U zot faqat Arabiston yarimoroliga yoki Osiyo qit’asiga emas, balki butun olamlarga rahmat edilar!
U zot alayhissalomning rahmatliklari hatto munofiqlargacha yetardi.
Habibimiz sollallohu alayhi vasallam eng yaxshi er, eng yaxshi ota, eng yaxshi amakivachcha, eng yaxshi o‘g‘il, eng yaxshi do‘st, eng yaxshi birodar va eng yaxshi Nabiy va Rasul edilar!
Ikki olam sarvari sollallohu alayhi vasallam ummatlariga eng ko‘p qayg‘urgan Payg‘ambar edilar!
Amr ibn Oss roziyallohu anhuning gaplari: «Musulmon bo‘lganimdan keyin u zotning ko‘zlariga, yuzlariga tikilib qaray olmaganman».
Abu Bakr roziyallohu anhuning gaplari: «Hayotligingizda qanday yoqimli, go‘zal bo‘lgan bo‘lsangiz, vafotingizdan keyin ham shunday yoqimli, go‘zalsiz».
Ilk qabr uning ustidan ochiladigan, shafoat izni beriladigan va jannat eshigi halqasini ilk qimirlatadigan zot.
Qur’onda maqtalgan barcha sifatlar ila ziynatlangan, Qur’onda yomonlangan barcha illatlardan eng uzoq turgan zot.
U zot alayhissalomning rahmatliklarini ifoda etgan mana bu voqeani keltirsam. Munofiqlarning raisi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul o‘lganda, u zot uning janozasiga bormoqchi bo‘lganlar. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu kelib, «Munofiqlarning raisiga janoza o‘qiysizmi, ey Rasululloh?» deb, yo‘llarini to‘sganlarida, sevikli Habibimiz sollallohu alayhi vasallam: «Menga (munofiqlar haqiga istig‘for aytish-aytmaslik borasida) ixtiyor berildi. Men istig‘for aytishni tanladim. Agar ular uchun yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytsam-u, Alloh ularni kechirishini bilganimda, ko‘proq aytgan bo‘lardim. Shuning uchun yo‘limni bo‘shatib qo‘y, ey Umar!» deganlar.
Nozimjon Iminjonov
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV