(Umra ibodatini ado etayotgan 102 yoshli onaxon bilan suhbat)
2019 yilning Yanvar oyida Surxondaryo viloyatidan Umra ziyoratiga kelgan Olimova Mamlakat ona aslida 102 yoshda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarda esa uning tug‘ilgan yili 1918 yil etib ko‘rsatilgan. Ziyoratda momosiga hamrohlik qilayotgan nabiralarining aytishicha, o‘sha davrlarda hujjatlashtirish ishlaridagi kamchiliklar sabab ikki yilga xatolik bilan qayd etilgan.
Mamlakat ona bundan o‘n yil muqaddam 92 yoshida ilk bor muborak Umra ibodatini ado etayotgan vaqtida yana o‘n yildan so‘ng Alloh taoloning aziz mehmoni bo‘lishini o‘ylaganmikin... Parvardigorning in’omi, mo‘jizasini qarangki, bunday yoshda hatto o‘z uyida zo‘r bazo‘r harakatlanishi mumkin bo‘lgan bir holatda bir bandasini tayyoraga, undan keyin avtobuslarga o‘tkazib minglab chaqirim nariga, O‘z Baytiga chorlab turibdi! Bu har bandaga ham nasib etavermaydigan ulug‘ saodat! Ziyorat davomida o‘zlarining mustahkam iymonlari, ibodatga bo‘lgan g‘ayratlari, dadil so‘zlari bilan hammani hayratga solayotgan mo‘tabar momo bilan suhbat qurib, duolarini olishga intildik.
Assalomu alaykum hoji ona! Tabarruk yoshda ado etayotgan ibodatlaringizni Alloh taolo xusni maqbul aylab, jannatlarga hujjat qilsin. Hayotingizda nima bilan mashg‘ul bo‘lgansiz, qanday joylarda faoliyat yuritgansiz?
- Vaalaykum assalom. Rahmat. Yoshlik davrimda kolxozda mehnat qilganman. Qiyin paytlarda ham ibodatdan qolmadik, namozimizni ado etdik, kishilarga yaxshilik qildik, Xudoga shukur. Turmush o‘rtog‘im Alloh rahmat qilsin, maktab qurgan, o‘sha maktabga uning nomi berilgan.
Onajon umrni albatta Alloh beradi. Biroq taqdirda bitilgan umrning qisqarishi yoki uzayishiga gohida bandaning o‘zi ham sababchi bo‘ladi. Aytingchi, bu muborak yoshga yetishishning siri nimada? Hayotinigizda ko‘proq nimalarga amal qildingiz?
- Mehnat qildim, xayru ehson, hammaga yaxshilik ulashishga harakat qildim. Ibodatdan uzulmadim.
Onajon shu yoshda Allohni baytiga ikkinchi bor kelib turibsiz. Bu hammaga ham nasib etavermaydigan saodat. Ayni paytda qalbingizdan qanday o‘ylar o‘tyapti?
- Men haqiqiy dunyoni, olamni shu joyda topdim. Rasululloh (solallohu alayhi vasallam) ni ravzalari, Kabani yana ko‘rdim. Ibodat qildim. Bu joy dunyo musulmonlarini jamlaydi, birdam qiladi, hamma bir-biriga tabassum bilan muomalada bo‘ladi. Alloh umr bersa Hajga ham kelaman.
Bugungi davr yoshlariga nimalarni tavsiya qilasiz, qanday nasihat qilasiz?
-Doim harakatda bo‘lishsin, ibodatdan uzulishmasin. Ko‘proq o‘qishsin. Diniy va dunyoviy bilimlarni yaxshi o‘rganishsin.Alloh hammalarini shu joylarga chaqirsin!
Hamrohlarining aytishicha, onaxon vafot etgan turmush o‘rtoqlari, ota-onalari uchun ham tavof qilibdilar (albatta arava yordamida). Buni qarang, farzand, qolaversa, soliha ayol 100 yoshdan oshganda ham o‘z burchini ado etmoqda... Subhanalloh!
Ha, hayot ibratlarga to‘la. Faqat undan xulosani qanday chiqara olamiz bu o‘zimizga bog‘liq... Alloh taolo barchamizga ana shunday uzoq va saodatli umrni nasib etsin.
Zoirjon Sodiqov suxbatlashdi
Makka shahri.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD