Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Fevral, 2025   |   8 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:08
Quyosh
07:28
Peshin
12:42
Asr
16:05
Shom
17:50
Xufton
19:05
Bismillah
07 Fevral, 2025, 8 Sha`bon, 1446

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Fotima binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam.

7.01.2019   8134   4 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Fotima binti Muhammad sollallohu alayhi va sallam.

Hazrati Fotima roziyallohu anhoning tavalludi butun Makkada katta shov-shuv bo‘lgan bir voqea — Ka’baning qayta ta’mirlanish vaqtiga to‘g‘ri kelgan edi. O‘shanda Hajarul asvadni o‘z o‘rniga qo‘yish borasida kutilmagan ixtilof chiqadi. Masala shu darajada jiddiylashadiki, hatto qabilalar to‘rt kun mobaynida o‘zaro urushga tayyorgarlik ham ko‘radilar. Bu vaziyat Makka peshvolarini qayg‘uga soladi. Nima bo‘lsa ham, mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish lozim edi. Nihoyat, Umayya ibn Mug‘ira al-Mahzumiy shunday taklif bilan chiqdi: “Ey Quraysh ahli! Bu masalada oralaringizdan bir kishini hakam qilinglar. U esa bugun Masjid-ul Haramning darvozasidan kirib keladigan birinchi kishi bo‘lsin”. Bu taklif barchaga ma’qul tushadi va hayajon bilan kutish onlari boshlanadi. Bir ozdan keyin o‘ttiz besh yoshlardagi chehrasi nurli Muhammad Amin sollallohu alayhi va sallam kirib keladilar. U zotni ko‘rgan Quraysh ahli behad sevinadilar: “Mana, Abdulmuttalib o‘g‘li Abdullohning farzandi Muhammad Amin (sollallohu alayhi va sallam). Biz u beradigan har qanday qarorga rozimiz”. Hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallam mavzuni xotirjam tingladilar, mulohaza qildilar. So‘ngra ridolarini yerga soldilar. Hajarul asvadni uning ustiga qo‘yib: “Har qabilaninig raisi ushbu libosning bir uchidan ushlab ko‘tarsinlar”, dedilar. O‘zlari ham birga ko‘tarib borib muborak qo‘llari bilan toshni Ka’ba burchagiga joylashtirdilar. Bu xabar tez orada Makkaga yoyildi. Muammo xamirdan qil sug‘urgandek oson hal qilinib, Quraysh ahli Hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan benihoya mamnun bo‘ladi. O‘sha kuni Hazrati Muhammad sollallohu alayhi va sallam ko‘tarinki kayfiyatda uylariga kaytdilar va to‘rtinchi qizlarining tavalludi hushxabarini eshitadilar. Sevinchlariga sevinch qo‘shiladi. Qizlariga Fotimai Zahro deb ism qo‘yadilar. Fotima roziyallohu anho ham otalariga juda o‘xshar edi. Opasi Zaynab roziyallohu anhoning beg‘ubor sevgisi, mehr-muhabbati bilan voyaga yetdi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam qizlarining tarbiyasi, kamoli va farog‘ati uchun vaqt ajratib, ko‘pincha rohatlarni tark etar edilar. Hali kichkina bola bo‘lgani uchun Fotima roziyallohu anho ko‘chaga faqat otalari bilan birga chiqar edi. Doimo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yonlarida yurishi uning go‘zal axloq bilan hulqlanishiga sabab bo‘ldi. Xuddi shuningdek, u muhtarama zot, onalari hazrati Hadicha roziyallohu anho onamizdan ham juda ko‘p yaxshi xislat va fazilatlarni oldi. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga Hiro g‘orida vahiy nozil bo‘la boshlagan paytlarda Fotima roziyallohu anho endigina besh yoshga qadam qo‘ygan edi. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning suyukli qizlari otalarining hayotlaridagi tarixiy hodisaga shunday kichik yoshlarida shohid bo‘ldilar. Tabiiyki, bu saodatli voqealar u muhtaramalar tarbiyasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Makka mushriklarining musulmonlarga qilgan zulmlariga qarshi bo‘lgan Fotima roziyallohu anho aziyatlarni yengish uchun jon fido qilishga ham tayyor edi. Holbuki, u hali ojiza, kichkinagina bir kizcha edi. Islomga da’vatning dastlabki yillarida mo‘minlarga qilingan shafqatsizliklar, jumladan, Abu Tolib mahallasida Hoshim o‘g‘illari bilan birgaliqda o‘rab olinib, musulmonlarga ko‘rsatilgan turli azobu uqubatlar, ochlik Fotima roziyallohu anhoning sog‘lig‘iga qattiq ta’sir o‘tkazdi. Hayotining bahoridayoq shuncha tashvish, dard-alam ichida yana bir og‘ir imtihonga ro‘baro‘ bo‘ldi. Mushtipar onasi Hadicha roziyallohu anho foniy dunyoni tark etdilar. Hijratdan avvalgi o‘n uch yillik Makka hayoti haqiqatdan ham mo‘minlarga, xususan, Nabiy alayhissalomga juda og‘ir kechdi. Bu vaqt mobaynida Fotima roziyallohu anho turli voqea-hodisalarga guvoh bo‘ldi. Ko‘pchilik mo‘minlar qatori u ham Habashistonga hijrat qildi. Otalariga qilingan haqsizliklarni ko‘rib, ko‘p yig‘ladi. Hatto bir kuni Rasullulloh sollallohu alayhi va sallam Fotima roziyallohu anhoga: “Ey qizginam! Yig‘lama, albatta Alloh otangni ularning zararlaridan himoya qiladi”, dedilar. Hazrati Fotima roziyallohu anho onalarining o‘rnini bilintirmaslik uchun doimo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning yonlarida bo‘ldilar. Sarvari Olam sollallohu alayhi va sallam ham doim qizlariga mehr-shafqat ko‘rsatdilar. Shubhasiz, yosh Fotima roziyallohu anho bunday mehr-muhabbatga muhtoj edi. Davomi bor...


Saidabror Umarov

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Sahoba munofiq bo‘ldimi?

6.02.2025   1436   2 min.
Sahoba munofiq bo‘ldimi?

Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.

Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.

Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.

Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.

Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.

Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.

Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).

Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV