“Movarounnahr” nashriyoti yurtimiz musulmonlari e’tiboriga har yili ikki milliondan ortiq adaddagi gazeta va jurnal mahsulotlarini taqdim etib kelmoqda. Ushbu nashriyotda O‘zbekiston musulmonlari idorasining nashrlari - “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasi chop etiladi.
Chop etilgan mahsulotlarni o‘z vaqtida yurtimiz musulmonlariga yetib borishini ta’minlash tizimini yaxshilash maqsadida nashriyot tomonidan yetkazib beruvchi tadbirkorlik subyektlarini tanlash bo‘yicha tender e’lon qildi.
“Movarounnahr” nashriyoti 2019 yilda Toshkent shahar va Toshkent viloyatining shahar hamda tuman markaziy masjidlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va respublikamizning barcha viloyatlar markaziga arzon va tez yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lgan matbuot tarqatuvchi yuridik shaxslarni hamkorlik qilishga taklif etadi.
Tender 2019 yil 10 yanvar kuni soat 14:00 da “Movarounnahr” nashriyotida o‘tkaziladi.
Yetkazib beruvchiga qo‘yiladigan talablar:
“Hidoyat” jurnali har oyda bir marta 100 000 (bir yuz ming) dona;
“Mo‘minalar” jurnali har chorakda bir marta 50 000 (ellik ming)dona;
“Islom nuri” gazetasi har oyda ikki marta 40 000 (qirq ming) donani belgilangan manzillarga 48 (qirq sakkiz) soat ichida yetkazib berish.
Murojaat uchun telefon: +99871-227-34-30; +99871-240-08-23
Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».