Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

“Alloh umr bersa Hajga ham kelaman”

7.01.2019   2553   3 min.
“Alloh umr bersa Hajga ham kelaman”

(Umra ibodatini ado etayotgan 102 yoshli onaxon bilan suhbat)

2019 yilning Yanvar oyida Surxondaryo viloyatidan Umra ziyoratiga kelgan Olimova Mamlakat ona aslida 102 yoshda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarda esa uning tug‘ilgan yili 1918 yil etib ko‘rsatilgan. Ziyoratda momosiga hamrohlik qilayotgan nabiralarining aytishicha, o‘sha davrlarda  hujjatlashtirish ishlaridagi kamchiliklar sabab ikki yilga xatolik bilan qayd etilgan.

Mamlakat ona bundan o‘n yil muqaddam 92 yoshida ilk bor muborak Umra ibodatini ado etayotgan vaqtida yana o‘n yildan so‘ng Alloh taoloning aziz mehmoni bo‘lishini o‘ylaganmikin... Parvardigorning in’omi, mo‘jizasini qarangki, bunday yoshda hatto o‘z uyida zo‘r bazo‘r harakatlanishi mumkin bo‘lgan bir holatda bir bandasini tayyoraga, undan keyin avtobuslarga o‘tkazib minglab chaqirim nariga,  O‘z Baytiga chorlab turibdi!  Bu har bandaga ham nasib etavermaydigan ulug‘ saodat! Ziyorat davomida o‘zlarining mustahkam iymonlari, ibodatga bo‘lgan g‘ayratlari, dadil so‘zlari bilan hammani hayratga solayotgan mo‘tabar momo bilan suhbat qurib, duolarini olishga intildik.

Assalomu alaykum hoji ona! Tabarruk yoshda ado etayotgan ibodatlaringizni Alloh taolo xusni maqbul aylab, jannatlarga hujjat qilsin. Hayotingizda nima bilan mashg‘ul bo‘lgansiz, qanday joylarda faoliyat yuritgansiz?

- Vaalaykum assalom. Rahmat. Yoshlik davrimda kolxozda mehnat qilganman. Qiyin paytlarda ham ibodatdan qolmadik, namozimizni ado etdik, kishilarga yaxshilik qildik, Xudoga shukur. Turmush o‘rtog‘im Alloh rahmat qilsin, maktab qurgan, o‘sha maktabga uning nomi berilgan.

Onajon umrni albatta Alloh beradi. Biroq taqdirda bitilgan umrning qisqarishi yoki uzayishiga gohida bandaning o‘zi ham sababchi bo‘ladi. Aytingchi, bu muborak yoshga yetishishning siri nimada? Hayotinigizda ko‘proq nimalarga amal qildingiz?

- Mehnat qildim, xayru ehson, hammaga yaxshilik ulashishga harakat qildim. Ibodatdan uzulmadim.

Onajon shu yoshda Allohni baytiga ikkinchi bor kelib turibsiz. Bu hammaga ham nasib etavermaydigan saodat. Ayni paytda qalbingizdan qanday o‘ylar o‘tyapti?

- Men haqiqiy dunyoni, olamni shu joyda topdim. Rasululloh (solallohu alayhi vasallam) ni ravzalari, Kabani yana ko‘rdim. Ibodat qildim. Bu joy dunyo musulmonlarini jamlaydi, birdam qiladi, hamma bir-biriga tabassum bilan muomalada bo‘ladi. Alloh umr bersa Hajga ham kelaman.

Bugungi davr yoshlariga nimalarni tavsiya qilasiz, qanday nasihat qilasiz?

-Doim harakatda bo‘lishsin, ibodatdan uzulishmasin. Ko‘proq o‘qishsin. Diniy va dunyoviy bilimlarni yaxshi o‘rganishsin.Alloh hammalarini shu joylarga chaqirsin!

Hamrohlarining aytishicha, onaxon vafot etgan turmush o‘rtoqlari, ota-onalari uchun ham tavof qilibdilar (albatta arava yordamida). Buni qarang, farzand, qolaversa, soliha ayol 100 yoshdan oshganda ham o‘z burchini ado etmoqda... Subhanalloh!

Ha, hayot ibratlarga to‘la. Faqat undan xulosani qanday chiqara olamiz bu o‘zimizga bog‘liq... Alloh taolo barchamizga ana shunday uzoq va saodatli umrni nasib etsin.

 

Zoirjon Sodiqov suxbatlashdi

Makka shahri.

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

"O‘rganadigan ilm" nima degani?

23.12.2024   1934   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.

Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...

Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan