiiy sabablar, yirtqich baliqlar (kasatkalar va akulalar) jamoasining hujumlari, kemalarning borib urilishi, ummon suvining ifloslanishi va ularni ovlanishi natijasida o‘ladi. Oldinlari ovchilar uni yog‘i, go‘shti va boshqa mahsulotlar olish uchun ovlashgan. Hozirgi kunda bu jonivorni ovlash qonun bilan ta’qiqlangan.
Ko‘k kit ummonda soatiga 30 kilometr tezlikda suza oladi.
U ovqat izlab 500 metrgacha suv ostiga tushishi mumkin.
Urg‘ochi ko‘k kit har uch yilda bir marta bola tug‘adi. Uning homiladorlik davri 11-12 oyni tashkil etadi. Urg‘ochi ko‘k kit odatda faqit bitta jufti bilan yashaydi.
Ko‘k kitning yuragi 10 tonna qonni o‘tkazadi.
Kit yoshiga qarab turlicha nafas oladi. U tinch holatda bir daqiqada 1-4 marta nafas oladi. Uzunligi 18 metrli kit ikki daqiqada 5-10 marta nafas olsa, 22 yarim metrli kit 12,5 daqiqada 7-11 marta nafas oladi. Voyaga yetgan ko‘k kit bir daqiqada 3-6 marta nafas chiqaradi (havoni fontan ko‘rinishida otadi).
Hozirgi kunda dunyo ummonlarida taxminan 5000 tadan 12000 tagacha ko‘k kit qolgan.
Tasavvur qiling, agar insoniyat uzunligi 30 metr, og‘irligi 150 tonna bo‘lgan qurilma yasaydigan bo‘lsa, unga qancha olimlar, muhandislar, texnika, arifmetika, tortishish, bosim va hokazolarni yaxshi biladigan malakali mutaxassislar, mazkur qurilmani kerakli reja, jadval va dasturlar bilan jihozlaydigan mohir dasturchilar va mexaniklar kerak bo‘ladi. Qurilma tayyor bo‘lgach, uni ko‘tarish, joyidan jildirish, kerakli joyga olib borish uchun ko‘tarma kran, ko‘plab yuk mashinalari va texnikalar ovvora bo‘ladi.
Ammo Alloh taolo yaratgan, og‘irligi 150 tonnadan, uzunligi 30 metrdan oshiqroq bo‘lgan ushbu jonzot dengizda bemalol ov qiladi, yengil harakatlanadi, katta tezlikda, erkin suzadi. U yoqdan bu yoqqa oson ag‘dariladi, ummondan tashqariga sakrab chiqib, yana suvga sho‘ng‘iydi. Xullas kichkina baliq amalga oshiradigan ishlarni, harakatlarni ulkan ko‘k kit ham bemalol amalga oshira oladi.
Endi mana bu oyatga diqqat bilan e’tibor beraylik:
“Sen: “Osmonlaru yerning Robbi kim?” deb ayt. “Alloh”, degin. “O‘zingizga Undan o‘zga, o‘zlariga foyda yoki zararga ega bo‘lmagan valiylarni tutdingizmi?” degin. “Ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi barobar bo‘lurmi yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” degin. Yoki ular Allohga U yaratgan maxluqotlarga o‘xshash maxuqotlarni yaratganlarni sherik qilib oldilaru ularga yaratilgan maxluqotlarga o‘xshash ko‘rinmoqdami? “Barcha narsaning yaratuvchisi Allohdir. Va U birdir, Qahhordir”, degin” (Ra’d surasi, 16-oyat).
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV